Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » O'ZBEKISTON » Beshik yig‘lagan oqshom
Beshik yig‘lagan oqshom

Beshik yig‘lagan oqshom

Ona qorniga siqqan, tor beshikka siqqan, ammo keng dunyoga sig‘magan badbaxt bolalar!

O‘sha mudhish oqshom hammadan ko‘p yig‘lagan, faryod chekkan qarindosh-urug‘ emas, jigarlar emas, aka-ukalarni o‘z bag‘rida tebratib o‘stirgan beshik bo‘ldi. Beshik nega yig‘ladi? Uning unsiz faryodini birov eshitdimi? Nolasiga quloq tutdimi?

Aka-ukaning ikkisi ham yoshi ellikdan oshgan, sochlariga oq oralagan, bir etakdan iborat nabiralari bor edi. Kunlardan birida uka - sarxush holda kelgan Bahrom (ismlar o‘zgartirilgan) hovlining betartibligini ko‘rib, biroz jahli chiqdi. O‘sha chog‘da hovli etagida kuymalanib yurgan keliniga qarata:

- Nega hammayoq betartib? - deya dakki bera ketdi. - Suv sepib bo‘lgandan keyin shlangni yig‘ishtirib qo‘ysalaring bo‘lmaydimi?

Qaynakasining kayfiyati yaxshi emasligini ko‘rgan kelin darhol hovlini yig‘ishtirib, saranjomlashga tushdi. Shu payt ichkaridan shirakayf aka - Botir pichoq ko‘tarib, o‘qdek otilib chiqdi.

Beshik yig‘lagan oqshom  

- Nega kelinni so‘kyapsan, sendan so‘rayapman, nega so‘kyapsan? - deya do‘q urdi.

- So‘kmadim, aka, shunchaki gapirib qo‘ydim, - dedi uka.

Ammo aka uning gaplarini eshitishni ham istamadi.

Mast, hushi o‘zida emasmi, qoni qizigan aka-uka o‘rtasida dahanaki jang boshlandi. O‘zini himoya qilishga uringan Bahrom biqiniga sanchilgan pichoq zarbidan bukchayib qoldi. Bir amallab, o‘nglanib olgach, yerda yotgan yog‘och bo‘lagini olib, akasining boshiga zarba berdi. Boshidan qon oqa boshlagan Botirning esa g‘azabi battar ortdi.

Ularni kuzatib turgan nabiralar qo‘rqqanidan chinqirib yig‘lay boshladi. Ammo urishayotgan bobolar bunga parvo ham qilmadi. Kelinchak qo‘rquvdan titrab-qaqshab yig‘layotgan kichkintoylarni uyga olib kirib, ichkarida toshdek qotib, uxlayotgan erini uyg‘otdi.

Nurbek tashqariga chiqqan paytda otasi ham, amakisi ham qip-qizil qonga belangandi. Ko‘pchilik bo‘lib, bir amallab, aka-ukani ajratishdi. Aka-ukalarning ikkisi ham jiddiy jarohat olgan, tezlik bilan shifoxonaga yetkazib borildi.

Bahrom hushiga kelib, eshitgan ilk xabari akasining joni uzilganiyu o‘z jigarining qotiliga aylangani bo‘ldi. Kayfi tarqab, nima ish qilib qo‘yganini anglagan bag‘ritosh uka o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoldi. O‘lgan akasiga achinib, bo‘zlab yig‘ladi.

Yoshlikda akasi bilan o‘tgan kunlar ko‘z oldidan bir-bir o‘ta boshladi.

Ha, o‘sha paytlarda akasi uni hammadan himoya qilardi. Ko‘chada tengdoshlari bilan gap talashib, yoqalashsa, darrov akasi yetib kelib, xafa qilganlarning boplab ta’zirini berardi. Jussasi miqtigina bo‘lsa-da, uni yelkasiga opichlab yurardi. Oradan yillar o‘tib, jigarlar ulg‘ayishdi. Bolalikning beg‘ubor damlari, shirin xotiralar ro‘zg‘or tashvishlari ostida ko‘milib ketdi.

Bugun esa, ­ Bahromning achchiq ko‘z yoshlari o‘sha tashvishlar ostida ezg‘ilanib yotgan shirin, ayni damda azobli xotiralarni yuvib ketdi. Afsuski, endi pushaymonlikdan sira foyda yo‘q edi.

Beshik yig‘lagan oqshom  

Qotillik bilan yakun topgan aka-uka janjaliga doir jinoyat ishi ochildi.

Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi binosida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakili, guvohlar tinglandi.

O‘rganishlar natijasida bir hovlida yashab kelgan aka-ukaning o‘rtasida avval ham muntazam kelishmovchiliklar bo‘lib turgani aniqlandi.

Janjalni ko‘pincha Botir akam boshlardi, - dedi jabrlanuvchining qonuniy vakili sifatida ishtirok etgan ukasi Bekmurod. - Chunki u spirtli ichimlikka mukkasidan ketgan edi. Doim ichib kelib, bo‘lar-bo‘lmasga janjal chiqarardi. Nima bo‘lganda ham har ikki tomon mening jigarim. Shu bois Bahrom akamdan ham da’vo qilmayman. Qonun doirasida unga yengillik berishingizni so‘rayman...

Sud jazo tayinlashda, albatta, uka - Bahromning aybiga to‘liq iqrorligini, chin ko‘ngildan pushaymonligini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanishini inobatga oldi. Muqaddam sudlanmagani, jabrlanuvchining qonuniy vakilining unga nisbatan da’vosi yo‘qligi va boshqa holatlarni jazoni yengillashtiruvchi holatlar, deb baholadi. Biroq jinoyatni mast holatda sodir etgani jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblandi. Sud Bahromga to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Beshik yig‘lagan oqshom  

Ha, sodir etilgan jinoyat uchun, albatta, jazo muqarrar.

Ammo aka-ukalar o‘rtasidagi muntazam bo‘ladigan janjal, ichkilikka berilgan akaning ukasiga pichoq urishi, uka akasini o‘ldirish darajasigacha yetib borishi juda achinarli holat.

Ochiq sud majlisiga yig‘ilganlar nazarida bir savol zuhur topdi: - nahotki, oramizda mehr-oqibat butunlay yo‘qolmoqda? Axir, biz o‘zbekmiz-ku?! Xalqimizda oilaga, aka-ukaga, mahalla-ko‘yga munosabat butunlay boshqacha.

Harqalay, ma’naviyat, odob-axloq kabi ezgu tushunchalar boshqa joylarga nisbatan bizda yuksak. Shunday ekan, aka-ukalarning, ota-o‘g‘illarning, qaynona-kelinlarning bir-biri bilan pichoqlashishi bizga butkul yot bo‘lishi kerak emasmi?

Sud ishida mazkur oilada urush-janjal tinimsiz bo‘lib turgani aniqlandi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Nahotki, mahalla-ko‘y bundan bexabar bo‘lsa? Ular nega o‘z vaqtida bu oila bilan jiddiy ishlamagan?

Mahalla mas’ullari bu oila bilan yetarlicha ishlamagan.

Ochig‘i, mazkur vaziyatni ikki xil talqin qilish mumkin: ­ Mahalla mas’ullari bu oila bilan yetarlicha ishlamagan, vaziyatga loqaydlik bilan qaragan yoki o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar bu oilaga kor qilmagan. Harqalay, mutasaddilar vaqtida jiddiyroq e’tibor qaratishganida, vaziyat bu darajagacha borib yetmasligi mumkin edi. Bu - ochiq sud zaliga yig‘ilganlarning fikri…

Beshik yig‘lagan oqshom  

Beshikning nolasini hech kim eshitmadi.

O‘sha kuni aka-ukalar janjalini tomdan “kuzatib” turgan eski beshik, qariyb ellik yillik, uvalanib to‘kila boshlagan beshik shunday nola qilardi: “Ona qorniga siqqan, tor beshikka siqqan, ammo keng dunyoga sig‘magan badbaxt bolalar! Onangizning ruhi chirqirayapti, otangiz ruhi azoblanyapti. Qachonlardir bir ko‘rpada, tepishib, qiyqirishib katta bo‘lgan bolalar, bir ona ko‘ksini emib o‘sgan bolalar. Qotilni bag‘rimda asraganmidim... Janjalingiz menga ham azob beryapti, tilka-pora qilyapti…”

Ammo beshikning nolasini hech kim eshitmadi.

Ushbu web-sayt ma’muri va muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Maqola Sizga manzur kelgan bolsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan ortoqlashing! Agar maqolaga munosabat bildirib, oz sharhingizni yozib qoldirsangiz bagoyat hursand bolaman va oldindan oz minnatdorchiligimni izhor qilaman!

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

YANGI YUK MASHINASI

YANGI YUK MASHINASI

MSV avtomobili (g‘ildiraklar formulasi 8 x 8) «Armor xoldings» kompaniyasi mutaxassislari tomonidan «Umumqo‘shin yuk avtomobillari» …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *