Ultimate magazine theme for WordPress.

“ZAMONAMIZ QAHRAMONLARI”

28

O‘ZLIGINI SAQLAB QOLGAN ODAM

– Rus yozuvchisi Valentin Grigorevich Rasputin o‘zinig ijodiy yo‘lini Sibir gazetalarida jurnalist sifatida boshlagani ko‘pchilikka ma’lum. Shunday bo‘lsa-da, siz o‘qituvchi bo‘lmoq niyatida Irkutsk universitetining tarix-filologiya fakultetiga o‘qishga kirgansiz…

– Katta kurslarda o‘qib yurganimdayoq amaliyotni o‘tagandim – Irkutsk maktabida adabiyotdan dars berganman. Lekin taxminan o‘sha yillari yoshlar gazetasining shtatdan tashqari muxbiri bo‘lishga ulgurgandim. Shu tariqa jurnalistika o‘ziga tortib ketdi. O‘sha davr, ya’ni Abakan–Tayshet magistrali, gidroelektrostansiyalar, Irkutsk, Bratsk zavodlarining qurilishi jamiyatga g‘uluv solgan, ko‘p¬lab dolzarb masalalarni o‘rtaga tashlagandi.

– Ocherklaringiz katta qiziqish uyg‘otib, ko‘p marotaba chop etilgan, alohida kitob holida ham nashrdan chiqqan: “Yangi shaharlar gulxanlari”, “Ayiq terisi sotiladi”, “Samo biqinidagi o‘lka” va b. Ocherklar ortidan hikoyalar, hikoyalar to‘plamlari, “Mariyaga pul kerak”, “So‘nggi muhlat”, “Omon bo‘lsang, unutma” qissalaringiz ketma-ket e’lon qilindi. Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldingiz. “Alvido, Matyora!” qissangiz-ku sizni elning suyukli yozuvchisi hamda butun dunyoga mashhur adib maqomiga olib chiqdi. Shular bilan bir qatorda, maktabga, ta’limga e’tibor hayotingizning bir qismiga aylangan.

– Menga o‘qituvchilar tez-tez yozib turadilar. Ularning sharofati bilan maktablarimizdagi ahvolni – zamonaviy tendensiyadan tortib eng yig‘lagudek holatlargacha – bilib turaman. Eng pok vijdonli o‘qituvchilarimiz sifatida Tayshet, Krasnoyarsk, Moskva viloyatidagilarni ko‘rsatishim mumkin. Ular taqiqlarga qaramay, o‘quvchilarga rus tili, adabiyotdan qo‘shimcha saboq bermoqdalar.

– O‘tgan asrga oid ta’limdan nimalarni hozirgi kunga tadbiq etgan bo‘lardingiz?

– Ko‘p jihatlarni. Menga, masalan, gumanitar fanlar yaqin. Kamoli ishonch bilan aytishim mumkin – bizning davrda adabiyot, ona tili, tarix yuqori saviyada o‘tilgan. Birgina yoddan o‘qishni olaylik, axir, matn siz bilan, ichingizda yashar ekan, bu ham xotirani mustahkamlaydi, ham bilim boyligingizni oshiradi, ham qalbni yuksaltiradi.

– Boshlang‘ich maktabdan so‘ng “Fransuz tili saboqlari” hikoyangizda tasvirlangan maktab-internatga o‘tgan ekansiz. O‘sha o‘qituvchi, Lidiya Mixaylovnaning timsoli ham…

– U kishi bilan g‘aroyib voqea yuz bergan. Hikoya e’lon qilingan 1973 yili Lidiya Mixaylovna qayerda yashashini bilmasdim. “Fransuz tili saboqlari” nashr etilishi arafasida hamyurtim va yaqin og‘aynim rahmatli Aleksandr Valentinovich Vampilovning qirqini o‘tkazatgandik. Sashaning o‘zi ham o‘qituvchilar oilasidan edi. Hikoyani uning onasiga, marhuma Anastasiya Prokopevna Kopilova-Vampilovaga bag‘ishlagandim. Keyinchalik hikoya chet tillariga o‘girilib, xorijda, jumladan, Fransiyada nashr etildi. Kitobni do‘konda Lidiya Mixaylovnaning o‘zi ko‘rib qolibdi. U kishi taqdir taqozosi bilan Fransiyaga borib qolgandi, sobiq o‘quvchisi yozuvchi bo‘lganini, o‘zi haqida hikoya yozganini bilmasdi. Hikoyani o‘qib, Lidiya Mixaylovna menga maktub bitgan.

