Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » MADANIYAT » MA'NAVIYAT » Bugungi estrada san’ti qanday?

Bugungi estrada san’ti qanday?

BUGUNGI  ESTRADA SAN’ATI

 tarbiya vositasimi yoki...

Ulug‘ allomalarimiz musiqaning inson tarbiyasi, ma’naviyatiga ta’siri haqida juda ko‘p manbalarda yozib qoldirishgan.

Darhaqiqat, hali tug‘ilmagan chaqaloq ham yaxshi musiqadan bahra olsa, tinchlanishi, yoki aksincha shovqin-suronli kuydan bezovtalanishi isbotlab berilgan. Hatto, ma’lum bir kasalliklar musiqa vositasida davolanishi ham bor gap.

Istiqlolning dastlabki kunlaridanoq,  mamlakatimizda musiqa san’atini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.  Jumladan, davlatimiz tomonidan milliy estradani rivojlantirish, iste’dodli ijodkorlarning professional malakasini oshirish, yosh ijrochilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Nihol”, “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “Ofarin”, “E’tirof” singari turli tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Har yili san’atkorlarning katta guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi. Xalqimiz qo‘shiqchi san’atkorlarni sevib, to‘yxona to‘ridan, dasturxoni yuqorisidan joy beradi.

Ammo, ular tomonidan shunga munosib javob bo‘layaptimi?! Afsuski, yo‘q. Bu birgina bizning fikrimiz emas.

Yuqorida aytganimizdek, davlatimiz tomonidan milliy estrada rivojiga katta e’tibor qaratilib, iste’dodli yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgan bo‘lsa-da, yaratilayotgan qo‘shiqlar mazmunan sayoz, badiiy jihatdan g‘aliz, xorijiy musiqa yoki san’atkorlarga taqlid asosida “dunyoga kelaayotgani” achchiq haqiqatdir.

To‘g‘ri, bu haqda matbuotda juda ko‘p marta tanqidiy maqolalar berilgan va berilayapti. Savol tug‘iladi: unda nega hech qanday o‘zgarish yo‘q? Qaytaga battar bo‘layapti. Nazarimizda, o‘sha estrada xonandalari, ataylab qilayotganday. Ba’zilari, hatto, tanqid qilganlarni mensimay, ensalarini qotirishadi. Ha-da, chunki ular xalq tili bilan aytganda “kuchayib ketishgan”. Ayrim “san’atkorlar” so‘zni to‘g‘ri talaffuz etisholmaydi-yu, lekin, qaysi telekanalni qo‘ymang, turli maslahatlar berib, “donolik” qilishadi. O‘z ustilarida ishlashga vaqtlari yo‘qdirda, duch kelgan xorij musiqasiga yengil-elpi matnni qo‘yib, qo‘shiq deb kuylab chiqishadi. Eng achinarlisi, shu almoyi-aljoyi “qo‘shiqlar” telekanallar orqali beriladi. Ha, yana kamiga o‘sha ko‘chirilgan qo‘shiqni klipiniyam ko‘chirib ishlab, “mana ko‘ringlar” deb namoyishiga zo‘r berishadi. Ularda milliy madaniyatimiz, axloq mezonlariga mos kelmaydigan lavhalar uchrayotgani ijtimoiy tarmoqlarda ham tinmay gapiriladi. Shu bois, ayrimlar bu mavzuni “eski”, “chaynalgan”, deb e’tiroz ham bildirishi mumkin.

Lekin bunday kuy-qo‘shiqlar, avvalo, san’atning obro‘siga putur yetkazishi, o‘sib kelayotgan yoshlarda: “Estrada shunaqa ekan-da”, degan noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishiga e’tibor qaratsak, bu mavzu doimo dolzarb ahamiyatga egaligini tushunish qiyin bo‘lmaydi. Binobarin, estrada yo‘nalishidagi qo‘shiqlarning asosiy muxlislari yoshlar ekanini hisobga olib fikrlasak, bu sohaga ma’naviyatimizning muhim halqasi sifatida qarashimiz kerakligi ayon bo‘ladi.  Ammo, xonandalarning o‘zlari bu haqda hech o‘ylab ko‘rishmaydi. Ba’zi yosh ijrochilar, hatto, xizmat ko‘rsatgan xonandalarning qo‘shiqlaridagi matn­lar shunchalik telba-teskariligidan, eshitib, yoqang­ni ushlaysan, kishi...

“Navo” telekanalining “Xit-parad” dasturida Farhod va Shirin dueti tomonidan kuylangan qo‘shiqdagi satrlarni eshitib kulishimizni ham, yig‘lashimizni ham bilmay qoldik. Mana o‘sha satrlar:

Ko‘zlaringni olaytirib,

Qoshlaringni qoqaverasan. 

Jonim menga nimaga yoqaverasan?

Odam bir vaqtning o‘zida ham ko‘zini olaytirib, ham qoshlarini qoqishi uchun masxaraboz bo‘lishi kerakmi?

E’tibor bering: “ko‘zlarini olaytirib, qoshlarini qoqaveradigan”  “yor”ga qarata “jonim menga nega yoqaverasan”, deyish mumkinmi?

To‘g‘ri, “O‘zbekkonsert” qoshida ish yurituvchi Badiiy kengash tomonidan  bu borada qilinayotgan ishlarni ham ta’kidlash zarur. Jumladan, litsenziatlarga repertuar, qo‘shiq va videokliplar yaratishda amaliy yordam ko‘rsatish, ommaviy madaniyatni targ‘ib qilmaslikning oldini olish, qo‘shiqlardagi matn va ularga ishlanayotgan klipdagi ba’zi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish borasida qator chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda.

Badiiy kengash a’zolari 15 kishidan iborat bo‘lib, tarkibiga Yozuvchilar uyushmasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi,  Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqidan mas’ul xodimlar, musiqashunoslar, klipmeykerlar va san’at sohasi namoyandalari kiritilgan.

Shuningdek, kengashning ish faoliyati “O'zbekiston–24”, “Yoshlar”, “Sevimli”, “Mening Yurtim” telekanallari, gazeta va internet tarmoqlari orqali muntazam yoritib borilmoqda. Lekin, negadir mazmunan sayoz, bachkana qo‘shiqlar soni kamayish o‘rniga, yulib tashlanadigan yovvoyi o‘tdek ko‘paymoqda.

Agar raqamlarga murojaat qilsak, mazkur kengash tomonidan joriy yilning 8 mayiga qadar 7 marotaba  yig‘ilish  o‘tkazilgan. Unga 59 nafar  san’atkor tomonidan taqdim etilgan 64 qo‘shiq va videoklip o‘rganilib, bildirilgan fikr-mulohazalar muhokamasi asosida xulosa va tegishli tavsiyalar berilgan. Shulardan aksariyatiga odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyatiga zid bo‘lgani, ijrochilarning kiyinishi, xatti-harakatlari ma’naviyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, tomoshabinlarning fikrini chalg‘ituvchi holat va kamchiliklari bo‘lgani bois, efirga uzatish rad etilgan.

Jumladan, Badiiy kengashning yig‘ilishlaridan birida  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva tomonidan ijro etilgan “Yurak” (Hamdam Sobirov so‘zi, Jasur Badalboyev musiqasi) qo‘shig‘ining so‘zlari mantiqan mukammal emasligi hamda klipdagi ayrim kadrlar nojoiz ekanligi uchun qaytarilgan. Shuningdek, “Nihol” mukofoti sovrindori Hulkar Abdullayeva kuylagan “Dard” qo‘shig‘ining so‘zlari va ijrosi yaxshiligi, ammo, qo‘shiqqa ishlangan klipda me’yordan chiqilganligi uchun qayta olish tavsiya etilgan.

Bundan tashqari, “Via Marokand” guruhi tomonidan kuylangan so‘zi va musiqasi Jasur Badalboyevga mansub bo‘lgan “Turist” qo‘shig‘ining matni sayoz, mantiq va she’riyat talablariga javob bermasligi, olingan klip kadrlari ham tushunarsiz ekanligi tanqid qilingan. Siz ham eshitib ko‘ring-chi:

Bilmadim, bilmadim men hali dunyo ko‘rmadim,

Bir oy bo‘lamiz turist.

Suv osti olimi Jak Iv Kusto,

Ram pa papam tara tira tira tam.

Sirli olam kezaman

Rim yoki Indiya

Emiratmi Indoneziya

Ram pa papam tara tira tira tam.

Ushbu aralash matnni qanday tushunish mumkin? Bu ona tilimizga behurmatlik emasmi?  Aynan shu kabi qo‘shiqlar  yoshlar tarbiyasini buzayotgani hammamizga ayonku, axir! Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Ochig‘i, oramizda hech kim inkor eta olmaydigan bir haqiqat bugun bo‘y ko‘rsatib turibdi. Ya’ni, yoshlarimiz (15 dan 20 yoshgacha) kiyinishda, yurish-turishda, soch turmaklashda estrada xonandalariga taqlid qilayaptilar. Og‘zilaridan o‘sha almoyi-aljoyi satrlar tushmaydi. Jumladan, “Shak-shakarim yoron-ey, balle, Shek-sheki badan, obbo san-ey, balle-balle...”,  “Yozgan qo‘shig‘ing menga, Anglolmadim men, Yana yo‘qdir hech bir so‘zimda, Takror, takror so‘zlar...”, “Laylo opang qani, Zuhro opang qani, Jinni qildi sani opang mani...”, “Yulduz ma’yus, Tuni bo‘yi beuyqu yuzma-yuz. Qani endi mening mehrim, Qani endi u tuyg‘u?..” kabi poyintar-soyintar jumlalarni eshitganimizda, yurakda og‘riq paydo bo‘ladi. Afsuslanarli tomoni shundaki,  bunday qo‘shiqlar, ayniqsa, nodavlat tele va radio kanallarda tijoriy maqsadlarda aylantirilmoqda.  Nima deb alahsirayotganini o‘zi tushunmaydigan bunday “qo‘shiqchi”lar o‘zini kim, deb bilisharkin? San’atkormi yoki savdogar?

Ayrim ijrochilar G‘arb san’atiga taqlid qilib, ajnabiy musiqalarni aralashtirib, mazmunan sayoz matn qo‘yib kuylashdan nega uyalishmayapti? Muammoning tub ildizlarini qidirar ekansiz, gap borib kuy bastalovchi yoki “aranjirovkachi” deganlarning birovlardan ko‘chirilgan “ijod”­lari uchun  savdogarchilik, tirikchilik qilib yurishganiga taqaladi. To‘g‘rida, endigina  san’at ostonasiga qadam qo‘yayotgan o‘smir, “yulduz” bo‘lish istagida, ilojsiz ularning safiga qo‘shiladi. 

Xolis aytganda, shu mavzu haqida kimdan fikr so‘ramang, xonandalar bilan birga tinglovchilarni ham ayblaydilar. Buni to‘ylarda ko‘p kuzatish mumkin. Kuni kecha bir to‘yda bo‘ldik. Xonandadan yengil-elpi qo‘shiqlarni so‘rab “buyurtma” berayotganlarning aksariyati yoshlar. “Munojot”, “Tanovor” kabi mumtoz qo‘shiqlar kuylanganda, aynan o‘sha yoshlar go‘yo o‘zini diqqinafas bo‘layotgandek tutishdi. Demak, ma’lum ma’noda o‘sha poyintar-soyintar jumlalar to‘lib-toshgan xirgoyilar yoshlar ongiga o‘rnashib bo‘lgan. Millatning qadriyatlari namoyon bo‘ladigan to‘ylarimizda bu kabi holatlarning avj olayotgani tashvishlanarli, albatta.

To‘g‘ri, bugun kimgadir sen nega bu qo‘shiqni eshitayapsan yoki aytayapsan, deb taqiq qo‘yib bo‘lmaydi.  Aksincha, har bir xonanda erkin ijod qilish, istagan qo‘shig‘ini kuylash huquqiga ega. Biroq, qo‘shiq inson ruhiga, ma’naviyatiga bevosita ta’sir etarkan, xonanda qaysi xalq nomidan sahnaga chiqayotganini unutmasligi kerak. 

Shu o‘rinda, xo‘sh muammo shunchalik chuqur ekan, endi nima qilmoq kerak, degan haqli savol o‘rtaga chiqadi. Ayni kundagi mavjud vaziyatni hisobga olib yosh ijrochilar, avvalo, kitob o‘qishlari, milliy qadriyatlarimizdan, maqomdek mumtoz merosimizdan xabardor bo‘lishlari, har bir qo‘shiq asosida milliy musiqa, puxta matn, mahoratli ijro yotishi kerakligini tushunib olishlari zarur.

Shuningdek, umumta’lim maktablaridagi musiqa darslari soatini, musiqa to‘garaklari soni va turi hamda saviyasini  imkon qadar oshirib borish kerak. Yoshlarimizning musiqiy janrlar va qo‘shiqlarning badiiy, g‘oyaviy jihatlaridan chuqurroq xabardor bo‘lib borishi esa, ularni saviyasi past, yengil-elpi qo‘shiqlar ta’siriga tushib qolish holatlaridan asrashga xizmat qilishi shubhasiz. Ana shunda didi, saviyasi baland yoshlarimizga yoqadigan qo‘shiq yaratish uchun xonandalarimiz ham yanada ko‘proq izlanishga majbur bo‘lishi turgan gap.

Muxtasar aytganda, axloqqa zid, mazmunan sayoz qo‘shiqlar ko‘pgina illatlarga sabab bo‘ladi. Insonni go‘zal maqsadlardan, ulug‘vor g‘oyalardan chalg‘itadi, didini o‘tmaslashtiradi. Ayniqsa, yoshlar ruhiyatida yengil-elpi hayotga moyillikni kuchaytiradi. Asta-sekin sog‘­lom fikrga aks ta’sir ko‘rsata boshlaydi, putur yetkazadi. Shu sababli, masalaga jiddiy qarashimiz, jamoatchilik nazoratini doimiy ravishda olib borishimiz shart.

Zero, yurt kelajagini ma’naviyati butun, saviyasi yuksak avlod qurar ekan, demak bugungi kunda yaratilayotgan, kuylanayotgan kuy-qo‘shiqlar yosh avlodni ezgu ishlarga ruhlantirsin, hayotga, Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otadigan bo‘lsin. Shu bois, milliy estrada san’atimizdagi kamchiliklarga murosasiz bo‘lishimiz lozim.

Abdusalim MAHMUDOV

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

SINOVLARGA SABR QIL

SINOVLARGA SABR QIL

Ey mening o‘g‘lim, namozni mukammal ado etsang, to so‘nggi nafasinggacha kamol topgaysan. O‘zing amal qilgan holatda boshqalarni …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *