Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » JAMIYAT » Hajga borish sayohat yoki...?

Hajga borish sayohat yoki...?

HAJGA BORISH SAYOHAT YOKI OBRO‘ ORTTIRISH EMAS

Muqaddas dinimiz har bir ne’matning qadriga yetib, ulardan to‘g‘ri va oqilona foydalanishga buyuradi.

Darhaqiqat, ayrim tadbir va marosimlar ixcham, chiroyli, ortiqcha dabdabasiz o‘tayotganini ko‘rib quvonamiz. Ammo ko‘p joylarda nikoh kechalari, qiz bazmi, xatna to‘ylarida tobora shuhratparastlik, riyokorlik va isrof ko‘payib borayotgani kishini ranjitadi. Musulmonchilikda xalqqa taom berishdan asosiy maqsad insonlar ko‘ngliga shodlik ulashishdir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan muborak hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: “Taomning eng yomoni boylar chaqirilib, kambag‘allar tark qilingan valiyma (to‘y ziyofati) taomidir”.

To‘y-marosim sohibi o‘zi yashab turgan mahalladan faqir-fuqarolarni, kam ta’minlangan kishilarni olib borib to‘ydirsa edi, nechog‘li savob bo‘lardi. Undaylar bo‘lmagan taqdirda Mehribonlik, Qariyalar uylari yoki shu kabi joylarga ehson qilinsa, nur ustiga nur bo‘ladi.

Aslida qiz uzatib borishda mo‘‘tabar onalar, kelinning qarindosh-urug‘ va yaqinlari qatnashadi. Mahalla maslahatchisi boshchiligida ko‘pni ko‘rgan tabarruk yoshlilar muqaddas nikohni e’zozlash, oila, qaynona-kelinning burch va vazifalari haqida zarur maslahat, o‘gitlar berishi maqsadga muvofiq. Biroq opa-singillarimizning ajnabiy qiliqlari, dunyo xalqlariga millatimizni tanitgan hayo, iffat degan fazilatlar unutilayotgani achinarli hol. Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Har bir dinning o‘z xulqi bor. Islomning xulqi hayodir”, dedilar. Er kishiga ham, ayol kishiga ham hayo ulug‘ fazilatdir.

Nikoh to‘yi ortidan keladigan yana bir qancha dabdabalar borki, ular musulmon bo‘lmagan kishilarni ham hayratga soladi. Masalan, “kelinsalom”, “chorlar”, “quda chaqiriq”, “haftalik va oylik yo‘qlov”, “chimildiq yechar” va hokazo. Bir qiz farzandni o‘stirib, o‘zi kiymagan liboslarni sep qilib, o‘zi tutmagan ashyolarni jihoz qilib, tengini topib turmushga uzatib, yana to‘ydan keyin quda tomonni ham bir necha kungacha turli tansiq taomlar bilan boqish qaysi dinda bor? Bu narsalar ortiqcha sarsonchilik va vaqtni, molni zoye qilishdir, xolos. Bundan tashqari, farzand tug‘ilganida qilinadigan “udum”lar ham kishining iqtisodiy ahvolini bir holga keltirib qo‘yadi. “Qovurdoq”, “beshikka solish”, “chillaguzaron”, “beshik to‘yi” kabi marosimlar kun sayin quloch otib borayotgani ham yomon. Bular, aslida, oila ichida, ovoza qilmay, ikki tabarruk onaxonning foydali tavsiyalari va duolari ila bo‘ladigan narsalar. Endi kattagina bid’atga aylanib ulgurdi. Aslida, farzand dunyoga kelganda imkoniyati bo‘lgan kishiga faqat “aqiqa” deb ataluvchi marosim kifoya. Ona-bola sog‘-salomat bo‘lgani uchun jonliq so‘yilib, bir qism go‘shtni qo‘ni-qo‘shni, qarindoshga tarqatilishi yoki ziyofat tarzida ixcham, isrofgarchiliksiz o‘tkazilishi kerak.

Keyingi paytlarda odamlar orasida “pamg‘ambar oshi”, “haj oshi” kabi marosimlar ham paydo bo‘ldi. Shukr, Allohning inoyati ila mustaqillikka erishilgandan so‘ng qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz hajga borib kelmoqda. Haj Islomning beshinchi rukni bo‘lib, buyuk ibodatdir. Haj qodir bo‘lganlarga umrida bir marta bajarish farzdir. Ya’ni, kishi sog‘lom, safarga yetarli mablag‘ga ega bo‘lishi va borib-kelguniga qadar oilasi moddiy jihatdan qiynalmasligi kerak. Bundan tashqari, haj o‘zidan oldingi to‘rtta farzning mantiqiy davomidir. Binobarin, hajga bormoqchi bo‘lgan kishi boshqa farzlarni, jumladan, namozni mukammal ado etuvchi bo‘lishi tavsiya etiladi. Toki, u muqaddas makonlarda qutlug‘ va g‘animat fursatlarni namoz o‘qishni o‘rganish bilan o‘tkazib yubormasin. Zero, Masjidul Haromda o‘qilgan bir rakat namozning savobi boshqa yerda o‘qilgan yuz ming rakat namozga teng ekani hadisi shariflarda bayon etilgan. Hamda haj arkonlarini, farzlarini, vojibu sunnatlarini va uning to‘g‘ri bo‘lishiga zarar yetkazadigan ishlarni hajga bormasdan avval mukammal o‘rganib olish kerakki, qilgan haji mabrur hajlar qatorida qabul bo‘lsin.

“Payg‘ambar oshi” degan marosim shariat buyurmagan amal. Bugungi kunda biror kishi oltmish uch yoshga kirsa xalqqa osh berishi odatga aylanib qoldi. Aslida, payg‘ambar yoshiga kirgan odam dabdaba bilan osh berishi emas, balki yanada ibodatli, taqvodor bo‘lishga urinishi matlub. Islomda ibodatdan so‘ng dabdaba bilan to‘yxonada osh berilsin, degan ko‘rsatma yo‘q. Mazkur ibodatni ado etgan inson yanada kamtar, tavozeli, go‘zal xulqli bo‘lishi lozim. Hajga borgan kishi izzattalablik, dimog‘dorlik va shuhratparastlik qilsa, haji qabul bo‘lmagani alomatidir. Shukrona tarzida ehson qilish ham dabdaba, riyo, isrof kabi illatlardan uzoq bo‘lish sharti bilangina joizdir.

Hasan (rahmatullohi alayh)dan rivoyat qilinadi: “Sa’d ibn Uboda: “Ey Allohning rasuli, men onamga yaxshilik qilar edim. U vafot etdi. Uning nomidan sadaqa qilsam bo‘ladimi?” dedi. “Ha”, dedilar. “Meni sadaqaga amr qiling”, dedi. “Suv ulash”, dedilar. Sa’d ibn Uboda Madinada ikkita quduq qazdirdi va savobini onasiga baxshida qildi”.

Mana bu ham xudoyi, ya’ni Xudo yo‘lidagi ish. Demak, marhumlar ruhini shod qilish yo‘lida nochorlarga ko‘mak berish, bemorlarga yordam ko‘rsatish, ko‘prik, yo‘l qurilishi uchun xarajat qilish yoki qabriston va ko‘chalarni obod qilish ham eng savobi katta ishlardan hisoblanadi. Yurtimizning ayrim hududlarida keng tarqalgan “payshanba”, “yakshanba”, “etti”, “qirq”, “yuz”, “yil oshi” kabi luzumsiz marosimlarga chek qo‘yib, haqiqiy ehson va sadaqa yo‘lini tutsak, ma’qul bo‘lar edi.

...Ohangaron tumani tog‘li hududlarida ishlab yurgan davrimda Muhiddin maxsum ismli otaxon uyiga chaqirdi. Otasi rahmatlidan ko‘p kitoblar qolgan ekan. Ular orasida mazhabimizning eng mo‘‘tabar manbalari – “Fatovoyi Hindiya”, “Fatovoyi Bazzoziya”, “Fatovoyi Qozixon”, Aliy Qorining “Fiqhul akbar”ga yozgan sharhlari, “Muxtasar”ga “Sharhi Ilyos” nomli kitoblar bor edi. Rosti, ko‘zim quvnab ketdi. Suhbat yakunida Muhiddin maxsum: “Mana shu kitoblar sizga hadya”, dedi. Men shoshib qoldim va: “Bu kitoblar bebaho. Ammo kifoya qilsa, bir sigirni buzog‘i bilan keltirib bera olaman”, dedim. Shunda maxsum: “Bu kitoblarni otam menga sotib ketmagan, balki meros qoldirgan. Merosni hadya qilishga haqim bor. Sharti shuki, o‘qiganda otamning haqqiga duo qilib tursangiz”, dedi. Himmatni qarang! Aytmoqchimanki, xalqimiz, odamlarimiz orasida shunday tantilari, ularda esa bunday durdona kitoblar ko‘p. Buni eslashdan maqsad, mazhabimizning ana shu mo‘‘tabar kitoblaridan biri – “Fatovoyi Bazzoziya”da marhumlar uchun uch, yetti, qirq, payshanba, yakshanba kabi marosimlar juda ham yomon bid’at ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Alloh sizlarga biror qiyinchilik paydo qilishni ravo ko‘rmaydi, aksincha, sizlarni poklash va ne’matlarini sizlarga mukammal berishni xohlaydi, zora, shukr qilsangizlar” (Moida surasi, 6-oyat).

Imon kalimasini keltirish kishidan hech bir kuch va harakat talab etmaydi. Kundalik ibodatlar-chi?! Ular avvalo kishi uchun qulay vaqtlarga tayin qilingan. Badan va qalb uchun musaffolikdir. Chunki tahorat qilgan odam avvalo jismini poklaydi, duolar qalbini munavvar qiladi. Namozga chorlovchi azon esa, eshitgan quloqqa xush yoquvchi, dilga sakinat beruvchi, hayot davom etayotganini anglatuvchi, odamlarga ruhiy huzur ulashuvchi, shayton va jinlarni uzoqlashtiruvchi ilohiy chaqiriqdir.

Aytish joiz, zakotda ham o‘ziga xos yengillik bor. Avvalo zakot har qanday boylikdan emas, balki faqat o‘suvchi, ko‘payuvchi moldan yoki oltin, kumush kabi asosiy boylik manbalaridan beriladi. Ammo insonning kundalik foydalanadigan ashyolari, minib turgan ulovlari, yashab turgan imorati kabi narsalardan berilmasligi hammaga ma’lum. Yana uning yengil ibodatligi shundaki, inson Alloh bergan boylikdan ma’lum bir nisobda qirqdan birinigina sadaqa qilish bilan ibodat qilib, molini poklab oladi. Jamiyat kishilari o‘rtasida yaqinlik, hurmat-izzat va tenglik yuzaga kelishiga sababchi bo‘ladi. Ro‘za ibodati yilda bir oygina farz qilingan. Inson sog‘ligi uchun qanday foydali ekani hammaga ma’lum. Sog‘lom kishilar tutadi, agar bemor yoki musofir bo‘lsa, tutmaydi, agar umrbod imkoni bo‘lmasa, fidya berish bilan ado etadi.

Dinimizda har bir amal insonning toqatiga qarab joriy etilgan. Ortig‘iga majburlov yo‘q. Hatto qo‘shimcha, nafl amallarda ham, xayru ehsonda shunday, kishi imkoni bo‘lmagan narsaga taklif etilmaydi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) hadisi sharifda bunday marhamat qiladilar: “Albatta, bu din osonlikdir”.

... “Ziyorat” so‘zi qasd qilish, tashrif buyurish, kimnidir ko‘rgani borish ma’nolarini anglatadi. Ziyoratgoh esa Alloh taoloning do‘stlaridan biri dafn qilingan, insonlar borib, muayyan amal bajaradigan joydir. Amaldan murod Qur’oni karimdan oyatlar o‘qib, savobini qabr sohibining ruhoniyatiga bag‘ishlash, o‘limni, oxiratni eslash, o‘ziga, oilasiga Allohdan yaxshiliklar so‘rashdir.

Istiqlol sharofati ila yurtimizdagi barcha qadamjolar go‘zal ziyoratgohlarga aylantirildi. Biroq ayrimlarning ziyorat odoblaridan mutlaqo bexabarligi, bilishga harakat ham qilmasligi tashvishga soladi. Ularning xatti-harakatlarida hanuz bid’at va xurofotlar bor. Bu hol qilinishi zarur bo‘lgan ishlarimiz ko‘pligidan darak beradi.

Xayrulla TURMATOV,

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

Er-Xotinning “Ajralish kuyi” hangomasi!

Ajrashmoqchi. Tammom vassalom!..   Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi. Kattaqo‘rg‘onlik U. Sanayevning navbatdagi da’vo …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *