Ultimate magazine theme for WordPress.

“UNDIROYIN  DERMISIZ  YO SINDIROYIN  DERMISIZ?..”

57

Tasavvur qiling, siz tuman hokimining qarori bilan ajratilgan yerda g‘isht zavodi qurdingiz. Oradan o‘n yil o‘tib, qarorning “misi” chiqib qoldi. Ha, o‘sha katta tavakkalga borib, ming azob bilan boshlagan ishingiz “taqdiri” bir parcha qog‘ozda hal bo‘ldi-qo‘ydi. Alam qiladi, to‘g‘rimi?

Adolatsizlikka uchrayotgan tadbirkorlar mavzusi bugun yo kecha paydo bo‘layotgani yo‘q. Bu o‘tkir muammo oldin ham bo‘lgan, afsuski, bugun ham bor! Agar oddiy, ammo eng zarur haqiqatlarni teran tushunib olmasak, to‘g‘rirog‘i, mutasaddilar yaxshi anglamas ekan, ertaga ham davom etaveradi. Hammaga ma’lum jo‘n xulosa bor: tadbirkor davlatga jaraq-jaraq soliq, ishchisiga maoshini vaqtida to‘lab qo‘ysa oilalarda biz aytayotgan farovonlik, bozorlarda arzonchilik bo‘ladi…

Lekin, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ayrim lavhalardan seskanib tushasiz: “Falon tuman hokimining qarori sabab tadbirkor kasod bo‘ldi!”, “Tadbirkor hokimlik binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘ydi!” Bir necha yuz minglab tomoshabin yiqqan  videolavhalarning aksariyatida tadbirkorlarning arz-dodini eshitib, adolatsizlikdan charchagan qiyofalarini ko‘rganingda, soha rivoji uchun qabul qilinayotgan qaroru farmonlar hayotda o‘z aksini topmayatimi, degan shubhaga ham borib qolarkansan kishi…

Do‘ppini olib qo‘yib o‘ylasak, tadbirkorning davlatga ham, jamiyatga ham foydali tomonlari oydinlashaveradi. Biroq, hamma balo joylarda ayrim mutasaddilarning, tadbirkorlarga ola qarab, “tish qayrayotganida”.  Balki, o‘sha “kattakon”lar yetti o‘lchab bir kesmasdan, qog‘ozni shunchaki qoralab qo‘yayotgani yangi maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan davlatimiz siyosatiga tamoman zid bo‘layotganini nahotki bilishmasa?!

Fikrimizni g‘isht zavodi tashkil etgan uch tadbirkorning boshiga tushgan “aybsiz aybdor bo‘lish”dek g‘aroyib voqeani so‘zlab berish bilan davom ettirganimiz ma’qul.

Parkent tumani hokimi o‘tgan yilning 3 aprel sanasida “Universal g’isht savdo”, “Zebo-biznes”, “Turon torginveststroy” MChJlarga Bo‘ston qish­loq fuqarolar yig‘ini hududidagi zaxira yerdan pishgan g‘isht ishlab chiqarish zavodi qurilishi uchun yer maydonlari ajratish haqidagi avvalgi hokimlar tomonidan chiqarilgan qarorni bekor qiladi. Shu haqda qabul qilingan qarorga tuman prokuraturasi tomonidan 2019 yil 2 aprelda kiritilgan protest sabab bo‘ldi. Darvoqe, prokuror o‘z protestida yozishicha,  tadbirkorlarning “aybi” ularga yer maydoni ajratish uchun chiqarilgan qarorlarning “noto‘g‘ri” bo‘lganligida ekan. Ya’ni, har uchala tadbirkorga berilgan hujjatlar “Yer kodeksi”ning 6, 20, 87-moddalari hamda Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 15 iyundagi 282-sonli qaroriga zid ravishda qabul qilinganmish…

Gap-so‘z yo‘q: prokuratura idorasi qonun ustuvorligini ta’minlovchi nazorat organi bo‘lgani uchun kiritiladigan protestlarning kuchi, zalvori, adolatliligi ham shunga yarasha bo‘ladi. Shoshmashosharlik bilan shartta o‘z e’tirozlarini qoralab qo‘yadigan “ibtidoiy idora” emasligi bois qonunbuzarlar, kamchilikka yo‘l qo‘yganlarni oborib-obkeladi, terlatib-terlatib aqlini kiritib qo‘yadi…

Tadbirkorlar  yig‘lagan  kun

Ajabki, tuman prokuraturasi uch tadbirkorga yer maydoni ajratilgani noto‘g‘ri bo‘lganligi haqida bir kunda keltirgan protestlariga asosan tuman hokimi ertasi kuniyoq tegishli qarorlarini imzolaydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘sha kunni “tadbirkorlar yig‘lagan kun” desak ham bo‘laveradi.

Donolikka da’vo qilish niyatimiz yo‘q. Lekin, prokuror protestini yozishda ortiqcha riyozat chekmaganligi sudda ayon bo‘ldi-qoldi. Tadbirkorlar ham o‘z haq-huquqlarini ancha-muncha biladiganlar xilidan chiqib qolishdi. Ish boshlashda daromadini tikib bir tavakkal qilgan bo‘lsa, bu safar ham yana tavakkal qilishdi. Tezda kerakli hujjatlarni to‘plab, Parkent tumani Ma’muriy sudiga da’vo ariza kiritishdi. Sud muhokamalaridan ma’lum bo‘lishicha, uch tadbirkorga yer ajratishda “Yer kodeksi”ning 6, 20-moddalari talablariga rioya qilingan ekan. Bundan tashqari, protestda qonun normasining qaysi talablari buzilganligi aniq ko‘rsatib o‘tilmagani va isbot qiluvchi hujjatlar taqdim qilinmagani ham oydinlashdi.

Kulishingni ham, yig‘lashingni ham bilmaydigan jihati shundaki, keltirilgan protestda Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 15 iyundagi 282-sonli qaroriga zid ravishda tuman hokimi tomonidan qaror qabul qilinganligi ko‘rsatilgan. Biroq, ushbu qaror Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi 146-sonli qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan ekan…

Ana xolos… Bu yog‘i necha puldan tushdi? “Ostona hatlab kirishim bilan balolarga giriftor bo‘lib ketmaymanmi”, deb turgan ne-ne investorlarning iqtisodimizga pul tikishga ikkilanib turishganligining boisi shunday voqealar tufaylidir balki…

Mana shu ko‘rgiliklar boshlanganiga ikki yildan oshdi. Hali-hanuz tadbirkorlar sarson-sargardon bo‘lib yurishibdi. Idorama-idora chopaverib, faoliyatimizni qachon yo‘lga qo‘yamiz, degan savollariga hech qim quloq tutmayapti, yordam bermayapti. Bunday jumboqli vaziyatda xayolingizdan balki ayrim mutasaddilar g‘isht zavodlarining aholi salomatligiga qandaydir ta’siri bo‘lsa kerak, degan ikkilanishi muammoni hal etishga to‘sqinlik qilayotgandir, degan gap ham o‘tishi mumkin.   

Biroq, tadbirkorlarning qo‘lidagi taxlam-taxlam hujjatlar sinchiklab o‘rganilsa, ko‘ngilda tug‘ilgan ishtiboh tarqab ketishi turgan gap. Hujjatlar orasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat Ekologiya ekspertiza markazining tegishli xulosasi bor. Unda korxonalar faoliyatida laboratoriya tahlillari o‘tkazilganligi, tahlil natijasida atmosfera havosiga chiqariladigan tashlamalar me’yoridan ortmagani, korxona atrofida yashovchi aholiga ekologik tomondan salbiy ta’sir yo‘qligi qayd qilingan.

Savollar ortidan savollar chiqaveradi. O‘ylab ko‘ring, tadbirkorlarga yer maydoni qonuniy ajratilgan bo‘lsa, yaqin atrofdagi aholiga zavodning salbiy ta’siri bo‘lmasa, nega ularning faoliyati to‘xtab turibdi? Bunday chigallik kimga kerak? Tadbirkorlarning ishlamasligidan kimlar manfaatdor?

Hayotda hamma amal qilib keladigan oddiy tartib-tamoyil bor: muammoli vaziyat yuzaga kelsa, sabablar o‘rganilib, kim haq yo nohaqligi toshu taroziga qo‘yiladi. Natijada, haq tomon o‘z yo‘lida davom etaveradi. Bu mezon negadir ayni shu uch tadbirkorga kelganda ishlamay qolishi judayam ajablanarli…

“Yumaloq” xatlarning “dumaloq” natijasi

Bizni ajablantirgan savollarga javob olish maqsadida “Zebo-biznes” MChJ rahbari  Bahodir Avliyoqulov bilan suhbatlashdik.

– Zavodda 80 kishi ish bilan ta’minlangandi, – deydi u. – Salkam o‘n yildan buyon bir maromda, tinchgina ishlab kelayotgandik. Zavodimiz Parkent va Bo‘stonliq tumanlarining chegara qismida joylashgan. Faoliyatimiz qo‘shni tumandagi ayrim fuqarolarga yoqmay qoldi. Emishki, zavod ularning salomatligiga zararli bo‘lgan moddalarni chiqararkan.

