Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » IJTIMOIY SOHA » OXIRAT DUNYOSIGA BEPISANDLIK

OXIRAT DUNYOSIGA BEPISANDLIK

OXIRAT DUNYOSIGA BEPISANDLIK MO‘MINGA YaRAShMAS

Hech shubha yo‘qki, har bir insonning so‘nggi borar asl va munosib manzili qabristondir. Haqiqatki, ushbu manzildan qo‘nim topish hammaga ham nasib etavermaydi.

Ma’lumki, insonlarning so‘nggi qo‘nim topgan manzillari azal-azaldan asrab-avaylab, qadrlanib kelingan. Muqaddas islom dinimiz ta’limotlarida bu borada alohida ko‘rsatmalar mavjud. Hatto, qabr ishiga doir maxsus kitoblar yozilgan, yirik asarlarda bu mavzuda alohida bo‘limlar ajratilgan.

Zotan, dafn ishi, qabr ahlini ziyorat qilib, haqlariga duo aylash, yon atroflarini asrab-avaylash ajri ulug‘ amal bo‘lishi bilan bir qatorda yuksak ma’naviy ozuqa hamdir.

Topshiriq emas, iltimos...

Muhtaram Yurtboshimiz 2018 yil 5 yanvar kuni Toshkent viloyatiga qilgan tashriflarining birinchi kunida “Zangiota” ziyoratgohida bo‘lib, bu yerda o‘tgan ulug‘larimiz, buyuk allomalarimiz yod etildi. Ularning haqlariga Qur’on tilovati ila duolar qilindi.

Ushbu tashrif davomida Yurtboshimiz “Ajdodlarimiz, ota-onalarimiz, umuman olganda o‘tganlarimizga hurmat bajo keltirish, ularning qabrlarini obod qilish har birimizning vazifamizdir”, deya ta’kidladilar.

So‘zlari davomida bu masalada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarni bayon etib, mavzu yuzasidan aholiga Prezident talabi emas, aksincha, iltimosnomasi sifatida murojaat qilinishini so‘radilar.

Ha, Prezident iltimosnomasi...

To‘g‘rida. Bu masalada topshiriq vijdonini yo‘qotgan, to‘g‘rirog‘i, undan voz kechgan insonlar uchungina berilishi mumkin...

O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud TOIRning qalb so‘zlariga munosabat

“Toshkent haqiqati” gazetasining 2018 yil 17 yanvardagi 5-sonida O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir tomonidan yozilgan maqola, ya’ni undagi haqiqatlar bugun keng jamoatchilik orasida o‘z ta’sir kuchini ko‘rsatmoqda, desak yanglishmaymiz.

Maqolada keltirilgan qabriston qorovulining so‘zlariga diqqatingizni chorlamoqchimiz:

“Oqsoqolimiz Orifjon aka o‘n yillardan beri qabristonga qadam qo‘ymaydigan ayrim xonadon egalarini: “Qabristonda hashar uyushtirayapmiz, iltimos, kelib ota-onangiz qabrini tozalashda yordam bering”, degan mazmunda taklifnoma yuborib ham keltira olmadilar...

Bunday insonlarga tegishli qabrlarni imkon qadar o‘zimiz tozalayapmiz...

Ba’zilar ota-onasi qabriga yillab kelmagani, qabrlar cho‘kib, xas-xashak ostida qolib ketgani bois go‘rkovdan jabrdiydalarining qabrini topib berishni so‘rashadi...

Bu darajadagi sharmandalikka qanday chidash mumkin?!”.

Aminmizki, bu so‘zlar quruq jiloli so‘zlar emas... Afsuski, barchasi hayotiy voqelik...

Kimning hayoti...

Afsuski, sizu bizning hayotimiz...

Amaliy ishlar qilinmoqda, ammo yetarli emas

Yaqinda viloyatimiz hokimi G‘ulomjon Ibragimov boshchiligida barcha tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, ta’lim muassasalari murabbiylari hamda imom-xatiblar ishtirokida selektor majlisi tashkil etilib, kun tartibida ikki masala muhokama etildi.

Ulardan biri jinoyatchilikning oldini olish bo‘lsa, ikkinchisi qabristonlarni obodonlashtirish, aniqroq aytganda, ularni ayanchli holatdan qutqarish masalasi bo‘ldi.

Hurmatli hokimimiz tomonidan bu ikki masala borasida xo‘p va ko‘p chiroyli so‘zlar aytildi, lozim ko‘rsatma va tavsiyalar berilib, vazifalar belgilab olindi.

Ularning natijasiga o‘tgan shanba va yakshanba kunlari shohid bo‘ldik. Biroq, bu natijalarni qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Hali bu borada yana ko‘plab ishlarni amalga oshirmog‘imiz va muntazamlikka o‘rganmog‘imiz lozim.

Nega “to‘rt ko‘z”, “ko‘zlari to‘rt” deymiz?

Qanaqasiga to‘rt ko‘z...

Xalqimizning ajib bir so‘zlari bor:

“Seni ko‘zim to‘rt bo‘lib, intizor kutdim...”.

Mana shunday to‘rt ko‘zli insonning holini tasavvur qilib ko‘rganmisiz... Bir tasavvur qilib ko‘ring-a...

... Uni qanday holda ko‘rdingiz?

Aslida sizu bizning qarashlarimiz uning yuzdan bir holatini ham tasavvur qila olmaydi...

Ha, g‘arib (“g‘arib” arabcha so‘z bo‘lib, yaqinlaridan yiroqda, ayriliqda qolgan insonga nisbatan ishlatiladi) inson yaqinlari diydorini qattiq sog‘ingach, har tomon qarayverib, intizorlikdan ko‘zlari to‘rt bo‘lib qolar ekan. Ya’ni, uning nigohlari to‘rt tomonga javdirab, sog‘inganlarini intizor va to‘xtovsiz umid bilan kutaverar ekan.

Shu joyda o‘zimizga, ha-ha – har joyda “Falonchi-yu, pistonchi”, deya tanilayotgan yoki ta’riflanayotgan o‘zimizga bir haqli savol berib ko‘raylik:

Qabristonda g‘arib bo‘lib yotgan Otam, Onam, Jigarlarim meni ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutmoqda... Umidlari so‘nib bormoqda, go‘yo...

Men ularni ziyoratiga bordimmi? Qachon?

Ularni ziyorat aylab, haqlariga duo qilish, atroflarida ko‘p emas, atigi 10-15 daqiqa hozir bo‘lish uchun vaqt ajrata bildimmi?. Qachon?

“Ishim ko‘p, zarur” deymiz-u, televizor qarshisida soatlab serial tomoshasi uchun og‘rinmay vaqt ajratamiz...

So‘lim joylarda kunlab hordiq chiqarish uchun qizg‘anmay vaqt topamiz, ta’tilga ham chiqamiz...

Ammo...

Xulosa o‘zimizda qoldi...

Qaytar dunyo

Hech kimga sir emas, barcha ota-bobo va ona-momolarimiz, yana kimlarimizning aka-uka, opa-singil, umr yo‘ldosh va farzandlari qo‘nim topgan qabrlari hamda yon atroflarini ozoda, e’tiborli va ziyoratli, deb bo‘lmaydi.

Ayrimlarining ayanchli holatlarini ko‘rib, bir savol tug‘iladi: “Farzandlar tarbiyasi, uy-joy ozodaligi, umr yo‘ldoshi xizmati yo‘lida har kun emas, har on jon kuydirib, jon berib yashagan, ularning baxtini so‘rab Yaratganga iltijolar aylagan bu Inson uchun nahotki uning ikki gazli maydonidan haftada bir bor bo‘lsada xabar oluvchi, haqlariga duolar qilib, qabri atrofini tozalab qo‘yuvchi bir tirik jon topilmasa?!

O‘lding, ketding – tamom bo‘lding, degani emas-ku, axir!

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Ulug‘ va aziz bo‘lgan Alloh bandasining darajasini (vafotidan so‘ng ham) yuksaltirib turadi. Shunada u: “Ey Rabbim, bu daraja menga qayerdan keldi?”, deya murojaat qilganida, Alloh taolo unga: “Bolangning Senga qilgan duosi tufayli”, deb javob beradi”.

Xulosa qilish mumkinki, farzandlar, yaqin qarindoshlar o‘tganlarining haqlariga doimo duo qilib turishlari lozim ekan. Farzandning duosi bilan o‘tgan ota-ona va boshqa yaqinlarning darajasi ko‘tarilar ekan. Hatto, Alloh taolo ularga rahmatini ziyoda qilib, mag‘firat etar ekan. Natijada o‘tganlarning ruhi ortdagilaridan shod va rozi bo‘lar ekan.

Faqat, qachon?

Qachon-ki, farzand ularni ziyorat aylab, haqlariga duo aylasa.

Buning uchun o‘zimizga savol bermog‘imiz kerak: “Mening otam yoki onam boshqalar ota-onasi oldida daraja yuksalishida quyida qolib ketmadimi? O‘zi qachon bir astoydil duo qildim?”, deya.

Bu savolga javobni birov uchun emas, faqat va faqat o‘zimiz uchun axtarmog‘imiz kerak.

Buni qaytar dunyo, deydilar birodar...

Chalg‘imaylik!

Nasib etib, keksayganimizda farzandlarimiz biz uchun qanchalar kerak bo‘lsa, vaqti yetib bu dunyoni tark etganimizda undanda ko‘proq kerak bo‘ladilar. To‘g‘rirog‘i, ularning ziyorati va duolari...

Quyidagi haqli va muhim savollarga o‘zimizdan bir javob axtarib ko‘raylik:

Haqli savol:

– Ota-onam qaysi sanada tug‘ilganlar?

– Ular qachon vafot etildilar?

– Qabrlarini o‘z uyimni topgandek axtarmasdan topa olaman-mi?

– Qachon ziyoratlariga bordim?

– Qachon fikrimni jamlab, Qur’oni karimdan ikki surani go‘zal tarzda tilovat qilib, haqlariga duo qildim?

– Avvalo, duo qilish, Qur’on o‘qishni bilaman-mi?

Muhim savol:

– Qachon oilam, farzandlarimni yetaklab ota-onam qabrlari boshiga olib bordim?

– Qachon ularga “Mana bu rahmatli otam, mana bunisi esa rahmatli onam, ya’ni, bobo va momolaringizning qabrlari bo‘ladi”, deya tanishtirib, ularning hayotlari haqida ikki og‘iz hikoya qilib berdim?

Eng muhim savol:

– Qachon rafiqam va farzandlarimni yetaklab, turmush o‘rtog‘imning ota-onalari – qaynota va qaynonamning qabrlari boshiga olib bordim?

– Qachon ularga “Mana bu onangizning rahmatli otalari, mana bunisi esa onangizning rahmatli onalari, ya’ni, bobo va momolaringizning qabrlari bo‘ladi”, deya tanishtirib, ularning hayotlari haqida ikki og‘iz hikoya qilib berdim?

Bu savolga ham javobni birov uchun emas, faqat va faqat o‘zimiz uchun axtaraylik!

Soxta va aldamchi javoblar bizni chalg‘itmasin!!!

Ziyorat – o‘zni tarbiyalash, demakdir

Oramizda qabrdan qo‘rquvchi yoki qo‘rqituvchilar, uning oldidan o‘tishga, unga yaqin borishga o‘zida kuch topolmaydiganlar yo‘q emas.

Ulug‘larimiz qabr ahlini “Indamaslar olami”, deya ta’riflaganlar. Qolaversa, dono xalqimizda “O‘likdan emas, tirikdan qo‘rq!”, degan naql ham bor.

Aslida qabriston daxshatli manzil emas. U o‘tganlarimiz uchun bir manzil bo‘lsa, sizu biz – tiriklar uchun ruhiy tarbiya maskani hisoblanadi.

Shuni yaxshi bilmoq kerakki, islom shariati ko‘rsatmalarida qabriston ahlini ziyorat qilish yoki ular haqqiga duo qilish borasida biror bir ta’qiqlangan vaqt mavjud emas.

Aslida bu ziyorat insonga dunyoning ortiqcha tashvishlarini unutishda, yaxshilik sari yuzlanishda, yomonlik, ya’ni jinoyatchilikdan qutilishda yordam beradi.

Ma’lumki, bugun joylarda tashkil etilayotgan tadbirlarning asosiy qismi “Jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish” mavzusiga qaratilgan. Nima uchun kun sayin jinoyatchilik degan balo ko‘payib bormoqda? Nima uchun odamlar bunchalik bag‘ritosh va qahri qattiq bo‘lib bormoqda? Hatto, qotillik jinoyati ham oddiy holga aylanib qolsa? Shuncha tadbirlar, islohotlar va choralar ko‘rilsa-yu, natija ijobiy bo‘lmasa! Nima qilmoq kerak?

Muammoning sabablaridan biri – qabristonlarni ziyorat qilmay qo‘ydik, oxiratni esga olmay qo‘ydik, mayyitlar holidan ibratlanmay qo‘ydik. Natijada jinoyatchilik ham oddiy holga aylanib ulugurdi.

Biz bu borada yoshlarni ota-bobo va ona-momolarimizning ibratli hayot maktabiga, o‘z navbatida, qabrlari ziyoratiga o‘rgatmay turib, natijaga to‘liq erisha olmaymiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

“Men sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Endi qabrlarni ziyorat qilaveringlar. Chunki, u sizlarga oxiratni eslatadi”. (Imom Termiziy rivoyati.)

Yana bir rivoyatda “Chunki u qalbni yumshatadi, ko‘zni yoshlatadi va oxiratni eslatadi”, deyilgan.

Dastavval Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edilar. Boisi, johiliyat davrida qabrlarga sig‘inish, ularga ibodat qilish kabi xurofotlar avj olib ketgan edi. Qavmga sof islom e’tiqodi va qabrlar haqida yetarlicha tushuncha berilganidan so‘ng qabrlar ziyoratiga ruxsat berildi va ularni ziyorat qilishning asl maqsad va samaralari bayon etildi.

Tabiyki, qalbi qattiq kishining ko‘ziga yosh kelmaydi. Bunday kishi boshqalarga mehr-shafqat ko‘rsatmaydi. Demak, qabr ziyorati insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muruvvatni kuchaytiruvchi bepul va samarali vositadir. Boisi, ziyoratchi ziyorati orqali o‘zligini anglaydi. Dunyoning haqiqatini ongli ravishda tushunib yetadi. Uning chorlovlariga aldanib qolmaydi.

Ha, ziyoratchi qabrlarni ziyorat qilish orqali mazkur fazilatlardan bahramand bo‘lsa, mayyitlar ziyoratchining duo va istig‘forlari hamda tilovatlari savobidan bahramand bo‘ladilar.

Demak, ota-onalar, jigarlar, mo‘min-musulmonlar hamda ulug‘ zotlarning qabrlarini yuqorida aytilgan fazilatlarga erishish va ularning ruhlarini shod etish maqsadida ziyorat qilib turish ikkinchi emas, asosiy darajali ishimiz bo‘lmog‘i lozim.

Qabr ziyoratiga odatlangan insondan yomonlik chiqmaydi. U sofdil va oliyjanob insonga aylanadi.

Ammo afsuski, xalqimiz orasida ota-onasi tirik bo‘la turib, ularni qadrlamayotganlar, vafot etgan bo‘lsa, ularni qabrini ziyorat qilib, haqlariga tilovati Qur’on qilmayotganlar ham uchrab turibdi. Zero, hech kim bu hayotda abadiy qolmaydi, hamma ham bir kun vafot etib, boradigan joyi qabriston bo‘ladi.

Tirikligida ota-ona yoki yaqinlarining qadr-qimmatini qilmagan, biroq katta-katta xarajatlar evaziga to‘yxonalarda osh berib nom qozonayotganlar, o‘zlari hashamatli uylarda yashab, marhumlarining qabrini unutib qo‘yayotgan odamlarning ko‘pincha hech kimga gap bermay og‘izlarini to‘ldirib gapirayotganlarini ko‘rib taajjublanasan, kishi. “Nom” chiqarish uchun ne-ne ishlarni qiladilaru, ammo oxirat diyorini eslatuvchi makonni unutib qo‘yadilar. Shunday beparvo va loqayd bo‘lishdan ehtiyot bo‘lmoq darkor.

Bularni bilasiz-mi?

Qabriston shiori:

“Boqiylik Alloh taologa xos. Undan o‘zgasi fano topguvchidir”.

Keyingilarning Avvalgilar oldidagi burchi:

Ulardan (ya’ni, musulmonlarning) keyin kelganlari: “Ey Rabbimiz, bizni va bizdan avval imon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, qalbimizda imon keltirganlarga nisbatan g‘illi g‘ash qo‘ymagin, ey Rabbimiz, albatta, Sen shafqatli va mehribonsan”, derlar”.

(“Hashr” surasi, 10-oyat).

Ziyoratga doir lozim ilmlar:

Qabr ahlidan madad so‘rash, sig‘inish joiz emas, bular shirk amal, balki ularning haqqiga duo qilish lozim. Shuningdek, qabr ahliga atab nazr qilish, jonliq so‘yish, sham yoqish, latta bog‘lash kabi ishlar imonga xatardir.

Qabristonga imkon qadar tahoratli, munosib kiyimlarda, pok holda kirgan afzal. Bu ham ziyorat odobidandir.

Qabristonga dabdaba bilan, yasan-tusan qilib kirish makruh. Chunki bu joy oxiratni eslash, xokisorlik izhor etish manzilidir.

Qabristonga shariatda berkitish talab qilingan joylarni to‘sib turadigan kiyim bilan kirish kerak. Ochiq-sochiq holda kirish mumkin emas.

Ziyorat chog‘ida qabrlarni bosmang, maxsus yo‘lakdan yuring!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

“Biror cho‘g‘ yo qilich ustida yurishim men uchun bir musulmonning qabri ustidan yurishimdan yaxshiroqdir”.  (Ibn Moja rivoyati.)

 

Qabr ustiga o‘tirish durust emas!

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Biringizning bir cho‘g‘ ustiga o‘tirib, kiyimi titilib, terisigacha yetib borishi uning uchun qabrga o‘tirganidan yaxshidir”. (Imom Muslim rivoyati.)

Ziyoratchi o‘zi ziyorat qilmoqchi bo‘lgan qabrga oyoq tarafidan kelib, qabrning o‘ng tarafiga turadi va qabrga yuzlanib, qiblaga orqa qilgan holda qabr egasiga salom beradi va tilovat qiladi.

Ziyoratni avvalo o‘tganlarning katta va ulug‘laridan boshlash, ularning qabri oldiga borganida ularga salom berish odobdandir.

 

Qabr ziyoratida o‘qish tavsiya etilgan suralar:

Qabr ziyoratiga kelgan kishi “Mulk” surasini o‘qisa, yaxshi bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

“U (ya’ni, “Mulk” surasi) man qiluvchidir. U najot beruvchidir. U qabr azobidan najot beradi, deganlar.

Qabr ziyoratiga kelgan kishiga “Ixlos” surasini 3 marotaba o‘qishi ham tavsiya etilgan. Imkoniyati bo‘lsa, “Yasin” surasi va “Oyat al-Kursiy”ni o‘qisa, savobi ko‘p bo‘ladi.

Qabr odida Qur’on o‘qiganda tilovatni ovoz chiqarib o‘qigan afzal. Chunki, qabr ahli undan bahra oladi.

Ziyoratchi duo qilganda, Qur’on savobini o‘z marhumiga bag‘ishlaganda qabriston ahlini ham unutmasligi kerak.

Ziyoratchi qabr ahliga Allohdan mag‘firat so‘raydi, xayrli duolar qiladi. Duo qilganda qabr egasidan emas, balki qabr egasining haqqiga Alloh taolodan rahmat va mag‘firat so‘raydi.

Qabr ustidagi ko‘karib turgan o‘simlik, dov daraxt va maysalarga tegilmaydi, chunki ularning tasbehidan mayyitga manfaat bor. Quriganlari tozalab olinadi.

Qabrga belgi qo‘yish haqida

Qabrni belgilash uchun tosh yoki shunga o‘xshash tabiiy, sodda narsalar qo‘yish mumkin. Isrof, dabdaba mumkin emas. Belgidan maqsad – qabrni yo‘qotib qo‘ymaslik bo‘lishi kerak, xolos.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam emikdosh birodarlari Usmon ibn Maz’unning bosh tomoniga bir tosh qo‘yib, shunday dedilar:

“Bu (tosh, belgi) bilan akamning qabrini belgilayman va ahlimdan o‘lganlarni uning yoniga dafn qilaman”.

 

Azizlar!

Muxtasar aytganda, biz viloyatimizdagi barcha qabristonlarni namunali darajaga olib chiqish, ularni muntazam e’tiborimiz to‘rida saqlash choralarini ko‘rishimiz va buni amalda isbotlashimiz lozim!

Bu mavzuga yana qaytamiz.

 Xayrulla TURMATOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

SINOVLARGA SABR QIL

SINOVLARGA SABR QIL

Ey mening o‘g‘lim, namozni mukammal ado etsang, to so‘nggi nafasinggacha kamol topgaysan. O‘zing amal qilgan holatda boshqalarni …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *