Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » FAN - TA'LIM » Ikki ma’rifatparvarning yagona maqsadi
AdvProfit.ru
Ikki ma’rifatparvarning yagona maqsadi

Ikki ma’rifatparvarning yagona maqsadi

Odatda Turkiston milliy uyg‘onish harakatining timsoli sifatida Mahmudxo‘ja Behbudiyning nomi tilga olinadi.

Hoji Muinning “Ijodiy tarjimai hol”i

Hoji Muinning ma’rifatparvar sifatida shakllanishida ham Mahmudxo‘ja Behbudiyning ta’siri oz emas. Ammo yuksak aql-zakovat sohibi bo‘lgan Hoji Muinning ko‘zini dastavval ona yurtidagi ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi muammolar ochgan desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Hoji Muin o‘zining “Ijodiy tarjimai hol”ida shunday yozadi:

… Rusiya davlati tomonidan O‘rta Osiyoning ishg‘ol qilinishi bilan bu o‘lkada siyosiy, iqtisodiy vaziyat o‘zgarishga yuz tutdi. Avvallardan to‘la erkli, o‘zi hokim bo‘lgan mahalliy xalq mahkum bir millat sifatida Rusiya davlatiga tobe’ bo‘ldi. Boshdan ezilib kelgan kambag‘al dehqonlar va mehnatkash kosiblar davlatning og‘ir soliqlarini to‘lab borishga majbur etildilar. Ulardan boshqa Rusiya burjuaziyasi tomonidan o‘lkamizga keltirilayotgan yangi sanoat mollari sifat va narx jihatidan bizning milliy sanoat mahsulotiga nisbatan qulay bo‘lganidan omma orasida ko‘proq tarqalib, u esa bozorimizga qattiq zarba bera boshladi. Natijada bizning kosib-hunarmandlarimiz va mayda savdogarlarimiz zararlanib, sinib, oxiri sekin-sekin ishdan chiqa bordilar. Shuning bilan barobar mamlakatimizda ishsizlik, qashshoqlik, xo‘rlik va gadolik kabi razilona hayot hukmfarmo bo‘ldi".

Chindan ham ona yurtidagi murakkab hayot bilan yaqindan tanishish Hoji Muinning ma’rifatparvarlik marralariga yetib kelishida muhim omillardan biri bo‘ldi. Zamonaning barcha muammolarini faqat xalqni ma’rifatli qilish orqaligina hal etish mumkin, degan to‘g‘ri xulosaga keldi. Bu haqda u shunday yozgan edi:

Eski maktab va madrasalarimizda o‘qilaturgan ilmlarimiz esa quruq xat-savod va bir qadar diniy narsalarni o‘rgatar va sxolastikadan iborat bo‘lib, bular zamonning talabiga javob bera olmas edi. O‘lkada har yerda davlat tomonidan avrupoli bolalar uchun katta va kichik maktablar solinib turgani holda yerli xalq bolalari uchun o‘z sharoitlariga muvofiq birgina bo‘lsin, boshlang‘ich maktab ochib berilmas edi. Har shaharda davlat hisobidan bir-ikki rus-tuzemniy maktabi ochilgan bo‘lsa-da, bulardan asli maqsad boshqa dindagi xalqlarni o‘zlariga og‘darish edi. Shuning uchun Rusiya burjuaziya sinfi maorif va madaniyat sohalarida kundan-kun yuksalib borilayotgani holda, mahalliy xalq bilaks jaholat va safolat chuquriga tushub keta borardi".

Bunday noto‘g‘ri siyosatni chuqur fosh etgan Hoji Muin o‘zining “Ijodiy tarjimai hol”ida chor hukumatining g‘addorona siyosati natijasini ham oldindan ko‘ra bilgan edi. Shuning uchun u o‘z fikrini davom ettirar ekan, shunday yozadi:

“Mustabid chor  hukumatining mana shuningday g‘addorona siyosati ommaga ta’sirsiz qolmadi, ayniqsa ruscha xat-savodga ega bo‘lgan bir hovuch ongli tabaqamizning milliy va diniy hissiyotiga to‘qundi. Ziyolilarimiz intibohga kelib, aniq bildilarki, hukumatning g‘arazi mahalliy xalqni siyosiy va iqtisodiy maydonda asir qilishdek, maorif, madaniyat jihatidan ham orqada qoldirilib, oxiri o‘zlariga qul  qildirishdir”.

Ikki ma’rifatparvarning yagona maqsadi  

Jamiyatdagi nosog‘lom vaziyatni ana shunday to‘g‘ri baholay olgan, “mening siyosiy intibohga kelishim 1903 yilda boshlangan bo‘lsa ham, biroq, haqiqiy ravishda uyg‘onishim 1905 yil inqilobidan keyin vaqtli matbuotning, ayniqsa turk-totor adabiyotini uzluksiz sur’atda o‘qib borishim tufayli hosil bo‘ldi”, deb yozgan Hoji Muin dastlab  o‘zining ma’rifiy-ma’naviy dasturini ishlab chiqdi.

Bu sohadagi faoliyatida o‘z ustozi Mahmudxo‘ja Behbudiyga ergashdi, undan maslahatlar oldi. Behbudiy 1903 yili Samarqand atrofidagi Halvoyi va Rajabamin qishloqlarida yangi maktablar ochdi. Hoji Muin ham 1903 yilning avgust oyida Samarqandning Xo‘ja Nisbatdor guzarida usuli jadid  maktabini ochib, o‘qituvchilik qila boshladi.

“Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, yangi maktab g‘oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi” (Begali Qosimov — mual.) Mahmudxo‘ja Behbudiy 1914 yilda millat qayg‘usi bilan kuyib-yonib, yoshlarga shunday murojaat qilgandi:

“Muhtaram birodarlar! Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib — taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat, eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘paytirmaguncha taraqqiy yo‘lig‘a kirub madaniyatdan foydalanmas. Madaniyati hoziradan mahrub qolub, sanoe’ va maorif salohi ila qurollanmagan millat esa dunyoda rohat va saodat yuzini ko‘rolmas. Muborizai hayot maydonida mutlaqo mag‘lub bo‘lur, oyoqlar ostida ezilur, diniy, iqtisodiy ishlarda o‘zgalarning asiri bo‘lub, bora-bora milliyat va diyonatini ham qo‘ldan berur. Ana ushbu yo‘llar  ila oxiri mahv va nobud bo‘lub ketar".

Hoji Muin ustozi Behbudiyning ushbu o‘gitlariga amal qilib, u bilan birgalikda boshqa yangi usuldagi maktablarni tashkil etishda ham jasorat ko‘rsatgan birinchi ziyoli ma’rifatparvarlardan edi. Samarqand maktablari uchun yozilgan darslik va qo‘llanmalarning ilk namunalarini yaratish va nashr ettirish ham uning ma’rifatparvarlik faoliyatidan munosib o‘rin egallaydi. U 1925 yilda taniqli ma’rifatparvar Ismatilla Rahmatullayev bilan hamkorlikda savodsizlikni tugatish maktablari uchun o‘zbek tilida “O‘quvchi” va tojik tilida “Rahbari besavodon” nomli kitoblarni nashr ettiradi.

Ikki ma’rifatparvarning yagona maqsadi  

Behbudiy vafotidan so‘ng shogirdlari, maslakdoshlari uning pok ruhini shod  etish  maqsadida gazeta-jurnallarda xotiralar e’lon qilishdi. Vatan obodligi va ozodligi uchun jon fido etgan buyuk  mutafakkirning nomi yurtdoshlari tomonidan abadiylashtirildi. Birinchilardan bo‘lib, Behbudiyning sodiq shogirdi Hoji Muin “Zarafshon” gazetasining 1923 yil 25 mart sonida “Mahmudxo‘ja Behbudiy” maqolasini e’lon qildi. Unda, jumladan, shunday deyilgan edi: “Bu maqola menim tomonimdan Behbudiy haqida yozilmoqda bo‘lg‘on mufassal tarjimai hol risolasining bir necha faslidan intixob etilib yozildi. Ushbu son gazetada bosilg‘on boshqa maqolalar ham mazkur tarjimai hol risolasiga ilova qilinmoq uchun Behbudiy muxlislaridan so‘ralib oling‘on xotiralardan oling‘on ba’zilaridur”.

Mazkur maqolada Hoji Muin Behbudiyning tarjimai holini to‘g‘ri ifodalash bilan birga, uning Turkiston xalqlarining ma’rifiy rahnamosi, milliy dramaturgiyamiz asoschisi, xalqimiz, umuman, butun Markaziy Osiyo xalqlari tarixining eng yorqin siymolaridan ekanligini samimiyat bilan e’tirof etadi. Maqolaning har so‘zida Hoji Muinning Behbudiy abadiyatiga, uning ma’rifatparvarlik faoliyatiga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbatga to‘la tuyg‘ulari ufurib turadi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1913 yilda Samarqandda “Oyna” jurnalini ta’sis etishida Hoji Muinnig ham roli katta edi. U keyinchalik bu jurnal sahifalarida ma’naviy-ma’rifiy mavzulardagi maqolalarini o‘zbek va tojik tillarida nashr ettiradi. Bu jurnal orqali yangi maktablar ochish, ilg‘or dunyo madaniyati g‘oyalarini targ‘ib etish, Yevropa hamda Sharq mamlakatlarida yuz berayotgan siyosiy-madaniy voqealarni yoritib borishda faol qatnashadi.

Xullas, Hoji Muinning xalqlarimiz milliy uyg‘onish davri buyuk ma’rifatparvari Mahmudxo‘ja Behbudiy shaxsiyati, ijodiy faoliyati bilan bog‘lovchi ibratli ijtimoiy, siyosiy va adabiy faoliyati ikki buyuk ijodkorning xalq xotirasidagi yorqin siymosini tiklashda katta ahamiyatga egadir, deb bayon qiladi mazkur maqola muallifi - filologiya fanlari nomzodi, dotsent Abdusalom Samadov.

Ushbu web-sayt ma’muri va muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Maqola Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing! Agar maqolaga munosabat bildirib, o‘z sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman!

AdvProfit.ru

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

YANGI YUK MASHINASI

YANGI YUK MASHINASI

MSV avtomobili (g‘ildiraklar formulasi 8 x 8) «Armor xoldings» kompaniyasi mutaxassislari tomonidan «Umumqo‘shin yuk avtomobillari» …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *