Ultimate magazine theme for WordPress.

SO‘Z MUSAVVIRI

51

Gimnaziyada o‘qib yurgan kezlaridayoq Anton Chexovda Moskva universitetining tibbiyot bo‘limiga kirish niyati bo‘lgan. O‘zining qisqacha tarjimai holida yozishicha, adib qay tarzda tibbiyotni tanlagani ma’lum emas. Biroq bu tanlovdan aslo norizo bo‘lmaganini ta’kidlagan.

Moskva universitetiga Anton Chexov 1877 yilda o‘qishga kiradi va uni 1884 yilda tugatadi. Adibning ushbu maskanda o‘qigan vaqti uning tarjimai holidan bir lavha emas, balki shifokor, yozuvchi, qolaversa, inson sifatida shakllangan va rivojlangan davrining bir bosqichi hisoblanadi.

Nashriyotchi Suvoringa yozgan xatlarining birida shunday deyilgan: «Siz menga ikki quyon ortidan quvib bo‘lmasligini va tibbiyot haqida aslo fikrlamaslikni maslahat bergansiz. Bilmadim, amalda ham nega ikki quyon ortidan quvib bo‘lmas ekan, bo‘ladi. Ovchi itlar bo‘lsa kifoya… Bittamas, ikkita kasbim borligini anglaganimda o‘zimni tetik va mamnun his etaman. Tibbiyot mening qonuniy xotinim, adabiyot esa sevgilimdir. Biridan zeriksam, ikkinchisi bilan muloqotda bo‘laman. Albatta, bu biroz besarishtalik bo‘lishi mumkin, biroq zerikishga o‘rin qolmaydi. Yana bir gap, mening beqarorligimdan ular ikkalasi ham hech narsa yo‘qotmaydilar: «Tibbiyot va Adabiyot».

So‘z musavviri-1

Ko‘rib turganimizdek, Anton Chexov tibbiyot singari adabiyotga ham katta e’tibor qaratgan. Uning tibbiyotda to‘plagan bilimlari adabiyotda asqotganini alohida ta’kidlash mumkin. Adabiy ijodda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatoliklardan asrab, yaratilajak asarlari qahramonlarining ruhiy dunyosi va his-hayajonlarini to‘laqonli yoritishda ko‘mak bo‘lgan.

1881 yildan boshlab u Moskva viloyati, Zvenigorod uyezdining Voskresensk shahrida shifokorlik amaliyotini boshlaydi. Shahar chekkasida Chikinsk shifoxonasi bo‘lib, unga o‘sha paytdagi taniqli shifokor P. A. Arxangelskiy rahbarlik qilgan. Uning shifokorlik shuhrati shu darajada yuqori bo‘lganki, uning qo‘l ostida amaliyot o‘tashni so‘nggi bosqich talabalari bilan birgalikda yoshlar ham istashgan.

Yoshlarning bemorlarga bo‘lgan e’tiboridan, o‘z ishiga sadoqati va mehri sabab Arxangelskiy amaliyotchi-shifokorlarga to‘liq ishongan. Adibning omilkorligi, yuksak axloqiy xususiyatlari uni amaliyotchi talabalar orasida shifoxonada olib qolingan yagona boshlovchi shifokor darajasiga olib chiqoldi. Bu shifo maskani Chexovga dehqonlar bilan, ular xulq-atvori, qolaversa, tibbiyot xodimlari dunyosi bilan tanishishiga imkon yaratdi. Adibning ushbu taassurotlari shifokorlar va bemorlar ishtirokidagi asarlarida o‘z aksini topgan: «Qochoq», «Jonsiz tana», «Jarrohlik», «Qayg‘u», «Xizmat vazifalari bilan», «Noxushlik».

Voskresensk shifoxonasidan so‘ng Chexov Zvenigorodda va Babkino qishlog‘ida ishladi. Kunning yarmigacha u bemorlar qabuli bilan shug‘ullanar (kuniga 30-40), bundan tashqari, uyezd shifokori vazifasini bajararkan, tergovchilar bilan joylarga chiqar, mahalliy hokimiyat topshiriqlarini bajarar, sud eksperti sifatida qatnashar va boshqa yumushlarni bajarardi.

Turli voqealarga boy bu qaynoq hayot davomida u bo‘lg‘usi hikoyalariga mavzular to‘plab ulgurdi: «Albion qizi», «Nalim», «Jodugar», «Sirena».

1884 yili shifokorlik diplomini olgan Chexov, xonadoni eshigiga quyidagi yozuvni ilib qo‘ygan: «Doktor A. P. Chexov». U xonadoniga tashrif buyurgan bemorlarni davolagan, yotib qolgan og‘ir bemorlar xonadoniga borib, ularga beminnat xizmat ko‘rsatgan.

So‘z musavviri-2

1890 yilda Chexov Saxalin oroliga, surgun qilinganlarni davolash uchun jo‘nab ketadi. Saxalinda u aholini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan mashg‘ul bo‘ladi va 10.000 atrofidagi tibbiy ma’lumotlar to‘playdi. U oroldagi mahbuslar, aholi, qamoqxona nozirlari va amaldorlar haqida yetarlicha daliliy ma’lumotlar to‘playdi. Ham shifokor, ham adib sifatida Chexov mahbuslar va surgun qilingan aholining ayanchli turmush sharoitlarini, o‘sha tahlikali zamon qiyinchiliklarini ko‘rib, qalban his etib, ke-yinchalik bir ovozda uni barchaga ovoza etishni, birmuncha bo‘lsa-da, xo‘rlangan insonlar achchiq qismatiga malham bo‘lishni istayotgandi.

Hibsxonalar va undagi davolash, mahbuslarga xizmat ko‘rsatish maskanlari sanitar holati Chexovni g‘azablantirdi. Adibning «Saxalin oroli» nomli kitobi ana shu voqea-hodisalar jamlamasi hisoblanadi. Chexov shunday yozgan: «Tibbiyot meni vazifasizlikda ayblay olmaydi. Mening tibbiyotga hurmatim baland».

1891 yili Rossiyaning o‘rta hududlarida vabo kasalligi keng tarqala boshladi va Chexov epidemiyaga qarshi kurashda faol qatnashdi. Melixovoda o‘z xisobidan vrachlik shaxobchasi tashkil etib, bemorlarni davoladi.

Tan olish kerakki, shifokorlik Chexovni ba’zida toliqtirgan. Bu haqda u Suvoringa yo‘llagan maktublarida ko‘p bor ta’kidlagan: «Men yolg‘izman, negaki hayotimizdagi jamiki illatlarga tobim yo‘q. Doimiy ko‘chib yurishlar, surishtiruvlar, suhbatlar, mayda-chuyda tashvishlardan charchadim. Adabiyotni allaqachon tashlab qo‘yganman, men g‘arib va notovonman».

Tibbiyot adib Chexovga halal beryotgan edi, negaki yozish uchun na vaqt va na kuch qolgan. O‘z navbatida, tibbiyot adib ijodiga ko‘makchi bo‘lganini Chexovning o‘zi ta’kidlaydi. Shifokorlik inson ruhiyatini ilmiy nuqtai nazardan anglab yetishiga yordam bergan. Kasalligi tufayli 1898 yili Yaltaga ko‘chib o‘tgan Chexov shifokorlikni davom ettirolmaydi.

Tibbiy bilimlarning adib ijodiga ko‘rsatgan ijobiy ta’siri shubhasizdir. Tibbiy bilimlari Chexovga rus adabiyotida turfa qiyofadagi shifokorlar timsolini yaratishga imkon berdi: qo‘pol, dag‘al, badqovoq, befarq, beshafqat, bemehr, oqibatli, shirinso‘z, bilimdon va boshqalar. Uning hikoyalari shunchaki «Shifokor qaydnomalari» emas, balki yetilmagan – g‘o‘r jamiyatga qo‘yilgan tashxisdir. Barcha ijtimoiy tabaqalar ichki hayotini sinchkovlik bilan kuzatgan adib amaliyotchi-shifokor sifatida bu borada boy ma’lumotlar to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

Masalan, Ranevskaya gilos bog‘i taqdiri bilan bog‘liq yangiliklarni eshitganida uni hayajonli titroq bosaveradi. «Qora rohib»dagi Kovrinning xayoliy va real hayotiy tushunchalari ishonarli tarzda tasvirlangan. «Tutqanoq» hikoyasi va «Oltinchi palata» qissasida ham ushbu holat kuzatiladi. «Oltinchi palata» qissasida inqilobdan ilgarigi Rossiyaning chekka bir shaharchasidagi voqea-hodisalarni tasvirlaydi.

So‘z musavviri-3

Ushbu shaharcha shifoxonasi hududida ruhiy xastaliklar bo‘limi mavjud. Bu yerdagi bemorlar fe’l-atvoran dag‘al va qo‘rs qorovul Nikitaga biriktirilgan. Ushbu shaharcha, undagi hayot, shifoxona va oltinchi palatadagi bo‘layotgan voqea-hodisalarda kitobxon uchun o‘sha davrlardagi Rossiyada hukmronlik qilgan mustabid tuzumning xalqqa o‘tkazgan jabru-sitamlari ramziy tasvirlangan.

Chexovning «Oltinchi palata», «G‘ilof bandasi» va «Qora rohib» hikoyalari, shubhasiz, shuni isbotlaydiki, adibning tibbiyotdan boxabarligi va inson ruhiyatini anglab yetolgani unga inson ruhiy dunyosini chuqur va to‘laqonli tarzda tasvirlashiga yordam bergan.

Turgenev va Tolstoydan farqli o‘laroq, bemor holatini tasvirlayotgan Chexov hech qachon «maydakashlikdan» foydalanmagan. Xasta-bemor holatiga chizgilar berayotgan Chexov adabiyotga o‘zi tatbiq etgan, o‘zi xush ko‘rgan usuldan foydalanishni afzal bilgan.

U bemor holatiga monand tabiat manzarasini tasvirlash orqali uning xastalik darajasi, insoniy qiyofasi, qolaversa, jamiyatda tutgan o‘rniga ishora qiluvchi badiiy rang tasvirni berolgan. Adibning bu boradagi ustamonligini V. Yermilov quyidagicha izoxlaydi: «Chexov – ulug‘ so‘z musavviridir».

Turli yoshdagi oddiy kitobxonga tushunarli bo‘lishi uchun Chexov ushbu hikoyalarida turli ilmiy atamalardan emas, balki oddiy so‘z va iboralardan foydalangan. Adib Chexov va shifokor Chexovning adabiy mahorati ham shundan bo‘lsa kerak.

A.P.Chexovning tarjimai holi asosida
Rustam MAMATQULOV tayyorladi

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon Ataxanov.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.