Ultimate magazine theme for WordPress.

SAVDOGAR

30

Hikoya

Anton Pavlovich CHEXOV,
rus yozuvchisi

Andrey Andreyevich Sidorovga onasidan to‘rt ming so‘mlik meros qoldi. O‘ylab-o‘ylab bu pulga kitob do‘koni ochishga qaror qildi. Bunaqa do‘kon judayam zarur edi. Shahar odamlari jaholat va xurofot botqog‘iga botgandi; chollar faqat hammomga borishar, amaldorlar qartavozlikdan boshqani bilishmas, ochko‘zlik bilan aroqxo‘rlik qilishardi. Xonimlar g‘iybat bilan band; yoshlar g‘oyasiz, biror maqsadsiz yashar; qizlar ertadan kechgacha erga tegish haqida xayol surib, grechixa yormasi yeyishdan bo‘lak ishlari yo‘qdek edi. Erkaklar xotinlari huzuridan bo‘shamas, ko‘cha bo‘ylab esa cho‘chqalar izg‘ib yurardi.

“O‘yla, yana-da chuqurroq o‘yla! ‒ xayol surardi Andrey Andreyevich. ‒ Fikr qil!”

Nihoyat, do‘kon uchun yordamchi yolladi. Keyin Moskvaga borib, u yerdan juda ko‘p eski va yangi mualliflar kitoblarini, ko‘plab darsliklarni olib keldi hamda bu ezgulikning barini joy-joyiga terib qo‘ydi. Birinchi uch haftada xaridorlar umuman kelishmadi. Andrey Andreyevich peshtaxta orqasida o‘tirib, Mixaylovskiyni o‘qir va sog‘lom fikrlashga intilardi. Qachonki, uni, masalan, “hozir baliq bo‘tqasi yeb olsam, chakki bo‘lmasdi” degandek xohish-istaklar bexosdan qitiqlab qolsa, darhol: “Eh, qayerga keluvdim-a!” ‒ deya yuksak g‘oyalarni tutib qolishga urinardi.

Har kuni ertalab do‘konga ro‘mol o‘rab olgan, paypoqsiz oyog‘iga charm kalish kiygan qiz sovqotgancha hovliqib yugurib kiradi va deydi:

‒ Ikki tiyinga uksus bersangiz!

Andrey Andreyevich unga nafrat bilan javob qaytaradi:

‒ Adashib kiribsiz, xonim!

Uning oldiga og‘aynilaridan birortasi kelib qolgan paytda yuzini ma’nodor va sirli qilib ko‘rsatishga urinadi. Eng oxirgi tokchadan Pisarevning uchinchi tomini topib olib, changini puflab tozalaydi va bu bilan go‘yoki uning do‘konida yana nimalardir bor-u, faqat ko‘rsatishdan cho‘chiyotgandek qiyofaga kirib deydi:

‒ Ha, otaginam… Bu o‘zi bittagina, faqat senga aytdim, hech kimga emas… Ha… Qisqasi, azizim, aytib qo‘yay, yaqin orada qo‘ldan qo‘ymay o‘qib chiqsang, dunyoning sir-asroridan boxabar bo‘lasan… tushunyapsanmi, ha-a, shunaqa…

‒ Qara-ya, og‘ayni, xuddi oldingga uchib kirib-chiqib yurishmagandek!

Uch haftadan keyin birinchi xaridor keldi. Oqishga moyil, suzg‘ichlar bilan kelgan semiz bu janob qizil gardishli furajka kiygan, butun ko‘rinishi pomeshchik ekanini aytib turardi. U “Ona tili”ning ikkinchi qismini so‘radi.

‒ Sizda toshqalam ham yo‘qmikin-a? ‒ so‘radi u yana.

‒ Menda bo‘lmaydi-da…

‒ Esiz… Bo‘lsaydi-ya… Arzimagan narsa uchun bozorga borgim kelmaydi, axir…

“Chindan ham, toshqalam olmay bekor qilibman, ‒ o‘yladi Andrey Andreyevich xaridor ketgach. ‒ Bu yerda, viloyatda bir yoqlama ixtisoslashib bo‘lmaydi, ommani ma’rifatli qilishga aloqador hamma narsalarni sotaverish kerak, qanday bo‘lmasin, bunga imkon topish lozim”.

SAVDOGAR_2

U Moskvaga yozib yubordi va bir oy o‘tmasdan aynan uning do‘koni oynasida perolar, qalamlar, ruchkalar, o‘quvchilar daftarlari, toshtaxta va maktab uchun kerakli boshqa ashyolar ham ko‘rinib qoldi. Endi do‘konga onda-sonda o‘g‘il bolalar, qizchalar kela boshladi. Savdo biroz yurishib, hatto bir kunda bir so‘mu qirq tiyin pul tushirgan kun ham bo‘ldi.

Bir kuni charm kalish kiygan qiz shoshgancha uchib kirib keldi. Andrey Andreyevich unga nafrat bilan adashib kirganini aytish uchun og‘iz juftlagan edi, ammo u qichqirgudek dedi:

‒ Bir tiyinga qog‘oz va yetti tiyinga marka bera qol!

Shundan so‘ng Andrey Andreyevich pochtaga xos gerbli markalar, mavridi kelganda veksel (pul qarz olganlik haqidagi tilxat) ham olib kelib qo‘ydi. Sakkiz oy o‘tganda (do‘kon ochilgan kundan hisoblaganda) uning oldiga perolar xarid qilish uchun bir xonim keldi.

‒ Sizda, mabodo, gimnaziyachilar sumkasi ham bormi? ‒ so‘radi u.

‒ Afsus, xonim, bunaqasi yo‘q edi-ya!

‒ Eh, esizgina-ya! U holda menga ko‘rsating-chi, qanaqa qo‘g‘irchoqlaringiz bor, faqat arzonroq bo‘lsin.

‒ Xonim, qo‘g‘irchoq ham yo‘q edi-da!.. ‒ dedi qayg‘uga botib sotuvchi.

U uzoq o‘ylab o‘tirmay Moskvaga yozib yubordi, tez orada uning do‘konida sumkalar, qo‘g‘irchoqlar, barabanlar, qilichlar, garmonlar, koptoklar va turli xil o‘yinchoqlar ko‘rinib qoldi.

‒ Bularning bari arzimas narsalar! ‒ dedi u o‘z og‘aynilariga. ‒ Mana ko‘rasiz, men hali o‘quv qo‘llanmalar, aqlni charxlaydigan o‘yinlar tashkil qilaman! Menda, tushunyapsizmi, fanning nozik qirralarini tarqatishga asoslangan ta’lim-tarbiya bo‘limi bo‘ladi…

SAVDOGAR_3

U Moskvaga badantarbiya uchun toshlar, kraket, triktrak, bolalar bilyardi, bolalar uchun bog‘ anjomlari va o‘ntalik juda aqlli, bilimni oshiradigan ikkita o‘yin yozib yubordi. Undan keyinroq esa mahalliy aholi uning do‘koni yonidan o‘tib ketayotib, yuqori darajada mamnuniyat bilan ikkita velosipedni ko‘rib qolishdi: biri katta, keyingisi kichikroq. Savdo ham yuksalib ketdi. Ayniqsa, Rojdestvo bayrami arafasida savdo juda zo‘r bo‘ldi, chunki Andrey Andreyevich derazaga archa bezatuvchi narsalar sotilishi haqidagi e’lonni yopishtirib qo‘ygandi.

‒ Men bularga tozalik anjomlarini ham keltiraman, tushunyapsizmi, ‒ dedi u og‘aynilariga, qo‘llarini ishqalagancha. ‒ Faqat Moskvaga borib kelishimga imkon bersangiz bo‘lgani! Bundan keyin menda har qanaqasiga ilmiy takomillashgan suzg‘ichlar ham bo‘ladi, qisqasi, esingiz og‘ib qoladi. Fanni, otaginam, e’tiborsiz qoldirmoq mumkin emas. Yo‘-o‘q!

Savdodan ko‘p pul tushganda u Moskvaga ketdi va u yerdan naqd pul va kreditga bir yarim minglik har xil tovarlar sotib oldi. Bular ichida suzg‘ichlar ham, yozuv stollari uchun oliy sifatli chiroqlar ham, gitaralar, bolalar gigiyenik ishtonlari, so‘rg‘ichlar, charm ham¬yonlar, hayvonot dunyosiga xos jamlanmalargacha bor edi. Ayni damda u besh yuz so‘mga ko‘zni oladigan hayratomuz idish-tovoqlar sotib oldi va bundan quvonib ketdi, negaki, chiroyli narsalar nozik didni rivoj¬lantiradi, fe’l-atvorni muloyimlashtiradi.

Moskvadan uyga qaytgach, u yangi tovarlarni ochiq javon va peshtaxtalarga saranjomlashga tushdi. Eng yuqoridagi peshtaxtani tozalayotganda nimadir bo‘ldi-yu, javon bir necha bor tebranib ketdi va Mixaylovskiyning o‘n tomlik kitoblari bir-biriga urilib ag‘darildi. Bittasi uning boshiga urildi, qolganlari birin-ketin pastga, chiroqlar ustiga tushib ketdi, ikkita chiroq sindi.

‒ Har holda… qanday qilib ular qalin-qalin kitoblar yozishganikin-a! ‒ ming‘irladi Andrey Andreyevich, qashingancha.

U kitoblarning barini yig‘ishtirdi va arqon bilan mahkam bog‘lab, peshtaxta ostiga bekitdi. Shundan ikki kun o‘tib unga xabar berishdiki, baqqol qo‘shnisi qarindoshini qiynagani uchun aristonlar rotasiga hukm qilinibdi, shuning uchun uning baqqollik do‘koni ijaraga berilarkan. Andrey Andreye¬vich juda xursand bo‘ldi va do‘konni o‘zi olib qolishini bildirdi. Do‘konni sotib olgach tezda devor teshilib, eshik ochildi va ikkala do‘kon qo‘shilib bitta bo‘ldi, tovar bilan liq to‘ldi; do‘konning ikkinchi qismiga kirib yurgan xaridorlar odat bo‘lib qolganidan choy, shakar, kerosin kabilarni so‘rashardi, shunda sotuvchi ko‘p o‘ylab o‘tirmay baqqollik mollarini ham olib kelaverdi.

Hozirgi vaqtda ushbu qahramonimiz ‒ shaharda eng ko‘zga ko‘ringan savdogarlardan. U idishlar, tamaki, qatron, sovun, teshikkulcha, gazlama, attorlik va bo‘yoqchilik mollari, miltiqlar, charmlar va hatto go‘sht, xullas, yangi ish boshlagan paytida yetti uxlab tushiga kirmagan narsalarni ham qilt etmay sotadigan bo‘lib ketgan.

Aytishlaricha, u bozor ichkarisidan ijaraga yerto‘la olib, alohida “nomer”li oilaviy hammom ochish niyatida ekan. Kitoblar esa, ya’ni qachonlardir uning peshtaxtalarida yotgan kitoblar, shu jumladan, Pisaryovning uchinchi tomi ham allaqachon har pudi uchun bir so‘mu besh tiyinga sotilib ketgan.

Tug‘ilgan kun va nikoh to‘ylarida burungi oshna-og‘aynilar, qaysiki, endilikda Andrey Andreyevich mazax qilib ulug‘laydigan “amerikaliklar” ba’zan unga taraqqiyot haqida, adabiyot yoki oliy ta’limotdan gap ochishadi.

‒ Andrey Andreyevich, “Yevropa axborotnomasi”ning oxirgi sonini o‘qidingizmi? ‒ so‘rashadi undan.

‒ Yo‘g‘-a, o‘qimadi-im, ‒ javob beradi u, qalin zanjirchani o‘ynagancha ko‘z qisib qo‘yarkan. ‒ Buning bizga aloqasi yo‘q. Biz bundan ko‘ra ancha ma’qulroq ish bilan shug‘ullanamiz.

Rus tilidan Shahzoda HAKIMOVA tarjimasi

 

Ushbu sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.