Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » JAMIYAT » Sevgi, baxt va... makaron

Sevgi, baxt va... makaron

SEVGI, BAXT VA... MAKARON

Televizion miniatyuralar teatrining “Uchrashuv” filmini bugun ham maroq bilan tomosha qilamiz. Ayniqsa, O‘zbekiston xalq artisti Ergash Karimovning sovchi obrazi, uning “Mak..., mak..., makaron” deya duduqlanib qolishi-yu, Baxtiyor Ixtiyorov yaratgan obrazning badnafsligi kattayu kichikni chin yurakdan kuldirgan edi.

Xullas, shu film orqali biz to‘y borasida haddidan oshib, insofni unutib, soxta obro‘ olmoqchi bo‘lganlar ustidan kulganmiz. Lekin, ming afsuski, o‘shanda kulgiga sabab bo‘lgan holatlar bugun yanada urchib, har kuni ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lyapti. Endi bunga kulishimiz kerakmi yoki kuyishimiz, hayronmiz...

Anglaganingizdek, gap yana bugungi to‘ylar haqida. Ommaviy axborot vositalarida, mahalla-ko‘ylardagi suhbatlarda har qancha muhokama qilmaylik, keyingi paytlarda to‘ylardagi dabdabayu asasalar ortsa ortyaptiki, zarracha kamaygani yo‘q. “Karnayning vat-vati bilan bir kunda o‘tadi-ketadi”, deyiladigan to‘y mashmashalari uzoq cho‘zilib, ba’zan yangi oilaning buzilishi bilan yakunlanayotgani, ayniqsa, achinarli.

Bugungi to‘ylarimiz manzarasini bir ko‘z oldingizga keltiring. Qo‘sha-qo‘sha antiqa mashinalar, qator-qator tanish-notanish xonandalar, guruhlar (ularning aksari nima haqida qo‘shiq aytayotganini o‘zlariyam bilmaydi yoki  hamma bilgan eski ashulalarni ham buzib aytadi), dasturxonlardagi ijaraga olingan qimmatbaho yeguliklar va yana allaqayerlardan kirib kelayotgan andishadan holi urf-odatlar... Taassufki, chinakam madaniy tadbir o‘laroq o‘tishi kerak bo‘lgan to‘ylarimiz, aksar hollarda madaniyatsizlik belgisi sifatida taassurot qoldiryapti.

Yillab yig‘ib, ko‘pincha, qarz-havola qilib, zo‘-o‘-o‘r to‘y o‘tkazishdan kimga foyda? Olingan qarzlarni to‘lash uchun butun oila yana yillab ter to‘kadi. Bu orada qarzini qistab kelganlar bilan qancha dilxiraliklar bo‘ladi.

– Keyingi paytlarda bankdan kredit olib to‘y qilishlar ham urfga kirdi, – deydi keksa otaxonlarimizdan biri Shukrullo Abdullayev. – Bankning imtiyozli kreditlari evaziga yosh oilaga uy va eng zarur ro‘zg‘or buyumlari sovg‘a qilinsa, tushunsa bo‘ladi. Ammo bir kunlik to‘y uchun yillar davomida badal to‘lash aqlga sig‘maydigan ish, deb o‘ylayman.

Ko‘pincha, ota-onalar to‘ydagi chiranishlarga yoshlarning havas-istaklarini asosiy sabab qilib ko‘rsatishadi. Biroq bugun chet ellardagi eng nufuzli oliy ilm dargohlarida tahsil olayotgan zamonaviy o‘g‘il-qizlar bir kunda bor bisotini sovurishdan ko‘ra boshqa foydali tadbirni afzal ko‘rishlari aniq. Fikrimiz tasdig‘i uchun yigirma yoshli Shohzamon Turdiyevning taklifini keltirib o‘tamiz:

– Menga qolsa, oilaviy mablag‘ni bir kunda to‘kib-sochib yuborgandan ko‘ra, kelin-kuyov dunyoning mashhur shaharlarini,  madaniyat markazlarini, muzeylarini yoki jahonning yetti mo‘‘jizalaridan birini borib ko‘rgani ming marta afzal. Dunyo ko‘rgan odamning dunyoqarashi keng bo‘ladi. Hayot bir kunlik yeb-ichardan iborat emasligini yanada teran anglaydi...

Demak, biz kattalar o‘zimizning bema’ni orzu-havasimizga yoshlarning havas-istaklarini ro‘kach qilishimiz xudbinlikdir.

– Bugun ayrim to‘ylarda kelinning davraga chiqib, yarashmagan qiliqlar bilan o‘yinga tushishi-yu, ortidagi dugonalariga gul otishi qaysi o‘zbekchilikka to‘g‘ri keladi?! Kelin otgan gulni qizlarning talashib-tortishib olayotganini ko‘rib yoqa ushlaysan, kishi. Nima emish, shu gulni kim ilib olsa, kelin bo‘lish navbati o‘shanga nasib etarmish. O‘zbek qizlari qachondan beri kelinlikni ochiqdan-ochiq  talashadigan bo‘ldi, uyat qayda qoldi, – deydi 80 yoshli Mo‘‘tabarxon aya.

Atoqli yozuvchimiz Abdulla Qahhor “To‘ylar muborak” nomli maqolasini shunday xotimalaydi: “Biz bu yerda to‘yni ulug‘vor va chiroyli qilib o‘tkazish, uni ortiqcha chiqimlardan bo‘shatish to‘g‘risida gapirdik. Ortiqcha chiqimlar faqat to‘ydagina emas, undan oldin va keyin o‘tadigan turli “to‘ychalar”da ham bo‘ladi. Biz bu to‘g‘rilarda ham fikr olishib, yangicha to‘yning har jihatdan mukammal va go‘zal shaklini topishimiz kerak”. Qarangki, yarim asr avval ko‘tarilgan masala, bildirilgan fikr-mulohazalar hamon dolzarbligicha qolmoqda. Nahot bu muammoni hal etib bo‘lmasa?!

Fikrlarimizni kinoiqtibos bilan boshlagandik. Yana kinodan misol keltiramiz. “Mahallada duv-duv gap” filmidagi Maryam Yoqubova yaratgan kayvoni – Oyposhsha eri (Rahim Pirmuhammedov)ga deydi:

 — Hay, menga qarang, artistlarga ayting, vahliroq kelishsin. Tovushlari yetti mahallaga eshitilmasa, mendan bir tiyin ham olisholmaydi. To‘y-to‘yday bo‘lsin. Mahallada duv-duv gap bo‘lsin, deyman... Hay, nechta qo‘y oldiz?

— Bitta qo‘zi olgandim.

— Ovozingizni o‘chiring!.. O‘nta qo‘y nima bo‘ladi?.. Dushmanlarim alamidan kuyib o‘lsin deyman-da...

Xullas bir paytlar o‘zimiz film yaratib, ustidan kulgan noo‘rin urf-odatlarga yuz tuban ketib, duv-duv gapga qolmaylik. Yaxshisi, oilamizdagi ahillik, farzandlarimiz baxti, ularning ilmu hunarda, san’atu sportda erishgan yutuqlari mahallada duv-duv gap bo‘lsin!

Shoira BOZOROVA,

jurnalist.

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

Er-Xotinning “Ajralish kuyi” hangomasi!

Ajrashmoqchi. Tammom vassalom!..   Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi. Kattaqo‘rg‘onlik U. Sanayevning navbatdagi da’vo …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *