Последние новости
Sabr, shukr, harakat – hayotimizning bor mohiyati shumikan...
Домой » YANGILIKLAR » MADANIYAT » MA'NAVIYAT » Sabr, shukr, harakat – hayotimizning bor mohiyati shumikan...

Sabr, shukr, harakat – hayotimizning bor mohiyati shumikan...

Ba’zilar ijod jarayonini qo‘zilatish mavsumi deb o‘ylaydi, chog‘i, kunda kunora xit qiladi: - “Yangisidan bormi? Yana kitob chiqdimi?” O‘zini hurmat qilgan har qanday ijodkor bunday savollarni aylanib o‘tadi. “Adabiy qo‘zilatish”ni qoyillatib uddalayotgan – paydar pay “kitob” chiqarayotgan olg‘irlar bundan mustasno, albatta.

– Kimning muxlisisiz? – so‘radilar undan. – Bu kishim o‘ziga fanat, – javob berdi yonidagi sherigi.

***  ***  ***

Yoshlik havosi: “Shular uchun yozamanmi?” Yetuklik iddaosi: “Shularni deb yozib yuribmanmi hali?” Keksalik nidosi: “Endi kim uchun yozaman?”

***  ***  ***

Ijod targ‘ibotida ham o‘rta yo‘lni tutgan maqbulga o‘xshaydi: - hadeganda reklama bo‘laverib jonga tekkandan yomoni yo‘q, hech kim tanimay tursa ham bo‘lmaydi. O‘rtamiyonalik – bu endi boshqa masala.

***  ***  ***

Tan olinishni istayotgan odamning vajohatidan qo‘rqqulik.

***  ***  ***

Bu kishi sizni o‘zingizga yomonlab, boshqalarga maqtaydi. Sevimliligining siri shunda bo‘lsamikan.

***  ***  ***

Sizga yaxshilik qilishlari uchun imkon bering, ehtimol, shuning o‘zi ham bir yaxshilikdir...

***  ***  ***

Ular qichqiraversin: Hayot – bu lahza. O‘yna. Siz o‘zingiz uchun javob bering: Hayot – bu lahza. O‘yla!

***  ***  ***

Sabr, shukr, harakat – hayotimizning bor mohiyati shumikan...

***  ***  ***

O‘zing xarob bo‘lsang dunyoni qanday obod etasan, ey ko‘ngil?!

***  ***  ***

Singadigan joyga suv sepgan yaxshi, degan ekan eskilar.

***  ***  ***

Mag‘lubiyatini oldindan aniq bilgan va tan olgan odamning kurash maydoniga chiq(aril)ishi naqadar ayanchli!

***  ***  ***

Kunda-kunora biror tadbiriga taklif qiladigan tashkilot haqida hamkasbimiz o‘xshatib bir gap aytgandi: - “Ular suv qaynatsa ham chaqiradi”.

***  ***  ***

Ba’zan yomg‘irga aylanging keladi – beozor, barokotli yomg‘irga...

***  ***  ***

Bir yumalab boshqa qiyofaga kirib oladigan odamlarga duch kelsam, qaysidir hikoyadagi duv-duv ko‘zyosh to‘kayotgan “bechora” shaytonni eslayman.

***  ***  ***

Yurganga yarasha yursang tirikday...

***  ***  ***

Borgan sari odamlarning gap-so‘ziga emas, ishiga qarab baho beradigan bo‘lyapman; chiroyli so‘zlari amali bilan bog‘langanlarni kam ko‘rdim, juda kam ko‘rdim.

***  ***  ***

Shunday tozargansanki, yana g‘ubor yutib qo‘ymay deb nafas olishga ham qo‘rqasan...

***  ***  ***

To‘g‘ri, did masalasida tortishib bo‘lmaydi, lekin didingga daxl qilmoqchi bo‘lgan didlar bilan ham hisoblashib turish kerak.

***  ***  ***

Hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirayotgan odamni o‘tmishdagi xatolari, avvalgi ahvolini eslatib malomat qilishga haqqimiz yo‘q!

***  ***  ***

Agar libos ocharchilik va baxtsizlikka sabab bo‘lsa, u o‘z chiroyini yo‘qotadi, deydi Mahatma Gandi. Bu haqiqatni anglash uchun Gandi darajasida fikrlash shart bo‘lmasa kerak.

***  ***  ***

Yo‘l to‘sib yo‘l ochadiganlar bor, Yo‘l ochib yo‘l to‘sadiganlar bor.

***  ***  ***

Cizlar yuksak saviyada yozishga harakat qilishingiz kerak, o‘rtamiyonalikni o‘zimiz ham eplab turibmiz. (Ustoz ijodkor maslahatidan.)

***  ***  ***

Ta’lim-tarbiya jarayonida birinchilardan bo‘lib “birovning haqi” masalasini o‘rgatish kerakka o‘xshayapti. Agar tarbiyachining o‘zi birovning haqidan qo‘rqadigan bo‘lsa, albatta.

***  ***  ***

Hamma yaxshilar ham mard bo‘lavermas.

***  ***  ***

Diplom yetuklik belgisi bo‘lsa, “oliy ma’lumotli” johillar qaydan kelib chiqarkan?!

***  ***  ***

Eskilar bilib aytadi: Xudodan qo‘rqmaydigandan qo‘rq!

***  ***  ***

Bugungi yallachilarni o‘zimizcha boplab tanqid qilamiz, ularni yomonlab aytmagan gapimiz qolmaydi; ortidan maza qilib yana o‘shalarning “ashilla”larini eshitib, videolarini tomosha qilib o‘tiraveramiz. Zo‘r-a!

***  ***  ***

“So‘z davolashga qaraganda tezroq jarohatlaydi”. Donishmand Gyote bobo ham ushbu fikri bilan “Kamroq gapiringlar!” deya uqtirayotgan bo‘lsamikan.

***  ***  ***

Ba’zi xotiranamo kitob-maqolalarni o‘qib bosh qahramon Aroqmi deb o‘ylaysan; - xotirlanmish ham, muallif ham shishalar ostida yo‘qolib ketgandek...

***  ***  ***

O‘ziga yoqmaganni tanqid qilaverish kaltafahmlikka dalolatdir.

***  ***  ***

Boshqalarni aldayotgan kishi, avvalo, o‘zini aldayotgan bo‘ladi.

***  ***  ***

O‘zidan orta olmaslik baxtsizligi odamzodni xonavayron qiladi.

***  ***  ***

Bilmasangiz, jim turing, yaxshi bilmasangiz, yanayam ko‘proq jim turing!

***  ***  ***

Tirigida qadrlash tugul bir og‘iz shirin so‘zni darig‘ tutamiz. O‘tganidan keyin... xotira yozamiz, faqat xotira.

***  ***  ***

Qo‘yib bersa, qabr ichiga kirib ham “selfi” qilsa – o‘zini o‘zi suratga tushirsa. Ostiga “Men go‘rda ham o‘zimni sevaman!” deb izoh yozib qo‘ysa...

***  ***  ***

Farzand ham imtihondir. “Xudo asrasin-u, bolang yomon bo‘lsa, o‘lib ham qutula olmaysan”, degich edi bir birodarimiz.

***  ***  ***

Nimalarnidir anglashga tirishayotgan biz kichkina odamlar muhit ta’siriga tushib shuncha qiynalayotgan bo‘lsak, endi bashariyat buyuklarining iztiroblari naqadar ulug‘ ekanini tasavvur qilavering.

***  ***  ***

Xafa bo‘lishga arzimaydigan odamga aylanib qolishning o‘zi xafa bo‘lishga arziydi.

***  ***  ***

Aytilmagan so‘zning ham uvoli bor.

***  ***  ***

Orsizlar aziz joyda ahli hayoga kun yo‘qligi aniq.

***  ***  ***

Eng yaramas bahona: “Atay qilganim yo‘q-ku!..”

***  ***  ***

Mopassanga mayli-da desang, Chexovni ham ingliz tilidan (?!) tarjima qilib, nashr etishyapti. Shuning o‘zi ham savod-darajamizni ko‘rsatib turibdi...

***  ***  ***

Odam oila bag‘rida o‘zini xotirjam his qilmas ekan, boshqa joyda ham xotirjam bo‘lolmaydi.

***  ***  ***

G‘alati odamlar bor: aslida xizmat vazifasi, burchini bajarayotgan bo‘ladi-yu, o‘zini boshqalarga himmat-marhamat ko‘rsatayotgandek tutadi.

***  ***  ***

Oson ishning qizig‘i yo‘q. (Maktabdagi geografiya o‘qituvchimiz Yunusali Egamovning ta’kidi.)

***  ***  ***

Bolalar yaxshilikni unutmaydi. Yomonlikni ham.

***  ***  ***

Kechirasizlar-u, “erkakcha zino” – fohishlik ham juda og‘ir gunoh, jirkanch illatdir. Biz esa buni ko‘pincha “sho‘xlik” yo “yigitchilik” deya xaspo‘shlaymiz.

***  ***  ***

Ba’zi-birovlar boshqalarning o‘limidan ham o‘z maqsadi yo‘lida foydalanmoqchi bo‘ladi.

***  ***  ***

Kuchli mo‘min ko‘pincha “engilib” yutadi, chunki u hech qachon ojizlar bilan tenglashmaydi.

***  ***  ***

Agar odamlar jon har lahzada ayrilib qolish xavfi bor omonat ekanini anglab yetganida, allaqachon bir birlarini kechirib yuborgan bo‘larmidi...

***  ***  ***

Axir bu ketishda umringiz barbod, Borini “sotka”ga sovurgan avlod!

***  ***  ***

Anglaydigan odam uchun xatolar ham buyuk murabbiydir.

***  ***  ***

Ko‘rishamiz. Suhbatlashamiz. Ko‘ngil yozib hasratlashgan bo‘lamiz. Keyin... yana xabarlashamiz. Qo‘ng‘iroqlashamiz. Dardlashamiz. Ammo hech qachon ichimizdagini oshkor etmaymiz – asosiy gapni aytmaymiz. Baribir, bir-birimizga ishonmaymiz. Yo gapim to‘g‘rimi?

***  ***  ***

Shunchaki chiroylilar ko‘p. Husni xulq egalari qani?

***  ***  ***

Qo‘rqoqlikdan ko‘ra nomardlik ayanchliroqdir.

***  ***  ***

O‘zini nuqul boshqalar qarichi bilan o‘lchaydigan odam hech qachon yuksala olmaydi.

***  ***  ***

Ko‘p yolg‘on gapiruvchi, va’dasida turmaydigan odamlardan bir-bir uzoqlasha boshladim. Qarasam, yonimda hech kim qolmabdi, degan ekan bir g‘aribi bechora.

***  ***  ***

To‘g‘ri ovqatlanishni o‘rganish to‘g‘ri yashash uchun qo‘yilgan asosiy qadamlardandir.

***  ***  ***

Ba’zi oilalarda muhit shundayki, bolalar bundan ko‘ra ko‘chada tarbiya olgani ma’qulroqmi, deysan.

***  ***  ***

Rayhon rayhon emas, shamol bo‘lmasa...

***  ***  ***

Eng ojiz odam ham o‘ch olishga qodirdir. Kechirimlilik esa ko‘pincha eng kuchli ko‘ringan odamning ham qo‘lidan kelmaydi.

***  ***  ***

Tungi uyqu qanday bo‘lishi kunduzi nelar bilan mashg‘ul bo‘lganingga bog‘liq. Agar kunni chiroyli amal, yaxshi so‘z, toza o‘y-xayollar bilan o‘tkazcang, uyqularing ham ibodatga aylangay.

***  ***  ***

Ba’zi qilmishlaring uchun hammasini benuqson ko‘rib-kuzatib turgan bir Zotdan hayo qilish o‘rniga tasodifan ko‘zi tushib qolgan bandasidangina uyalayotgan ekansan, demak, ahvoling juda og‘ir.

***  ***  ***

Adashib ham birovni aldayman deb o‘ylamang. Hammasi bexato hisob-kitob qilinib turibdi.

***  ***  ***

Ushbu web-sayt ma’muri va muallifi hamda oddiy bir inson sifatida Sizga Allohdan, sihat-salomatlik, tinchlik va hotirijamlik hamda boshlagan ezgu ishlaringizda omad nasib etishini chin dildan tilab,

Hurmat va ehtirom ila, Qobiljon Ataxanov

P.S. Jamlanma Sizga manzur kelgan bo‘lsa, iltimos, quyidagi tugmalardan birini bosib yaqinlaringiz bilan o‘rtoqlashing! Agar maqolaga munosabat bildirib, o‘z sharhingizni yozib qoldirsangiz bag‘oyat hursand bo‘laman va oldindan minnatdorchiligimni izhor qilaman!

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

Ikki ma’rifatparvarning yagona maqsadi

Ikki ma’rifatparvarning yagona maqsadi

Odatda Turkiston milliy uyg‘onish harakatining timsoli sifatida Mahmudxo‘ja Behbudiyning nomi tilga olinadi. Hoji Muinning “Ijodiy …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *