Ultimate magazine theme for WordPress.

YOZUVCHINING HAYOT BILAN VIDOLASHUV MAKTUBI

26

Nobel mukofoti sohibi, kolumbiyalik adib
Gabriel Garsia MARKES

Bordiyu Rabbim bir lahzaga bo‘lsin meni unutganida edi, kamina shu kunga qadar hatto o‘ylashga ham botinolmagan fikrlarimni tahlil qilib, ularni sizga bemalol ochiqlardim. Ashyolarning moddiyatiga emas, balki ularning mohiyatiga e’tibor qaratgan bo‘lardim, oz uxlab ko‘p tush ko‘rib, uyqumning har daqiqasida oltmish soniya nurdan mosuvo ekanimni his qilib turardim.

Bir narsani angladim: inson sevmay qolgan kunidan qariy boshlar ekan. Shu hikmatning mag‘zini ertaroq chaqqanimda edi, hamma to‘xtagan paytda ham harakatlanishga o‘zimda kuch topgan bo‘lardim. Uyg‘oq bo‘lar edim hamma uxlayotganda…

O‘zgalar suhbatini tinglashni o‘rganib, shokoladli muzqaymoqdan zavq olishga butun honumonim bilan jahd etardim. Agar… agar Yaratgan faqiringizga yana biroz… ishoning, biroz umr tuhfa qilganida edi, men yupun kiyingan, quyoshga yuz burgan va nafaqat vujudimni, balki ruhimni ham butkul ozod etib yalang‘och qoldirgan bo‘lardim.

Yozuvchining-hayot-bilan-vidolashuv-maktubi-1

Yo Xudoyim, yana bir qalbim bo‘lsaydiki, uning suvaydosida pinhon tutganim – muqaddas gavharni zangor muzliklarning sahniga qo‘yar va unga oftob o‘z shu’lalarini to‘kishini kutgan bo‘lardim. Ko‘k yuzidagi Oyni, yulduzlaru Van Gog chizgan suratlarni tomosha qilardim, Benedetti she’rlarini o‘qirdim va serenadalar kuylardim. Ko‘z yoshlarim ila dala gullarini sug‘organ va tikanlarning o‘tkir tig‘larini nafaslarim ila his qilgancha qay bir jononning dudoqlaridek qirmizi atirgullarni lablarimni kuydirib o‘pgan bo‘lardim. Qodir egam, faqat bir nafaslik umr bersayding…

Bu kun tugab bitmasidan yaqinlarimga ularni behad sevishimni aytmog‘im kerak. Atrofimdagi barcha erkagu ayollarga siz mening eng yaqin insonimsiz, deb mehrimni izhor etardim… Va muhabbat ichra yashardim faqat. Erkaklarga keksaygach, sevgini keraksiz buyumday itqitishlari naqadar beburdlik ekanini, ular shu ko‘yi o‘zlarini, o‘z qalblarini ham zulmat botqog‘iga uloqtirayotganlarini ham anglatgan bo‘lardim. Bolalarga qanot berardim, ammo uchmoqni o‘zingiz mustaqil o‘rganing, derdim ularga. Eh, o‘lsam ham shunday o‘lsamki, o‘lim qolmasa bolalarga…

Yozuvchining-hayot-bilan-vidolashuv-maktubi-2

Keksalarga esa o‘lim qarilik emas, unutilish libosida tashrif buyurishidan xabar berardim. Ey odamlar, sizlardan shuncha narsa o‘rgandim, endi ularni o‘zingizga qaytib bermog‘im darkor.

Yangi tug‘ilgan chaqaloq otasining barmog‘ini ilk bor siqarkan, u uchun otasining bag‘ri koinotdek ko‘rinishini, umuman, juda ko‘p narsalarni bildim umr bo‘yi. Rost, menga ko‘p narsa o‘rgatdinglar, ammo… endi bularning menga ne foydasi bor? Chunki barcha bilganlarimni bu dunyoda qoldirib ketajagim xotiralar qutichasiga solib, ustidan qulflab qo‘ydim. Shu qadar ilojsiz, shu qadar ojiz… Endi o‘lsam bo‘lar?!

Mirzohid MUZAFFAR tarjimasi

Ushbu web-sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.

Комментарии закрыты.