Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » IJTIMOIY SOHA » Jinoyatga boshlagan yo‘l — e’tiborsizlik
Jinoyatga boshlagan yo‘l — e’tiborsizlik

Jinoyatga boshlagan yo‘l — e’tiborsizlik

Noshud o‘g‘il yana pand berdi

“Barcha ayb menda. Bolamni qarovsiz qoldirdim. Uni yaxshi yedirib-ichirishni o‘ylabman-u tarbiyasi haqida qayg‘urmabman. Va’da beraman, endi o‘g‘limning har bir qadamini nazoratga olaman. Jinoyatga boshqa qo‘l urmaydi, bir safar kechiringlar...”

Afsus, ona va’dasida turmadi. To‘g‘rirog‘i, bunga kuchi yetmadi. Ro‘zg‘orning kam-ko‘stini to‘ldirish yolg‘iz onaning gardanida ekani bois, asosiy vaqtini o‘g‘lining tarbiyasiga emas, uning moddiy ahvolini yaxshilashga sarfladi. Oqibatda yolg‘iz o‘g‘il yana sudning qora kursisiga o‘tirdi.

Ozod Yoqubov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ota-onasining erkatoy farzandi emasmi, bolalikdan o‘zi xon - ko‘lankasi maydon bo‘lib o‘sdi. Otasi olamdan o‘tgach, ona otasiz o‘sayotgan bolaning ko‘ngli o‘ksimasin, deb ortiqcha tergamadi. Qayerga boryapti, kimlar bilan uchrashyapti, surishtirmadi. Lekin bu onaga qimmatga tushdi. Noshud o‘g‘il yana pand berdi.

Jinoyatga boshlagan yo‘l — e’tiborsizlik  

...Sayoq yurgan kunlarining birida kallasiga kelgan g‘oyadan quvonib ketgan Ozod darhol qabih maqsadini amalga oshirishga kirishdi. Yashirincha nasha yetishtirishni boshladi. Ekkan o‘simligi endi pishib, mo‘may daromad haqida o‘ylab turganida siri ochilib qoldi. Tegishli organlar uning qilmishidan xabar topdi.

Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi yoki og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi

 

Ozod 2016 yil 29 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tuman sudida Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ammo O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarorining 2-bandiga asosan jazodan ozod qilindi.

Xalqimizda ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi, og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi, degan purma’no gaplar bor. Mana shu hikmatli gaplar Ozod Yoqubovga o‘xshaganlar uchun aytilgan bo‘lsa ajab emas. Lekin u avvalgi qilgan xatosidan og‘zi kuysa-da, qatiqni puflab ichishni, hatto, xayoliga ham keltirmadi.

Jinoyatga boshlagan yo‘l — e’tiborsizlik  

Avvalgi qilgan jinoyati hali sovib ulgurmasidan, navbatdagisiga qo‘l urdi. Oldingi safar u o‘z uyida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan bo‘lsa, bu gal yigitcha dalada makkajo‘xori orasida nasha o‘stirayotgani ayon bo‘lib qoldi. O‘rgangan ko‘ngil, o‘rtansa qo‘ymas, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi shekilli...

Bu safar ham sud unga yolg‘iz o‘g‘il ekani, onasining nafaqadaligi, otasiz o‘sayotganini inobatga olib, yengilroq jazo tayinladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Toshkent tuman sudi o‘z binosida, ochiq sud majlisida Ozod Yoqubovni Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan aybli, deb topdi va unga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Nahotki, u avval qilgan xatosidan xulosa chiqarmadi?

 

Xo‘sh, endigina 23 yoshni qarshilash arafasida turgan, hali hayotning past-balandini ko‘rmagan, achiq-chuchugini totmagan yigitning ikkinchi marotaba jinoyat sodir etishiga nima sabab bo‘ldi? Nahotki, u avval qilgan xatosidan xulosa chiqarmadi?

Otamning vafoti menga qattiq ta’sir qildi, — deydi aybdor Ozod Yoqubov. - Otamga bog‘lanib qolgandim. Aslida bironta oliy o‘quv yurtida o‘qish istagim bor edi. Rahmatli otam ham shuni istardi. Ko‘pincha, kelajakda unga o‘xshab, qiynalmasligim uchun biron bir kasbni yoki hunarning boshini tutishimni maslahat berardi, o‘qishga undardi.

Onam ikkimiz qolgach, ro‘zg‘orga qarashish maqsadida ko‘p joylardan ish axtardim. Lekin biron bir hunarning boshini tutmaganim bois ish topolmadim. Mahalla idorasiga, mehnat birjasiga uchrashdim. Lekin hech qanday natija bo‘lmadi.

Avval ham bu jinoyatni qilib, ayblanganman. Amnistiya tufayli jazodan ozod qilingach, yana ish topolmay, bekorchi bo‘lib qolib ketdim. Ish izladim, lekin topolmadim. O‘shanda ham bironta bir mutasaddi menga to‘g‘ri maslahat berish u yoqda tursin, hatto, mening o‘y-xayollarim bilan ham qiziqib ko‘rmagan.

Ozod Yoqubov bilan yuzma-yuz suhbatlashar ekanmiz, bir nuqtaga tikilib turgan mungli ko‘zlarida pushaymonlikni emas, ko‘proq alamzadalikni tuydik. Go‘yoki uning ko‘zlari qalbining tub-tubiga yashiringan “Axir, men ham tengdoshlarim kabi o‘qishga yoki biron bir kasbning boshini tutib, risoladagidek hayot kechirishga haqli edim-ku”, - degan o‘ylaridan so‘ylayotgandek edi.

Jinoyatga boshlagan yo‘l — e’tiborsizlik

Axir, men ham tengdoshlarim kabi...

 

Ochig‘i, tog‘ni ursa talqon qilgudek yigitning bu ahvolda mulzam turishidan ko‘ra, o‘g‘lining yana avvalgi qilgan jinoyatini takrorlaganidan, bu yo‘ldan uni qaytarolmaganidan xijolat chekib, yerga kirib ketgudek ahvolda, boshini xam qilib o‘tirgan mushtipar onaga ko‘proq achindik.

Nochor hayot kechiramiz, - deydi Ozod Yoqubovning onasi. - Mening nafaqa pulim bilan arang ro‘zg‘or tebratamiz. Unda-munda ona-bola kunlik ishlarga chiqib turamiz. O‘g‘lim katta bo‘lsa, bu kunlar o‘tib ketadi, deb o‘ylagandim. Afsus, chuchvarani xom sanabman.

Yonimga kirib, halol mehnat bilan ro‘zg‘orga qarashish o‘rniga shu ishlarni qilib yuribdi. Balki ona sifatida o‘g‘limning ko‘ngliga yo‘l topolmagandirman. Dastlab jinoyatga qo‘l urganida boshqa takrorlamasligiga sud oldida so‘z bergandim. Afsus, hozir sud oldida yana shu gapni aytishga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. Lekin har ne bo‘lganda ham, u mening yakka-yu yagona farzandim. Undan yuz o‘girolmayman.

Mahalla faollaridan, jamoatchilikdan o‘g‘limni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda, biron bir kasbni boshini tutishda amaliy yordam berishini so‘ragan bo‘lardim.

Mahalla oqsoqoli hamda profilaktika inspektori nega befarq?

 

Ona-bolaning gaplaridan ko‘rinib turibdiki mahalla faollari bu oila bilan u qadar qiziqmagan. Unga moddiy yordam berish u yoqda tursin, hatto tuzukroq maslahat ham bermagan. Aslida jinoyat sodir etgan yigit bilan mahalla faollari jiddiy tushuntirish ishlari olib borishi kerak emasmidi? Nima sababdan uning sayoq yurishda davom etishiga beparvo qarab turishgan?

Yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning aksariyati to‘qlikka-sho‘xlik oqibatida ro‘y bermoqda, - deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati, Toshkent tumani sudyasi Otabek Muxammadiyev. - Lekin Ozod Yoqubovning qayta jinoyatga qo‘l urishi to‘qlikka-sho‘xlik emas. Mazkur jinoyatni o‘rganish asnosida uning otasidan erta ayrilgani, oilasi nochor kun kechirishi oydinlashdi.

Taassufki, u bilan na mahalla faollarining, na qo‘ni-qo‘shni va na qarindosh-urug‘larning ishi bo‘lgan. Bekor qolgan bolaga mahalla oqsoqoli, mahalla profilaktika inspektori, boringki, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi ham yordam bermagan.

Nazarimizda, yigitning nopok yo‘ldan yurishiga shu omillar sabab bo‘lgan. Avvallari bir bolaga yetti mahalla ota-ona degan gaplar bo‘lardi. Afsuski, bu bugungi kunda yetarlicha amalga tatbiq qilinmayapti.

Jinoyatga boshlagan yo‘l — e’tiborsizlik  

Sud jarayonida aybdorga jazo tayinlash bilan bir qatorda, uning qayta jinoyatga qo‘l urishiga beparvo qarab turgan mahalla fuqarolar yig‘ini faollariga oila a’zolarining daromadini o‘rganish asosida hududdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar toifasiga kirish-kirmasligi masalasini muhokama qilish va tegishlicha ijobiy chora ko‘rish, bandlikka ko‘maklashish markaziga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirilishini ta’minlash, bunda uning yoshi, sog‘lig‘i, ma’lumoti, oilaviy ahvoli, mehnat qobiliyati, ehtiyoji va yashash joyini hisobga olib, munosib ish o‘rni topishida amaliy yordam ko‘rsatilishi tushuntirildi va tavsiyalar berildi.

Ha, aslida kishining jinoyatga qo‘l urishiga muayyan muammo, qandaydir holatlar sabab bo‘ladi. Harqalay, hech kim kelajakda jinoyatchi bo‘laman, deb orzu qilmaydi. Yoki hech bir farzand ona qornidan jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. U yashayotgan nosog‘lom muhit, beparvolik, muhtojlik kabi omillar odam hayotini ham, o‘y-xayollarini ham izdan chiqaradi.

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

YANGI YUK MASHINASI

YANGI YUK MASHINASI

MSV avtomobili (g‘ildiraklar formulasi 8 x 8) «Armor xoldings» kompaniyasi mutaxassislari tomonidan «Umumqo‘shin yuk avtomobillari» …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *