Ultimate magazine theme for WordPress.

XORAZMSHOHLAR DAVLATI

19

Amudaryoning quyi o‘zanidagi keyinchalik Xiva xonligi paydo bo‘lgan hududda joylashgan Xorazm sug‘orma dehqonchilikning farovon o‘lkalaridan sanalardi. Sahro va cho‘llar uni tashqi olamdan uzib qo‘ygan edi, bu holat esa Xorazmga uzoq vaqt mobaynida mustaqil siyosat yuritish imkonini berdi. Xorazm Islom tarixida hijriy 93 yildan, Qutayba ibn Muslim yetakchiligidagi arab fotihlari kirib kelganidan e’tiboran tilga olina boshladi.

Hijriy to‘rtinchi asrda Amudaryoning so‘l sohilidagi Gurganj (Urganch) shahri katta iqtisodiy va siyosiy ahamiyat kasb etdi. O‘sha paytda u Sibir va Rusiya janubidan cho‘llar orqali keladigan karvon yo‘llarining so‘nggi bekati edi.

Mahalliy Ma’munlar sulolasi hijriy 385 yili Afrig‘iylarni ag‘darib, o‘ziga “xorazmshohlar” unvonini oldi. Ammo Ma’muniylar hukmronligi uzoq davom etmadi va Xorazm rasman Somoniylar qo‘l ostida qoldi. Hijriy 408 yili Mahmud G‘aznaviy Xorazmni o‘z saltanatiga qo‘shib olishga qaror qildi va Ma’muniylar hukmronligi nihoyasiga etdi. Taxminan yigirma yilcha Xorazmda g‘aznaviy hokimlar hukmronlik qilishdi.

Hijriy 432 yili Ismoil Xandon ibn Oltintosh hokimlik qilgan viloyat o‘g‘uz hukmdorlaridan, Sirdaryo sohilidagi Janda shahri hokimi Shoh Malik qo‘liga o‘tdi, ammo o‘sha yiliyoq Shoh Malikni saljuqiylar ag‘darib tashlashdi va Xorazmga o‘z hokimlarini tayinlay boshlashdi.

Hijriy 470 yillar atrofida Anushtegin Jarchoy Xorazm hokimi etib tayinlandi. U saljuqiylar sultoni Malikshoh saroyida hammomlar nazoratchisi vazifasida edi. U saljuqiylarning g‘aznaviylarga qarshi urushida ishtirok etdi. Urushda oldiniga saljuqiylar mag‘lubiyatga uchrashdi, keyinchalik esa, zafar qozonishdi. Bunda Anushteginning xizmati katta edi. Sulton Malikshoh minnatdorchilik ramzi sifatida unga Xorazm hukmronligini topshirdi. Anushtegin Xivada o‘z vazifasini bajarishga kirishdi va umri oxirigacha hokimlik qildi.

Hijriy 490 yili u vafot etganidan keyin hokimiyat qisqa muddatga turk voliylaridan Ekinchi ibn Qo‘chqor qo‘liga o‘tdi. Keyinroq viloyat hokimligiga Anushteginning o‘g‘li Qutbiddin bosh bo‘ldi. U tadbirli kishi edi, shu bois saljuqiylar sultoni Berka Yaruq uni Xorazm hokimligida qoldirib, uni shoh unvoni bilan sharafladi. Xuroson ustidan nazorat saljuqiylardan Sanjar qo‘liga o‘tgach, u ham Qutbiddinning vakolatini tasdiqladi.

Uning hukmronligi davrida Movarounnahrda Samarqand hokimi musulmon diniga to‘g‘ri kelmaydigan yovuzliklarni qildi. Shunda u qo‘lga olinib, qozilar mahkamasiga tortildi va o‘lim jazosiga hukm qilindi.

Hijriy 521 yili Qutbiddin o‘rnini uning o‘g‘li Otsiz egalladi. U boshda otasi siyosatini davom ettirdi, keyinchalik esa saljuqiylarga qaramlikdan qutilishga intila boshladi. Sulton Sanjar uni taxtdan chetlatdi, ammo ko‘p o‘tmay Otsiz Xorazm ustidan hukmronlikni qayta qo‘lga oldi. Hukmronligining oxirgi yillarida u qudratli podshohga aylandi, uning hukmronligi Fors va Xuzistondan tashqari musulmon dunyosining butun sharqiy o‘lkalariga yoyildi. Otsiz vafotidan keyin hijriy 551 yili uning o‘g‘li Il-Arslon hokimiyatga keldi. Uning hukmronligi davrida davlat chegaralari asta-sekin kengaya bordi, Xorazm osoyishta va gullab-yashnagan diyorga aylandi. Xorazmshohlardan Il-Arslon hijriy 567 yili vafot etdi.

Hukmdor vafotidan keyin taxtga uning norasida o‘g‘li Sultonshoh Muhammad o‘tirdi. Uning onasi o‘g‘li nomidan mamlakatni boshqardi. Lekin o‘sha yiliyoq Muhammadning akasi Alouddin Tekesh Xorazmda hokimiyatni qo‘lga oldi. Hijriy 590 yili saljuqiylarning Iroqdagi davlatini tugatdi, so‘nggi saljuqiy sulton To‘g‘rul Ikkinchi o‘ldirildi.

Hijriy 596 yili Tekesh o‘rnini uning o‘g‘li Alouddin Muhammad egalladi. 605 yili u Hirotni egalladi va g‘uriylardan G‘iyosiddin Mahmud bilan jang qildi. Mahmud mag‘lubiyatga uchrab, o‘ldirildi. Shundan keyin Muhammad Movarounnahr shimolidagi Xatiga bostirib borib, mahalliy qabilalarga qaqshatg‘ich zarba berdi. 611 yili u Kirmon, Mijron, Sindni egalladi, 612 yili esa G‘aznani qo‘lga kiritdi.

O‘z davlati chegaralarini xiyla kengaytirib olgan Alouddin Muhammad Islom olamida bir vaqtlar saljuqiylar egallagan martabaga da’vogar edi. U xalifa Nasrdan alohida maqom talab qildi, biroq u Muhammadning talabini qondirishdan bosh tortdi. Shunda Muhammad o‘z mamlakatida abbosiy xalifa Nasr nomini xutbaga qo‘shib o‘qishni taqiqladi, shialikni qabul etganini e’lon qildi va Ali ibn Abu Tolib avlodlaridan birini xalifa deb tan oldi. Shundan keyin u xalifa Nasrga qarshi yurish boshladi, biroq Bag‘dodgacha yetib borolmay, ortiga qaytdi.

Aynan Alouddin Muhammad oldiniga mo‘g‘ul savdogarlarni, keyinroq Chingizxon elchilarini o‘ldirishga farmon berib, mo‘g‘ullarning bostirib kirishiga sababchi bo‘ldi. Shu sababdan mo‘g‘ullar bosqini boshlanib ketdi va bu nafaqat xorazmshohlar davlati, balki butun Islom olamiga katta fojiaga aylandi. Alouddin Muhammad mo‘g‘ullarni to‘xtatib qololmadi va ular Xurosonga bostirib kirishdi. Xorazm shohi Kaspiy dengizidagi orollardan biriga qochishga majbur bo‘ldi va hijriy 617 yili o‘sha yerda vafot etdi. Uning o‘g‘li va merosxo‘ri Jaloliddin Manguberdi ham u bilan qochdi, Oradan ikki yil o‘tib Xorazmga qaytib keldi va mo‘g‘ullar bilan jang qildi. Ammo mag‘lubiyatga uchradi va qolgan-qutgan askarlari bilan Hindistonga qochdi. Bu gal mo‘g‘ullar uni ta’qib qilishga tushdi va Jaloliddin askarlaridan ko‘pi Hind daryosida cho‘kib ketdi.

Keyinchalik Jaloliddin Manguberdi Xorazmga qaytib, Gurganjni egalladi. U barcha musulmon hukmdorlarni mo‘g‘ullarga qarshi birga jang qilishga chorladi, ammo ular sarkarda da’vatiga javob qilishmadi. Shuni ham aytib o‘tish kerak-ki, Jaloliddining o‘zi ukasi G‘iyosiddin, abbosiy xalifa, Kirmon hokimi va turkmanlar bilan dushmanlik kayfiyatida edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Jaloliddin yana mo‘g‘ullardan yengildi va yana qochishga majbur bo‘ldi. U hijriy 629 yili Kurdistonda bir dehqon tomonidan o‘ldirildi. Quyida nomlari qayd etilgan shaxslar Xorazmshohlardan edilar: Alouddin Otsiz (521/1127-551/1156); Abul Fath Il-Arslon (551/1156-567/1172); Alouddin Tekesh (567/1172-596/1200); Alouddin Muhammad (596/1200-617/1220); Jaloliddin Manguberdi (617/1220-629/1231).

Oydin Orif o‘g‘li ALIZODA,
falsafa fanlari doktori (Boku)