Shu bois, 40 nafarga yaqin kishini ortidan ergashtirib yurgan kimsalar turli idoralarga shikoyat yozishdi. Ular bildirgan vajlar tegishli tashkilotlar tomonidan sinchiklab tekshirildi. Zavodimiz faoliyatining aholi salomatligiga zararli ta’siri aniqlanmadi. Shundan keyin ham janjalkash kimsalar jim bo‘lishmadi. Oqibatda faoliyatimizni 2017 yilning iyul oyi­da to‘xtatishga majbur bo‘ldik. Bunga ham qanoat qilmagan  bir guruh shaxslar omborxonamga o‘t qo‘yishgacha borishdi.

Ajablanarlisi, tuman mutasaddilari faoliyatimizni tiklashga amaliy yordam berish o‘rniga tomoshabin bo‘lib o‘tirishibdi. Yordam berishlarini so‘rab, bir necha marotaba qabulga bordim. Hech bo‘lmaganda tasalli berish o‘rniga, qo‘pollik qilishdi. Bu orada zavodimiz faoliyatida tekshir-tekshirlar boshlanib ketdi. Natijada, menga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bunga sabab, hududda narxi 240 million 8 ming 334 so‘mlik tuproqni qazib olishda tegishli litsenziya olmaganim bo‘ldi. Oxir-oqibat yaxshigina jarima ham to‘ladim. Roziman bunga. Omborxonamni yoqib yuborganlarga ham nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Lekin, kuyib kul bo‘lgan 174 million so‘mlik mahsulotimning zarari ayblanuvchilar tomonidan qoplanmasada, ularga qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo qo‘llanildi.

Shu ham adolatdanmi? Mana, hali-hanuz turli idoralardan yordam so‘rab yuribman. Bormagan joyim qolmadi hisob. Zavodimiz yaqinidagi “Aydarali” mahallasi raisi janjalkash fuqarolar bilan bizni murosaga keltirishi mumkin. Shu haqda bir necha marta yordam ham so‘radik. Hatto mahalla hududiga homiylik yordami ko‘rsatib, ko‘chalarni asfalt qilish, poliklinika ham qurib berishni va’da qildik. Biroq, urinishlarimiz besamar ketayapti.

Aytgancha, viloyat hokimi Rustam Xolmatovning qabulida ham bo‘lgandim. U kishi faoliyatimiz qonunlarga zid bo‘lmasa, yordam berishini aytgandi. Hozirgacha umidimizni uzganimiz yo‘q.

Qiziq, ko‘pchilik bo‘lib asossiz shikoyat xati yozilsa bo‘ldi, u natija beraveradimi? Masalani xolis, atroflicha o‘rganib, aholiga tushuntirish berish orqali hal qilsa bo‘lmaydimi?

Shu savollarimizga javob olish maqsadida “Aydarali” mahallasi raisi ­ Aybek Suyerov bilan bog‘landik. Ayni muammoning yechimi borasida mahalla raisi qanday pozitsiyada ekanini ham so‘radik. Mahalla raisining aytishicha, aholi bilan tadbirkorlarni murosaga keltirish uchun bir necha marta yig‘ilish o‘tkazgan ekan. Murosaga kelinmayotganining sababini esa: “Odamlar o‘layaptida”, degan o‘ta sovuq gap bilan izohladi. “Aynan shu g‘isht zavodlarining aholi salomatligiga zararli ta’siri aniqlanmagani haqidagi ekspertiza xulosalari borligini fuqarolarga tushuntirganmisiz?” degan savolimizga aniq javob ololmadik. “Muammoni qay tartibda hal qilish mumkinligi haqida taklifingiz bormi?” degan savolimizga esa: “Uzr, vaqtim yo‘q edi”, deb gapni qisqa qildi. Mahalla raisining bunday yuzaki javoblaridan qoniqmadik, albatta.

Mazkur g‘isht zavodlari shuncha muddat ishlamay turgani davlatga ham, jamiyatga ham zarar keltirayotganini tushunish qiyin emas. Masalan, birgina “Zebo-biznes” MChJ faoliyatini xomcho‘t qilib ko‘raylik. Birinchidan, mazkur zavodda ishlaydigan 80 kishi 2017 yilning iyul oyidan beri o‘rtacha bir yarim million so‘mdan oylik olmayapti.  Ishchilarga har oyda kamida 120 million so‘m maosh to‘langan. Bu mahalliy budjetga har oyda sal kam 30 million so‘m pul tushadi degani. Bundan tashqari, zavodning daromad solig‘i bir yilga 120-140 million so‘mni tashkil qilishini, hisob raqamidan aylanma mablag‘lar uchun to‘lanadigan bank xizmatlarini ham xomcho‘t qilsak yo‘qotilgan mablag‘lar oydinlashaveradi. Endi qolgan ikki zavod hisob-kitobini shu raqamlardan kam bo‘lmagan miqdorda chamalab ko‘ringchi? Bundan yutayotgan tomonni topa olmasligingiz aniq. 

Saylov  o‘tdi – ish bitdi… mi?

Turli tadbirlarda, keng jamoatchilik oldida Prezidentimizning xalqparvar va bag‘rikenglikka asoslangan siyosati haqida og‘iz to‘ldirib gaprishni qoyillatamiz. Ming bir tashbehlar bilan misollar keltiramiz. Lekin, ayrim muammolarni hal qilish egallab turgan lavozimimiz chekiga tushganini bilsakda, negadir jimmiz. Maqolada ko‘tarilgan muammoli vaziyatga barham berish, asossiz norozi bo‘lib yurgan fuqarolarga vaziyatni tushuntirish, hududga boshchilik qiladigan sektor mutasaddisiga tegishli vazifa, albatta.

Har holda, davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorida bu borada aniq ta’kid bor. Shunga qaramasdan Bo‘ston qishloq fuqarolar yig‘ini biriktirilgan sektor rahbari yuzaga kelgan vaziyatga qanday izoh berarkin?

Bundan tashqari, o‘tgan saylovlarda eng ko‘p ovoz olgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining mahalliy kengashdagi deputatlari ham shunday vaziyatlarda otni qamchilamasa, qachon qamchilaydi? Qamchilarmikin, o‘zi? Axir, aynan shu partiya vakillari o‘tgan saylovlar arafasida tadbirkorlarni himoya qilish haqida qop-qop va’dalarni berishmaganmidi? Mazkur partiya o‘z dasturida tadbirkorlar va ishbilarmonlar nomidan qudratli siyosiy kuchga birlashib, xalq hokimiyatining og‘zaki emas, amaliy kuchini ta’minlovchi mexanizmlarni mustahkamlash, parlament va jamoat nazoratining ta’sirchanligi da’vosida edi-ku?! Yoki saylov o‘tdi – ish bitdimi?

Mahalliy hokimiyat murosa yo‘lini izlash o‘rniga tadbirkorlarning faoliyatiga tegishli qarorlar bilan nuqta qo‘ygani aslida o‘rinli emasligi sudda ayon bo‘lganiga ham ancha vaqt o‘tdi. Nega tumanning to‘rtta sektor rahbari gapni bir joyga qo‘yib, muammoning yechimini topishga shoshilishmayapti? Anoyi bo‘lishni istamagan tadbirkorlar yana qancha vaqt yemagan somsasiga pul to‘laydi? Tadbirkorlar yana qachongacha tavakkal qilib yurishadi?

Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda bunday voqealarni eshitish nihoyatda og‘ir. Boshqacha aytganda, o‘z-o‘zimizni sharmanda qilish bilan barobar. Axir, shaxsan davlatimiz rahbari: “Biz uchun har bitta ish o‘rni muhim. Loaqal ikkita odamni ish bilan ta’minlagan tadbirkorni boshimizda ko‘tarishga tayyormiz. Chunki, insonning ish bilan ta’minlanishi uning oilasi farovon bo‘lishiga, ertasiga, davlatga ishonchi oshishiga asos bo‘ladi”, deya bejizga ta’kidlamagan edi.

Nahotki, Parkentda shu da’vatga “labbay”, deb javob beradigan bir mardum topilmasa?!

Aytgancha, tadbirkor Bahodir Avliyoqulovning so‘zlariga qaraganda tuman mutasaddilari orasida “Zavodingni buz, yo‘qol ket”, mazmunda tahdid qilganlari ham bo‘libdi. Shu bois, keyingi paytlarda joylarda mana shunday vaziyat o‘ta jiddiy tus ola boshlagani uchun hatto Prezident tomonidan hududlardagi rahbarlarga qat’iy  ogohlantirish berilganini eslatib o‘tishni ma’qul ko‘rdik.

Maqoladan murodimiz xolis: sarsonu sargardon yurgan tadbirkorlar qonuniy faoliyatini tezroq tiklasa. Albatta, bu tuman iqtisodiyoti rivojiga qisman bo‘lsada ulush qo‘shishi bilan birga ishsiz qolgan fuqarolarning turmushiga yana qayta to‘kinlik olib kirishi shubhasiz.

Muallif: Abdusalim MAHMUDOV
«Toshkent haqiqati»