Последние новости
Bir harf mojarosi yoxud gʻalati mashhurlar
Домой » YANGILIKLAR » FAN - TA'LIM » Bir harf mojarosi yoxud gʻalati mashhurlar

Bir harf mojarosi yoxud gʻalati mashhurlar

Salom, aziz doʻstlar hamda muhlislar! Sizlar bilan LiveJournal.Uz nomli men uchun ardoqli boʻlgan shaxsiy web-saytim sahifalarida nashr qilinayotgan navbatdagi maqolada yana bir bor uchrashib turganimdan beixtiyor mamnunman!

Ushbu nashrdagi maqolada oʻzbek tilida chop qilinayotgan ayrim asarlarda ziyolilar tomonidan amalda foydalanib kelinayotgan soʻzlarni qoʻllanishida yoʻl qoʻyilayotgan, gʻalati tuyuluvchi yoki kishini gʻashini keltiruvchi ayrim taxallus, mashhur kishilarning ismlarini yozilishida va talaffuz qilinishida yoʻl qoʻyilayotgan xatolar haqida Abdurahmon Primqulov tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarni Sizning hukmingizga havola etmoqchiman.

Yevropa ziyolilari orasida gʻalati mashhur degan tushuncha bor. Bu aytilishi va yozilishi etimologik jihatdan ona tilining meʻyoriy qoidalariga izchil amal qilmagan, aniqrogʻi, shakl jihatdan xato, lekin xalq ongi va tafakkurida shunday oʻrnashib qolgani uchun mashhur boʻlib ketgan, degan maʻnoni bildiradi. Xuddi shunday “g'alati mashhur”lar bizning tilimizda ham uncha koʻp emas-u, har holda mavjudligini eʻtirof etmoqchi edik. Gapni mumtoz shoirlarimizning adabiy taxalluslaridan boshlasak.

Bir harf mojarosi yoxud gʻalati mashhurlar

“Navoiy”mi, “Navoyi”mi?

Ulugʻ Alisher Navoiyning turkiy gʻazaliyotidagi taxallusi hazrat qalamida “Navoyi” shaklida yozilgan. Eski oʻzbek yozuvining xos sifatlaridan xabardor kishi buning benuqson ekanligini yaxshi biladi. Talaffuzda ham “Navoyi” deb oʻqilishi kerak. Shunday oʻqiladimi, demak, uni shunday yozishimiz ham kerak. XX asr boshlarida dastlab lotin, keyinchalik kirill grafikasi meʻyorlariga amal qilindi va ulugʻ shoirning adabiy unvoni “Navoiy” deb yoziladigan boʻldi hamda bu shakl qatʻiy isteʻmolga kirib qoldi. Milliy istiqlolning dastlabki yillarida baʻzi olimlarimiz bu xatoni tuzatishga urindilar. Lekin xalqimiz ongi va tafakkuriga toʻlaligicha singib ketgan xato mashhurligicha qoldi.

Bir harf mojarosi yoxud gʻalati mashhurlar

“Bobur”mi, “Bobir”mi?

Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur taxallusini yozishda ham yuqoridagi kabi chalkashlik mavjud. “Boburnoma” muallifi oʻz taxallusini toʻrt harfdan iborat “Babr” shaklida yozgan. Chunki arab yozuviga asoslangan eski oʻzbek yozuvida qisqa unlilar yozilmaydi. Talaffuzda Bobir deb aytilgan. Shoʻro davrida uni “Bobir” deb aslida toʻgʻri yozishgan. Istiqlolning dastlabki yillarida akademik Boturxon Valixoʻjaev keyin professor Abdurashid Abdugʻafurov shoir gʻazallarida uchraydigan baʻzi soʻzlarning ohang jihatdan “Bobur”ga mos (ayni xato shu erda ildiz otgan, mumtoz sheʻriyatda “dir” taʻkid yuklamasi “dur” shaklida yoziladi. (Buning taxallusga hech qanday aloqasi yoʻqligi haqida olimlar oʻylab koʻrmaganlar) tushishini hisobga olib, taxallusni hozirgi shaklda yozishni taklif etganlar. Bu hol tilshunoslar tomonidan ham qoʻllab-quvvatlangan. Shunday qilib, aslida “Bobir” yozilishi kerak boʻlgan taxallus “Bobur”ga evrilgan va mashhurlik tusini olgan.

Bir harf mojarosi yoxud gʻalati mashhurlar

“Atoiy”mi, “Atoyi”mi?

Bu nom yozilishida ham xuddi “Navoyi” kabi chalkashlik mavjud edi. XX asrda bu “Atoiy” shaklida xato yozilgan. Gʻ.Gʻulom bu soʻzni “Otoyi” deb yozgan va shunday targʻib qilgan. Aslida Gʻ.Gʻulom haq boʻlgan. Shoir eski yozuvda “alif ustiga qalpoqcha qoʻyilganini, binobarin, “O” bilan yozish va talaffuz qilish lozimligini uqtirgan. Demoqchimanki, alif ustida qalpoqcha boʻlsa ham uni doim “O” deb oʻqish shart emas. Uni goho “A” deb oʻqishga ham ehtiyoj tugʻilib qoladi.

Bunga mumtoz adabiyotimizdan istagancha misol keltirish mumkin. Olimlarimiz soʻz oʻzagini “Ato” deb belgilash va shunday aytish lozim degan fikrga kelganlar. Oʻzbekcha soʻzlarda “oi” unlilari bir oʻrinda kelmaydi. Bunday holda bitta “y” orttiriladi. Xuddi shu qoida “Atoiy”ning gʻalatiligini dalillaydi. Istiqlolning dastlabki yillarida “Atoyi” deb yozish rasm boʻldi va uning gʻalatiligi barham topdi.

“Almaiy”mi, “Almayi”mi?

XIX asrning ikkinchi yarmida Toshkentda yashab ijod qilgan shoir, olim va tarjimon Qori Fazlulloh Mirjalol oʻgʻlining taxallusi aslida Almayi boʻlgan. Professor Gʻulom Karimovning “Oʻzbek adabiyoti tarixi” darsligida bu nom “Almaiy” deb yozilgan. “Guliston” tarjimonlari ichida nomi tilga olinganda ham Gʻ.Karimov yozgan gʻalati shakl qoʻllangan. Keyingi yillarda bu ijodkorni mustaqillik prizmasida oʻrganish ishi paysalga tushmoqda va gʻalati mashhur taxallusni toʻgʻirlash haqida hech kim bosh qotirmayapti.

Endi kundalik hayotimizda ishlatiladigan baʻzi bir soʻz va iboralarga ham diqqatni qaratamiz. Zora, uni ishlatuvchilar tegishli xulosa chiqarib olsalar.

“Taʻb”mi, “tabʻ”mi?

Mumtoz adabiyotimizda kishining xulqi, tabiati, did, saviya va saviyasining darajasiga nisbatan “tabʻ”soʻzi ishlatiladi. Bu “Majolis un-nafois”da eng koʻp tilga olingan soʻzlardan biridir. Oʻzbek tili imlo lugʻatida bu soʻz “taʻb” shaklida xato yozilgan. Mumtoz adabiy asarlar lugʻatida “tabʻ”, zamonaviy lugʻatlarda esa “taʻb” uchraydi. Bu soʻzni mumtoz adabiyotimiz mutaxassislarining aksariyati “tabʻ” deb toʻgʻri ishlatadi.

“Tuyildi”mi, “tuyuldi”mi?

Savodi lotin grafikasiga asoslangan yangi oʻzbek alifbosi bilan chiqqan jurnalistlar soʻzni xato ravishda “tuyildi” deb yozmoqdalar. Toʻgʻri, soʻzning oʻzagi “tuymoq” feʻlidir. Ammo oʻzakka - il nisbat qoʻshimchasi qoʻshilganda, “y” bilan “i” qoʻshilib yaxlit bir tovushni - “yu” grafemasini tashkil etadi.

Binobarin, uni “tuyuldi” deb yozsak toʻgʻri boʻladi. “Tuyildi”ning maʻnosi boshqa. U don yo boshqa uruqqa koʻra ezildi, maydalandi goho latta yo roʻmolga nisbatan tugildi degan maʻnolarda ishlatiladi.

Nur ustiga qanday nur?

Nutqimizda muayyan bir ish haddi aʻlosida bajarilsa, “nur ustiga aʻlo nur” iborasi ishlatiladi. Yirik tilshunos olim A.Rustamov oʻtgan asr soʻnggi choragida bu iboraning shaklan xatoligini taʻkidlagan. Yaʻni, ibora tarkibidagi “aʻlo” (alo) aslida “ustiga” soʻzining takrori ekan. Shu bois uni “nur ustiga nur” shaklida ishlatish toʻgʻri ekan. Shunga qaramay bu ibora nutqimizda oʻrnashib ketgan. Uni, hatto, katta, tajribali yozuvchi va jurnalistlarimiz ham gʻalatiligicha ishlataverishadi.

Tiqin, bosqin, qochqin

Bu soʻzlar nimani bildirar ekan, deyapsizmi? Men ham shuni uzoq oʻyladim. Keyingi vaqtlarda turk seriallarida hamda milliy kinofilmlarda qahramon tilidan ana shunday sunʻiy soʻzlar juda koʻp ishlatilyapti. Tomoshabin tilchi boʻlmasa, ifoda toʻgʻri boʻlsa kerak deb oʻylayveradi. Aslida tilimizda yuqoridagi uch soʻzning birortasi ham mavjud emas. Ular “sotqin” soʻzi taʻsirida paydo boʻlgan soxta soʻzlar hisoblanadi. Aslida esa birinchi soʻz tiqilinch, ikkinchisi bosqinchilik, uchinchisi esa qochoq shaklida ishlatilmogʻi lozim. Shunda ziyrak tomoshabinning ensasi qotmaydi. Shunda ona tili jozibasiga putur etmaydi.

Darvoqe, bu soʻzlar imlo lugʻatlarida ham uchrashi mumkin. Lugʻat tuzuvchi olimlar soʻzlar sonini koʻpaytirish uchun sunʻiy ravishda kiritganlar. Men bunday soʻzlarni ishlatishdan tiyilishni maʻqul hisoblayman.

“Ozuqa”mi, “oziqa”mi?

Bu ikki soʻz shaklan oʻxshash. Ularni faqat bir harf (tovush) farqlaydi. Shaklda tafovut bormi, demak, maʻnoda ham turfalik boʻladi. Afsuski, juda koʻp yozuvchi-roqimlarimiz, ayniqsa, jurnalistlar bu ikki soʻz oʻrtasidagi farqni anglamaydilar. “Oziqa” – mavjudlik, predmetlik xususiyatiga ega. “Ozuqa” bunday emas. Aniqrogʻi, oziqa – em (pichan, xashak, beda v.h.).

Ozuqa esa unday emas. U mavhum otga kiradi. “Maʻnaviy ozuqa” deyish toʻgʻri. Biroq birikma tarkibidagi soʻzni “oziqa” shaklida yozish nihoyatda qoʻpol xatodir. Gazeta oʻqigan odam undan ozuqa oladi, zinhor oziqa emas.

Ushbu mavzuga oid Oʻznetda savodsizlik muammolari yoki ...” nomli maqola bilan mana bu manzilda tanishib chiqishingiz mumkin.

Xullas, bu kabi nuqsonlarni juzʻiy yoki mayda deb boʻlmaydi. Ularni qancha tez tuzatsak, shuncha yaxshi boʻlardi.

Ushbu web-sayt maʻmuri, maqolalarning muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga va oilangizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik, baxtli hayot kechirish hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Maqola Sizga manzur kelgan boʻlsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan oʻrtoqlashing! Agar maqolaga munosabat bildirib, oʻz sharhingizni yozib qoldirsangiz bagʻoyat hursand boʻlaman. Oldindan oʻz minnatdorchiligimni izhor qilaman!

О программе Қобилжон Атаханов

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *