Последние новости
Домой » MUTOLAA » Hajviyotning yil yakunlari

Hajviyotning yil yakunlari

TUShUNTIRISh XATI

bosh muharrirga

Hajviyotning yil yakunlari

Ushbu yilning 13 mart kuni ishdan barvaqt ketib qolganim, mehnat intizomini buzganim uchun, “Tushuntirish xati” yozsin, chora ko‘ramiz”, debsiz. Shunga ko‘ra quyidagilarni batafsil bayon qilishni o‘zimning xodimlik burchim deb bildim:

Uch-to‘rt kun oldin Yozuvchilar uyushmasida yil  pozasining yakunlari bo‘yicha yig‘in bo‘ladi, deb gapni eshitib qoldim. U-bu narsa qoralab turganim uchun, “O‘x! Mana men degan yozuvchilar, tanqidchilar bo‘ladi. Bir yilda yaratilgan asarlarning saralanadi, puchagi puchakka chiqariladi, borsa bo‘lar ekan”, dedim. “Mushtum”ning mas’ul kotibi Baxtiyor Ollomurod hajviyotimizning yil yakunlari haqida ma’ruza qilarkan”, degan xabarni eshitganimdan keyin, joyimda o‘tirolmay qoldim: “Hajviyotimiz birinchi marta muhokamaga qo‘yilibdi. Hajvchilarga ham kun tug‘ibdi. Tortishuvlar, bizbop gaplar bo‘ladi, borish kerak!” degan xayollar bilan Yozuvchilar uyushmasiga hovliqib jo‘navoribman.

 Yig‘in xonasiga kirib bo‘ylayman: bugungi prozamizning yetakchilari Erkin A’zam, Nurali Qobul qani?  Hajviyotimizning ustuni, ustoz Anvar Obidjon ko‘rinmaydi? Prozamizning yillik muhokamasi bo‘lyapti tengsiz tanqidchimiz  Umarali Normatov yo Qozoqboy Yo‘ldoshev bordir hech yo‘q? Bugungi nasrimizning peshqadamlari Nazar Eshonqul, Nabi Jaloliddin, Isajon Sultonlar nahotki shundayin muhim yig‘inga vaqt topolmagan? Birortasi yo‘q-da!

– Ey, ukajon, bormisiz? – otangni ham tanimay tanqid qiladigan adabiyotshunos olim Suvonqul aka Meliyev bilagimdan tutdi. – Kepsiz-da! Meniyam taklif qilishgandi, keldim.

Ellik chog‘li odam to‘ridagi kreslolarga tikilib yarim soatcha o‘tirdik. “Kelyaptilar, kelyaptilar!” degan shivir-shivir eshitildi. Ammo kelayotganlardan oldin, paxta gulli ikki choynakda choy bilan, sakkizta piyola kirib keldi. Risolatxon degan singlimiz bor ekan, u piyollarni obdon artib, choyni qaytarishni boshladi. Nihoyat uyushma raisi Muhammad Ali kirib keldi. Vujudim quloqqa aylandi:

– Prezidentimizning adabiyotga ko‘rsatayotgan e’tiborini ko‘rib turibsizlar! – Muhammad Ali o‘tirgan xonamizga ishora qildi. – Mana shu binolarning hammasi  muhtaram Prezidentimiz rahbarligida bunyod etildi. Bunaqa e’tibor, keyingi sakson besh yil ichida bo‘lmagandi! Xonalar shunaqangi ko‘pki, xonamni topolmay qolyapman! So‘rab, so‘rab xonamni topyapman! Bunday e’tiborga qanday jovob berishimiz kerak?  Ana shu savolga javob topolmay, kechalari ko‘zimga uyqu kelmaydi! Tog‘larni talqon qilishimiz kerakmi? Yo cho‘llarni obod? Men hammasiga tayorman! Bugun... – raisimiz bir dam sukut saqlab, qo‘lidagi qog‘ozni o‘qishga kirishdi.

– Raisimiz yig‘ilishga “rosa” tayyorgarlik ko‘rib kelganga o‘xshaydi! – Suvonqul aka qulog‘imga shivirladi.

– Yozuvchi Isajon Sultonovning asari Shvetsariyada o‘tkazilgan tanlovda g‘oliblar qatorida qayd qilindi, – Muhammad Ali so‘zida davom etdi. – Bu Isajon Sultonning emas, butun adabiyotimizning yutug‘i. Buni – mening yutug‘im deb quvonishimiz kerak. Keyin, haligi, qizimiz bor edi... Kim edi? – u o‘tirgan qizlarni savolga tutdi. –  “Yoshlik”da hikoyalari chiqqan... To‘plamini ko‘rdim. Jurnalda “Yoshlik”da chiqqan hikoyalarini qo‘shmabdi, aytib qo‘yinglar, yaxshi hikoyalar edi... Prezidentimiz Tomdiga borib kelishdi! Kim borgan Tomdiga? Hech kim! Samarqandga borganimda ikkita uyushmamiz a’zosini Tomdiga jo‘natdim. Amalga oshirilayotgan ishlarni yozib keladi... Kitob qilamiz. Ana shular haqida yozish kerak. Naqshbandiy haqida kitob kerak deyishyapti? Kim yozadi uni? 100 million so‘m pul beramiz deyishyapti, yana qalam haqi... Kerak bo‘lsa 100 ming, yana 100 ming nusxada chiqaramiz... Keyin bunaqa yig‘inlarga viloyatlardagi ijodkorlarni ham taklif qilish kerak. Kelishsin, yo‘lkiralarini qilib beramiz...

“Nima gaplar bo‘lyapti o‘zi?”

Bu  yig‘inning kirish qismi bo‘lsa kerak, asosiy gaplarni endi boshlaydi, deb tursam:

– Meni zarur ishlarim bor, bu yog‘ini davom ettiraverasizlar! Keyin o‘qib olaman... – deb eshikdan chiqib ketdi.

Boshqa gaplar qulog‘imga kirmadi.

– Iye! 2017 yil o‘zbek prozasi haqidagi gaplar qani? Uyushma raisiga o‘tgan yilda adabiyotimiz erishgan yutuq va kamchiliklar haqidagi yig‘indan ham ko‘ra muhim ish bo‘lishi mumkinmi?

– Nega bir joyda depsinib turibmiz, muhokama qilib, tegishli choralar belgilamaydimi?

– Ijodkorlar yilda bir to‘planibdi, dardlarini yangi qurilgan binoga aytadimi?

– Men ko‘rmoqchi bo‘lgan tanqidchilar, yozuvchilar shuning uchun bunday yig‘inlardan qadamini uzgandir?

Ana shunaqa savollardan boshim g‘ovlab, uyga jo‘navoribman. Gazeta chiqadigan kun ekanligi ham yodimdan ko‘tarilibdi. Shularni hisobga olib, meni bir bora kechirishingizi so‘rayman.

Bundan keyin bunday yig‘inlarga umuman bormayman deb sizga so‘z beraman.

Imzo qo‘ydim: Said ANVAR

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

«Bermud-uchburchagi»mi-yoki-«Iblis-uchburchagi»-1

«Bermud uchburchagi»mi yoki «Iblis uchburchagi»?

«Bermud uchburchagi» «Bermud uchburchagi» yoki uni ko‘pincha, «Iblis uchburchagi» ham deb atashadi, o‘zida sayyoramizning eng …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *