Ultimate magazine theme for WordPress.

TARJIMA ADABIYOTINING TARG‘IBI VA MALAKALI TARJIMONLARNI TAYYORLASHNING DOLZARB MASLALARI

50

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga hamda o‘zbek adabiyoti durdonalarini chet tillarga tarjima qilish va nashr etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari” to‘g‘risida 2018 yil 18 maydagi 376-son qarorining qabul qilinishi ayni muddao bo‘ldi, adabiy jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘tmish tariximizga nazar tashlagudek bo‘lsak, tarjima adabiyoti vatan adabiyoti bilan vobasta taraqqiy etib kelmoqda. Tarjima amaliyoti va uning nazariy muammolari borasida ham boy tajribaga egamiz.

O‘tgan XX asr davomida tarjima asarlarining jug‘rofiyasi yanada kengaydi. Asr boshida adabiyot sahnasiga chiqqan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi adiblarimiz jahon adabiyotidan tarjima qilish tajribasini boshlab berdilar. Cho‘lpon qalamiga mansub Shekspirning “Hamlet”, Usmon Nosir o‘girgan Lermontovning “Demon” asarlari tarjimasi hanuzgacha o‘z qimmatini yo‘qotgani yo‘q.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Abdulla-Oripov

Ular ortidan adabiy jarayonga kirib kelgan Oybek, G‘.G‘ulom, A.Qahhor, M.Shayxzoda, Mirtemir, M.Ismoiliy singari qalamkashlar tarjima qilgan asarlar o‘zbek tarjimachiligining muhim yutuqlari sanaladi. Masalan, oradan sakson yil o‘tgan bo‘lsa-da, Oybek o‘girgan “Yevgeniy Onegin” romani hanuzgacha o‘quvchilarga manzur bo‘lib kelmoqda. Yoki, Erkin Vohidov qalamiga mansub Gyotening “Faust” fojiasi tarjimasi, Abdulla Oripov tomonidan o‘girilgan Dante “Ilohiy Komediya”sining “Do‘zax” kitobi, Ibrohim G‘afurov tarjima qilgan F.Dostoyevskiy va E.Xeminguey romanlari o‘tgan asr tarjima amaliyotining nodir nusxalari bo‘lib hisoblanadi.

Xullas, jahon adabiyotining nomdor adiblari asarlari tilimizga muntazam tarjima qilinib kelinmoqda. Ayniqsa, mustaqillik yillarida vatanimizda tarjima adabiyotiga e’tibor yanada ortdi. Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov tashabbusi bilan nashr yuzini ko‘rgan “Jahon adabiyoti” jurnali o‘tgan yigirma yil ichida xorijiy mamlakatlar adabiyoti bilan o‘zbek kitobxonini tanishtirishda muhim rol o‘ynab kelmoqda. Bu yillarda ustoz tarjimonlar Qodir Mirmuhammedov, Ibrohim G‘afurov, Jamol Kamol, Nizom Komilov, Muhammad Ali, Abdulla Sher, Yanglish Egamova, Mirpo‘lat Mirzo, Amir Fayzulla, Mirzaali Akbarovlarning shijoatli mehnati tufayli jahon adabiyotining o‘nlab namunalari kitob javonimizdan o‘rin oldi.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Abdulla-Qaxxor

Shu o‘rinda, ustoz tarjimon Ibrohim G‘afurovning F.M.Dostoyevskiy, F.Nitsshe, J.Joys, Ch.Aytmatov ijodidan qilgan tarjimalarini alohida ta’kidlab o‘tmoq lozim. Masalan, irland yozuvchisi Jeyms Joys qalamiga mansub “Uliss sarguzashtlari” romanining Ibrohim G‘afurov tomonidan tilimizga tarjima qilingani muhim voqea bo‘ldi. Qolaversa, adabiyot ahli buni “katta jasorat” deya baholashmoqda.

Eng quvonarlisi, so‘nggi yillarda bilvosita tarjima amaliyotidan bevosita tarjima amaliyotiga o‘tish davri boshlandi. Bevosita asliyatdan tarjima qilayotgan mahoratli tarjimonlarimizning mehnati ko‘zga ko‘rina boshladi. Masalan, Mirzaali Akbarov, Begoyim Xolbekova, Alisher Otaboyev, Oybek Ostonov, A’zam Obidov kabilar o‘z tarjimalari bilan jamoatchilikka yaxshi tanildilar. Keyingi paytda badiiy tarjimaga ishtiyoqi baland yoshlarning bo‘y ko‘rsata boshlagani kishida mamnuniyat hissini uyg‘otadi. Hilola Ro‘ziyeva, Qandilat Yusupova, Shahlo Obloqulova kabi iste’dod sohiblarining jahon adabiyotidan amalga oshirgan tarjimalari matbuot sahifalarida e’lon qilinmoqda.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Abdulla-Qodiriy

O‘zbek adabiyotining chet tillarga tarjimasi va xorijda o‘rganilishi tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu borada ham boy tajriba to‘plangan. Masalan, fransuz olimi Bartolemey d`Yerbelloning 1697 yil Parijda chop qilingan “Sharq kutubxonasi” (La Bibliotheque orientale) qomusida ilk daf’a o‘zbek mumtoz adabiyoti, xususan, hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti hamda ijodi haqida maqolalar berilgandi.

Shundan so‘ng yevropalik olimlar Navoiy, Bobur va Abulg‘ozixon ijodini o‘rganish, ular asarlarini fransuz, nemis va ingliz tillariga tarjima qilish bilan jiddiy shug‘ullana boshladilar. Natijada, hazrat Navoiy “Xamsa”siga kiruvchi ayrim dostonlar, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” va Abulg‘ozixonning “Shajarai turk” asarlarining fransuzcha, nemischa va inglizcha tarjimalari Yevropa bo‘ylab keng tarqaldi. Ular haqida tadqiqotlar yozildi.

O‘tgan XX asrda ham o‘zbek adabiyotidan xorijiy tillarga tarjima qilish an’analari davom etdi. Bu davrda tarjima amaliyotida asosan rus tili vositachilik vazifasini bajardi. Ya’ni, yetuk adiblarimiz Abdulla Qodiriy, Oybek, A.Qahhor, G‘.G‘ulom, Zulfiya, Sh.Rashidov, A.Muxtor, P.Qodirov, O.Yoqubov, E.Vohidov, A.Oripov asarlari dastlab rus tiliga, so‘ngra rus tilidan xorijiy tillarga tarjima qilindi. Bu tarjimalar nechog‘lik asliyatdan uzoq bo‘lmasin o‘zbek adabiyotini xorijda tanilishida muhim rol o‘ynadi.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Asqad-Muxtor

Mustaqilligimizning ilk davrida o‘zbek tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan o‘zbek tiliga bevosita tarjima amaliyotiga o‘tish borasida ham ilk qadamlar tashlandi. Jahon adabiyoti namunalarini bevosita asliyat tilidan tarjima qilishga dastlab Jamol Kamol, Abdulla Sher, Shavkat Rahmon, Yanglish Egamova, Amir Fayzulla,Tohir Qahhor, Mirzaali Akbarovlar kirishgan bo‘lsalar, endilikda ular izidan borayotgan tarjimonlar safi ortib bormoqda. Ayni paytda, xorijiy tillarni mukammal egallagan yoshlarimiz o‘zbek adabiyoti namunalarini ingliz, nemis, fransuz, xitoy, yapon, koreys tillariga tarjima qilishmoqdalar. Bu o‘rinda, albatta tarjimonlarimizning xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatayotganlari samarali natija berayapti. Bunga Nosir Qambarov, Begoyim Xolbekova, Oybek Ostonov, Ilhom To‘xtasinov, A’zam Obidov, Murodxon Ergashev kabi tarjimonlar faoliyatini misol keltirish mumkin.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Cho'lpon

So‘nggi yillarda bu tajriba O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand davlat chet tillar institutida keng joriy qilinmoqda. Masalan, tilshunos olim, O‘zDJTU professori Nosir Qambarov Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarini ingliz tiliga, professor Omon Mo‘minov va dotsent Ilhom To‘xtasinov Oybekning “Navoiy” romanini, Ilhom To‘xtasinov va I.Yo‘ldoshev G‘afur G‘ulomning “Shum bola” povesti hamda A.Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini o‘zbek tilidan bevosita ingliz tiliga tarjima qilishdi.

Shuningdek, tarjimon va shoira Begoyim Xolbekova Alisher Navoiyning 100 ta g‘azalini asliyatdan bevosita ingliz tiliga taglama tarjimalarini amalga oshirdi. Navoiy g‘azallaridagi ma’nolar xilma-xilligi, so‘z o‘yinlari va ilohiyotga oid so‘z va iboralarni ingliz o‘quvchisiga tushunarli bo‘lishi uchun tarjimon tagmatnda ularga izohlar bergan. Quvonarlisi shuki, I.Tuxtasinov va U.Yuldoshev tomonidan bajarilgan mazkur taglama tarjimalar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi tomonidan xorijlik ijodkorlarga tahrir uchun yuborildi. Masalan, ushbu ijod mahsuli, xususan, amerikalik olim va ijodkor Denis Deli qalbida ulug‘ bobomiz ijodiga bo‘lgan mehru muhabbatni yanada orttirdi.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Erkin-Voxidov

Albatta, adabiyotimizning bu kabi yirik va jiddiy namunalari tarjimalarini amalga oshirish, tahrir va nashrini ta’minlash oson kechmaydi. Tarjimalarni nashrga tayyorlashda xorijlik mutaxassislarning yordami kerak bo‘ldi. Masalan, I.To‘xtasinov va I.Yo‘ldoshev tomonidan bajarilgan Oybekning “Navoiy” romani va G‘.G‘ulomning “Shum bola” povesti tarjimalariga amerikalik olima Eliza Britten muharrirlik qildi. Natijada har ikkala tarjima ham muvaffaqqiyatli chiqqan. Shu o‘rinda, Buyuk Britaniyaning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Janob Kristofer Allan “UzReport” telekanaliga bergan intervyusida “Navoiy” romanining inglizcha tarjimasi haqida iliq so‘zlar aytib, kitobni o‘qirkan o‘zini Navoiy asriga tushib qolgandek his etganligini ta’kidlagandi. Yoki, “Shum bola” (A Naughty Boy) povestining inglizcha tarjimasini o‘qigan mutaxassislarning fikricha, tarjima matni bir qadar sodda, bolalar tiliga yaqin, undagi so‘z va iboralar izohtalab emas, degan fikrni aytishayapti. Shu kabi ijobiy bahoni “O‘tgan kunlar” romanining tarjimasi xususida ham aytish mumkin. Bu tarjimalarning sifati, yutuq va kamchiliklari xususida matbuotda fikrlar bildiriladi degan umiddamiz.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Mirzakalon-Ismoiliy

Shu kabi ijobiy bahoni so‘nggi yillarda tarjima sohasida faol ijod qilayotgan Shoazim Minovarov tajribasi xususida ham aytish mumkin. Fransuz tili va adabiyoti ilmini mukammal egallagan tarjimon dastavval Fransua Moriakning “Ilonlar changalida”, Monteskening “Fors nomalari” (hamkorlikda) romanlarini, Le Klezioning “Monde va boshqa hikoyalar”ini o‘zbek tiliga bevosita o‘girgan bo‘lsa, keyingi yillarda taniqli adibimiz Erkin A’zamning “Shovqin” romani va bir qator hikoyalarini o‘zbek tilidan fransuzchaga tarjima qilib Yevropaga tanitdi. Ushbu tarjima 2015 yil “Adieu aux contes de fées” (“Sehrli ertaklar bilan xayrlashuv”) nashr qilindi va Parijda YUNESKO qarorgohida uning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Yoki, yosh ist’edodli tarjimon Oybek Ostonov ham so‘nggi yillarda o‘zbek adabiyoti namunalarini nemis tiliga tarjima qilish borasida fidoyilik ko‘rsatmoqda. U G‘afur G‘ulomning “Shum bola”, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asarlarini, Abdulla Qahhor hikoyalarini nemis tiliga tarjima qildi. Bu tarjimalar ham olmoniyalik o‘quvchilar tarafidan iliq kutib olindi. Xulosa qilib aytganda, bizda ham jahon adabiyotidan o‘zbek tiliga, o‘zbek adabiyotidan xorijiy tillarga tarjima qilish borasida boy tajriba to‘plangan. Endigi vazifa, boy tajribaga tayanib, o‘zbek adabiyotining sara asarlarini chet tillarga, jahon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qiluvchi malakali tarjimonlarni tayyorlash, tarjima asarlarini targ‘ib qilish va ular tanqidini yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_G'afur-G'ulom

Shu o‘rinda, men tarjima amaliyotini “yuksak san’at” darajasiga ko‘tarish, tarjimashunoslik ilmini jahon andozasiga olib chiqish xususida o‘z takliflarimni bildirmoqchiman.

Bugungi kunda, jahon adabiyotidan o‘zbek tiliga va o‘zbek adabiyotidan xorijiy tillarga eng sara asarlarni tanlab tarjima qilish muhim ahamiyatga ega. Shu o‘rinda, avvalo, xorijiy tillarni mukammal biluvchi yosh tarjimon kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoq lozim bo‘ladi. Demak, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik va Samarqand davlat chet tillar instituti qoshidagi tarjimonlik fakultetlari faoliyatini tubdan yangilash, o‘quv va ilmiy rejalarini zamon talabiga moslashtirish zarur.

Bu ta’lim dargohlari o‘quv rejasiga Jahon adabiyoti tarixi, Adabiyot nazariyasi, Adabiyotlararo aloqalar, Badiiy matn tahlili, Tarjima nazariyasi va amaliyoti kabi fanlarni kiritish zarur. Ushbu fanlar yo‘nalishiga mos kafedralarni tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Ibrohim-G‘afurov

Yuqoridagi o‘quv maskanlari bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi o‘rtasida aloqani mustahkamlash: taniqli tarjimonlar, yozuvchi va olimlarni tarjimonlik fakultetlarida ma’ruza va amaliy darslarni o‘qishga jalb qilmoq kerak.

Respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan davlat nashriyotlarida tarjima adabiyoti tahririyatlarini tashkil etish, u yerda xorijiy tillarni biluvchi muharrirlarning ishlashiga sharoit yaratib berish zarur.

Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xorij elchixonalari bilan Yozuvchilar uyushmasi, nashriyot va jurnallar tahririyati o‘rtasida yaqin aloqa o‘rnatilsa, o‘zbek adabiyotini chet ellarda targ‘ib qilish, tarjimalarini chet tillarda nashr etishga keng imkon yaratilgan bo‘lardi.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Maqsud-Shayxzoda

“Jahon adabiyoti” jurnalining nashriga alohida e’tibor bermoq lozim. Unda pala-partish qilingan tarjimalarni chop etishni to‘xtatish, jurnalning yillik nashr rejasini puxta o‘ylab, jamoatchilik kengashining muhokamasidan o‘tkazgan holda amalga oshirish zarur. Shuningdek, jurnalda e’lon qilingan tarjimalarni baholovchi taqrizlarni matbuotda e’lon qilib borish, jurnalning o‘zida esa tarjima nazariyasining bugungi dolzarb muammolariga bag‘ishlangan maqolalarni chop etib borish ham maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ayni paytda o‘zbek adabiyotining eng sara asarlarini xorijiy tillarga tarjima va targ‘ib etish maqsadida “Jahon adabiyoti” jurnali kabi yangi nashr tashkil qilinsa, uning sonlarida navbatma-navbat ingliz, nemis, fransuz, xitoy, yapon, koreys tillariga qilingan tarjimalar e’lon qilinib borilsa nur ustiga a’lo bo‘lardi. Qolaversa, xorijiy tillarni mukammal egallagan yosh tarjimonlar uchun bu nashr mahorat maktabiga xam aylanardi.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Zulfiyaxonim

Keyingi yillarda bizda tarjima nazariyasi va tarjima tanqidi birmuncha oqsab qoldi. Masalan, Xalqaro tarjimonlar uyushmasi (FIT) bilan aloqamiz yo‘q, uning so‘nggi yillardagi faoliyatidan bexabarmiz. Shu o‘rinda Yozuvchilar uyushmasi tez orada FIT bilan yaqin aloqa o‘rnatsa ma’qul bo‘lardi. Bu tashkilotning xalqaro simpoziumlarida tarjimon va tarjimashunoslarimiz ishtirok etib borsa foydadan holi bo‘lmasdi.

Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi Respublika televideniyesi “Ma’naviyat va ma’rifat” kanali bilan hamkorlikda “Tarjima-yuksak san’at” mavzusida muntazam ko‘rsatuvlar tashkil qilib borishi zarur. Unda yetakchi tarjimon va tarjimashunoslarimiz ishtiroki ta’minlansa, xuddi shuningdek, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida davra suhbatlari uyushtirib borilsa ma’qul bo‘lardi.

Tarjima adabiyotining targ‘ibi_Oybek

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2018 yil 18 mayda “Jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga hamda o‘zbek adabiyoti durdonalarini chet tillariga tarjima qilish va nashr etish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari” to‘g‘risida qarorining ijrosini ta’minlash va amalga oshirish Respublikamizda tarjima amaliyotini yanada taraqqiy ettirish hamda tarjimashunoslik ilmini jahon andozasi talabi darajasiga ko‘tarish borasida muhim ahamiyat kasb etishi muqarrar, deb o‘ylayman.

Muhammadjon XOLBEKOV, SamDCHTI professori

Ushbu sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.