– Ha… “Fransuz tili saboqlari” fransuz tilida. Hikoya ichida hikoya-ku bu. Men bir qancha pedagoglarni bilaman: sizning Lidiya Mixaylovnangiz rus o‘qituvchisining qadr-qimmatini yodda tutishga ko‘mak beradigan obrazlar galereyasidan joy olgan. Endi bugungi kunga kelib gohida o‘qituvchining o‘rnini bosayotgan televideniye, Internetga doir savolga o‘tsak…

– Men sal alomatroq odamman – boshidan beri televideniyega hushim yo‘q. Hatto u “binoyidek” bo‘lganda ham yoqtirmaganman. “Tayyorga ayyor” bo‘lishni jinim suymaydi. Spektakl¬ni teatrda tomosha qilish, kitobni do‘stlar bilan muhokama qilish, futbol uchun esa stadionga borish zarur. Bir joydan jilmasdan bir necha soat davomida bir burchakka tikilgancha, to‘kib berganini iste’mol qilaverish, fahmimcha, o‘ta notabiiy va borib turgan ahmoqgarchilik.

Ba’zan yangiliklarni hisobga olmaganda, hozir qariyb zangori ekranga termilmayman, ko‘rsatuvlarda ham qatnashmayman. Gap shundaki, u yerdagilar kalavaning bir uchini ushlab olishadi-da, o‘zlari ham ishonmaydigan yolg‘on-yashiq gaplarni to‘qiyverishadi.

“Iblis Tangriga qarshi isyon ko‘tardi. Janggoh esa odamlar qalbidir” – Dostoyevskiyning ushbu so‘zlari inson hayotining abadiy epigrafiga evrilgan. Har bir odamda ikki mavjudot yashaydi: biri qabih mahluqot, ikkinchisi esa ilohiy, yuksakdir. Odam ana shu ikkisidan biriga bo‘yin beradi. Ha, ko‘pchilik burnining tagiga olib kelib tiqishtiriladigan televizion “saqich”ga ko‘nikib qolgan. Men faqat ana qarmoqqa ilinganlarga achinaman, holos.

– Internetga munosabatingiz qanday?
– Yomon. Chunki Internet tarmog‘ida “Urush va tinchlik”ni o‘qiyolmaysan, bunda boshqa jiddiy asarlarga ham o‘rin yo‘q. Hech kimni majburlamoqchi emasman-u, lekin ichkaridan yemiradigan narsalardan ehtiyotlanish kerak.
Biz asta-sekin globallashuv ichiga kirib boryapmiz. Yevropada yoshlar bejiz isyon ko‘tarmayapti. Bir xalqning mohiyatini yo‘qotishga, uning barcha madaniy qadriyatlari yakson qilishga harakat qilingan asnoda ana shunday isyon ko‘tariladi.
– Sizning yozuvchilik mat¬la¬bin¬giz?

– Men baribir o‘zimni birinchi galda rus yozuvchisi deb bilaman. O‘tgan asr adabiyoti ikkiga bo‘linardi – g‘oyaviy va tarixiy. Pyotr zamonasi, Nikolay zamonasi o‘tdi, o‘sha davrda yashaganlar ham o‘z zamonasidan voz kecholmagan. Bu hatto xayollarigayam kelmagan. Shunday ekan, nima bo‘lgan taqdirda ham biz sobiq ittifoq davrida yashab, qalam tebratdik. Lekin mafkuraviy rus yozuvchisi, agar partiya bilan ko‘zlari moylanmagan bo‘lsa, milliy va tarixiy Rossiyaga qaytish pozitsiyasida turgan. O‘sha davr¬da ham rus adabiyoti, hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, dunyodagi eng a’lo adabiyot hisoblangan. Negaki, ushbu adabiyot g‘oyaviy siqiqlikni yorib o‘tib, ruhni yuksaltirishga qodir adabiy qudratini ko‘rsata oldi. Adabiyot yorqin, kuchli bo‘lishi uchun qarama-qarshilik kerak. Bunda, albatta, senzura (garchi men ahloqiy senzura tarafida bo‘lsam ham) bo‘lishi shart emas. Bu yashirin qarama-qarshi mexanizm ham bo‘lishi mumkin. Masalan, ba’zida uchratib qolamiz – o‘g‘ri-qalloblar hurmatli zot sanalib, xoinga hurmat ko‘rsatiladi.

– Bugungi kun adabiyotiga munosabatingiz…

– Kitobga qiziqishning keskin pasayishi kitobdan qo‘rqishdan darak beradi. Aynan mana shu qo‘rquv o‘quvchilar sonining kamayishiga olib kelmoqda. Bunda asosiy sabab – o‘quvchilarning kitob sotib olishga, jurnallarga obuna bo‘lishga moliyaviy jihatdan layoqatli emasligidir. Ikkinchi sabab – yangi qadriyatlar niqobi ostida zaharli vositalarning qalbni yemirishi. Uchinchisi esa – kitob bozori taklif etayotgan mahsulotlar. Lekin hamma o‘quvchilarda ham adabiy did shakllanmagan. Aytaylik, u kutubxonaga qatnaydi… Har qanday kutubxonada sizga burungidek ko‘p o‘qishayotganini aytishadi… Ammo so‘nggi yillarda o‘qilayotganlari ham nari borsa, amerikacha kitoblar, bolalarni-ku nuqul Amerika komikslari qiziqtiradi.

Nazarimda, bugungi kitoblarning har o‘ntasidan to‘qqiztasini taxini buzmasdan bir chetga olib qo‘yish mumkin. Bugungi yozuvchilar sexi vakillarining mahsulotlarini sira qabul qilolmayman. Menimcha, zamonamiz qahramoni – bu o‘zligini saqlab qolgan odam.

O‘quvchi balo-ofatdan uzoqroq bo‘lish uchun mumtoz adabiyotga -murojaat etib to‘g‘ri ish qiladi. Bizni esa qachonki Vatanga yuksak muhabbat va najotbaxsh e’tiqod ila kitoblar yozsakkina takror o‘qiy boshlashadi.

– O‘quvchilarning o‘zlari o‘zgarmadimikin?

– Qisqa tarixiy fursat ichida o‘quvchilar soni, kam deganda, ming marotabaga kamaydi-yov. Kitob bozorlarini shishirib yuborayotgan yengil-elpi, tosh bosmaydigan bo‘sh kitoblarni (“kitob” deyishga ham til aylanmaydi) yutoqib “xatm qilayotgan”larni kitobxonlar sirasiga kiritolmaymiz-ku. Bugun muqovaga o‘ralgan yuzsizlikka o‘quvchi o‘ziga nisbatan hurmat talab qila boshlashi bilanoq barham beriladi. O‘zlikka qaytish – mushkul masala. Agar taqqoslash lozim bo‘lsa, bu shunday mushkul yumushki, Ikkinchi jahon urushini yengib o‘tish bilan barobar. Menimcha, ichimizdagi yovni yengishdan ko‘ra fashistni yer tishlatish oson kechgan.

– Chinakam vatanparvarlikni qanday tushunasiz?

– Vatanparvarlik haqida ko‘p so‘zlaganman. Takror aytaman, vatanparvarlik nafaqat ona tuprog‘ing bilan uzviy rishtalar bilan chambarchaslik hissi, qolaversa, vatan oldidagi burch, uning, ma’nan, axloqan va jismonan yuksalishi uchun quvonishdir. Lomakon kishi ma’nan qashshoq bo‘ladi, uni yengilgina shabada ham istalgan tarafga yetaklay oladi. Yuragida Vatani bo‘lgan odam hech qachon o‘z yo‘lidan og‘ishmaydi, tubanlashmaydi, vahshiylashmaydi, negaki Vatani unga kuch beradi, e’tiqod beradi.

Afsuski, ba’zida vatanparvarlik tarbiyasini mafkuraga tirkab noto‘g‘ri tushunamiz. Namoyishlaru nutqlardan bu tuyg‘u mustahkam bo‘lib qolmaydi, xalq og‘zaki ijodi, Pushkin va Tyutchev, Dostoyevskiy va Shmelyovdan barakali va ezgulikka yo‘g‘rilgan shoxchalar o‘sib chiqadi.

Vatan, avvalo, xalqning o‘tmishi va kelajagi birlashadigan muqaddas tuproqdir, ana undan so‘ng esa unga “hudud” maqomini bersak bo‘ladi. Kishida Vatan bormi, demak, u tuprog‘ining aziziyu ojizini himoya qiladi, kafangadomi, demak, butun dunyodan nafratlanadi va vayronkorlikka moyil u. Vatan – bu hayotimiz mazmuni, tug‘ilganimizdan to qazomizgacha o‘zining tafti bilan isitadigan ma’vo.

Bugun Vatan taqdiri bizga topshirilgan, unga munosib bo‘laylik.

– Yangi avlod haqida nima deysiz?

– Yoshlar endilikda umuman boshqacha – ular bizdan-da serg‘ayrat, bizdan-da ko‘proq jar solishmoqda, dunyo¬ni anglamoqqa tashna ular. Ba’zan bu tafovutni yot-begonalikka yo‘yamiz. Yo‘q, ular adolatsizlikni darrov fahmlashadi. Lekin ular ko‘pincha o‘zlarining “tarbiyachilar”i qanchalik qabihlikka borayotganini ko‘rolmaydilar. Lekin xatolar tufayli ular hayotda o‘z o‘rinlarini topib olishadi.

Yana bir bor qaytaraman: yo‘ldan adashgan, zaharlangan, milliy ruhdan mosuvo qilinganlar oz emas. Lekin hech qanday ko‘maksiz oyoqqa turgan, najot topayotganlar ham ko‘p. Men ularni qadim o‘tmishimizda, qadriyatlarimizda saqlanib qolgan yorug‘ va pok yo‘lga chorlab qolaman.

Rus tilidan Saidjalol SAIDMURODOV tarjimasi

 

Ushbu sayt ma’muri hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda ezguli ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab Qobiljon ATAXANOV.

P.S. E’tiboringizga taqdim etilayotgan maqolalarga munosabat bildirib, sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman! Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Tanlangan sara maqolalar bilan tanishish istagingiz bo‘lsa, marhamat ushbu manzilga tashrif buyursangiz barcha to‘plangan maqolalar jamlanmasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘lasiz.