Последние новости
Домой » INTERNET BIZNES » «VIRTUAL QO‘SHMACHILIK»

«VIRTUAL QO‘SHMACHILIK»

«VIRTUAL QO‘SHMACHILIK» unga qachon nuqta qo‘yiladi?

Bundan o‘n yillar muqaddam hammamiz xorijiy yengil-elpi seriallarni mukkamizdan ketib, tomosha qildik. Birontamiz uning natijasi haqida qayg‘urmadik. Oqibat nima bo‘ldi? Oila masalasiga yengil-elpi qarash, oilaviy ajrimlar muammosiga bugun boshimiz bilan urildik. O‘smirlar va ayollar orasida jinoyatchilik ko‘paydi. O‘z farzandini sotayotgan, nobud qilayotgan ayollar haqidagi xabarlarni eshitish oddiy holga aylandi...

Biz hozir so‘z yuritayotgan masalaning tashvishlananrli jihatlari ham bundan kam emas. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ayrim mobil aloqa kompaniyalari tomonidan o‘z abonentlariga jo‘natilayotgan SMS-xabarlar ham vaqti kelib, yuqoridagi seriallar kabi milliy ma’naviyatimizni poymol etishga munosib “hissa” qo‘shishi turgan gap.

“Yuragingiz qiynasa firoq...”

To‘satdan telefonim jiringlab qoldi. Go‘shakni ko‘tarsam, yoqimli ovozli bir qiz ehtiros bilan gap boshladi: «Xayrli kun! Zerikyapsizmi? Biz bilan yangi tanishlar orttiring va vaqtingizni mazmunli o‘tkazing. Muloqotni davom ettirish uchun birni bosing...»

Dovdirab qoldim. Nimani bosishni bilmay turdim... Bir muddat o‘tibgina xayolim joyiga keldi: axir bu operator qiz-ku! Aloqa kompaniyasidan.

Obbo! Turli ko‘ngilochar SMS-xabarlar kutilganidek natija bermadi, shekilli, mobil aloqa kompaniyalari endi bu yo‘lga o‘tibdi-da, deb o‘yladim va o‘tgan yili ayni mavzuda tanqidiy-tahliliy bir maqola yozganim esimga tushdi-yu, kayfiyatim buzildi.

“Uch tsentlik muhabbat yoxud qonun doirasida ma’naviyatni yakson qilayotganlar” sarlavhali o‘sha maqolada mobil aloqa kompaniyalari tomonidan abonentlarga jo‘natilayotgan SMS-xabarlarning yosh avlod ongiga, ma’naviyatimizga keltiradigan ziyoni xususida so‘z yuritilgan edi. Maqola e’lon qilingach, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘tarilgan muammo haqiqatan nihoyatda dolzarbligi, bunday ko‘rinishda jo‘natilayotgan  SMS-xabarlar yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bilan bir qatorda, milliy mentalitetimizga ham zid ekanini hisobga olib, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar, kontent-provayderlar hamda mobil aloqa operatorlari bilan hamkorlikda amaldagi qonunchilik talablari asosida shu kabi xizmatlar yuzasidan tegishli faoliyat olib borish bo‘yicha ish boshlangani, tanqid qilingan mavzudagi SMS-xabarlarga tez orada chek qo‘yilishini aytgan edi.

Oradan bir yil o‘tdi. Xo‘sh, nima o‘zgardi? “Yuragingiz qiynasa firoq...” qabilidagi SMS-xabarlarga barham berildimi? Menga va boshqalarga kelayotgan oshkora ishqiy munosabatlarga, tiyiqsizlikka targ‘ib etuvchi SMS-xabarlarga qaraganda, amalda hech bir o‘zgarish qilinmaganga o‘xshaydi...

“Qonuniy” faoliyat

Bunday mazmundagi SMS-xabarlar kamayish o‘rniga, aksincha, bemaza qovunning urug‘idek ko‘payib ketdi. So‘zimiz yolg‘on bo‘lmasin, ayrim misollarni keltiramiz: «Quyosh isitmaydi, osmon yig’laydi. Qish ostonada vaqtin poylaydi. Zeriksangiz, yuragingiz qiynasa firoq, «0961» ga qiling qo’ng’iroq («Ucell»), «Go’zal qizlar va yigitlar shahri. «7777» ga qo’ng’iroq qiling va TANISHING («Ucell», 93-...-38-34 raqamiga kelgan).

«Go'zal qizlar va yigitlar! «555»ga qo'ng'iroq qiling! Qo'ng'iroqlar BEPUL! Tanishing va gaplashing! 1chi 3 kun BEPUL! Kuniga ATIGI 842 so'm», «Maroqli suhbatdan bahramand bo'ling! «0711»ga qo'ng'iroq qilib suhbatdoshingiz bilan yolg'iz suhbatlashing. Qo'ng'iroq bepul», («Beeline», 90-...-03-72 raqamiga kelgan).

«Bahor - Yangi tanishuvlar fasli. Vaqtni qo‘ldan boy bermang. “0789”ga qo‘ng‘iroq qiling va yangi do‘stlar orttiring!», «O‘zingizga mos bo‘lgan insonni topishni xohlaysizmi? “8888” raqamiga BYePUL qo‘ng‘iroq qiling!» (“UMS”,  97-...-17-63 raqamiga kelgan).

Mana, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan uch yirik mobil aloqa kompaniyasidan abonentlarga kelayotgan SMS-xabarlar. Ko‘rinib turibdiki, ularga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan.

Mazkur SMS-xabarlarni jo‘natishdan ko‘zlangan asl muddao nima ekanini bilish maqsadida vazirlikka murojaat qildik.

— Kontent operator (provayderlar) bilan imzolangan litsenziya kelishuviga binoan, litsenziatning texnik vositalardan konstitutsion tuzumga tajovuz qilishga urinilgan, urushni, zo‘ravonlik hamda pornografiyani targ‘ib qilgan, diniy va millatchilik nizolarini keltirib chiqaruvchi axborotni tarqatishi, davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor qilish, inson qadr-qimmati hamda sha’nini tahqirlash, qonunga xilof bo‘lgan boshqa xatti-harakatlarni amalga oshirishi taqiqlanadi, — deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bosh mutaxassisi Shuhrat SATTOROV. — Kontent operator (provayderlarning) texnik vositalari orqali tarqatilayotgan axborotlar vakolatli davlat organlari tomonidan o‘rganib boriladi. Qonunga xilof holat aniqlangan taqdirda, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga ma’lum qilinadi. Qonun buzilish holati tasdiqlansa, vazirlikka shu litsenziatning faoliyatini o‘n kunga to‘xtatish bo‘yicha murojaat qilinadi. Kontent operator (provayderlar) ogohlantirishdan so‘ng mazkur holatni o‘z muddatida bartaraf qilmasa, ularning litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Ko‘rib turganingizdek, vazirlik vakilining bu safargi javobi o‘tgan yilgisidan butunlay farq qiladi. Mazkur javobdan, afsuski, mobil aloqa kompaniyalarining bu faoliyati qonunga xilof emas, degan xulosaga ham kelish mumkin.

Vahima qilayotganimiz yo‘q...

“Mobil aloqa kompaniyalari o‘z abonentlariga yo‘llayotgan SMS-xabarlar u qadar xavfli emas, ja-a ortiqcha vahima qilavermang”, deguvchilar ham topilishi tabiiy. Shundaylarga savolimiz bor: xo‘sh, o‘sha xabarlar mo‘ylovi sabza urib qolgan o‘g‘lingizga yoki hali maktabda o‘qiydigan qizingizga kelsa-chi? Ular yoshlarga xos qiziquvchanlik bilan, sizdan pinhona tarzda o‘sha SMS yo ovozli xabarlar ortidan ergashib ketsa-chi? Ehtirosli gap-so‘zlarga mahliyo bo‘lib, notanish yigit-qizlar bilan ishqiy munosabatlarga rag‘bati oshib qolsa-chi? O‘shanda ham shunday fikr yurita olasizmi? Umuman, o‘zbek xalqini o‘z juftini qandaydir begonalar bilan telefonda gaplashib topishiga, ishqiy suhbatlar qurishga chorlov milliyligimizga bolta urish, yoshlar tarbiyasi bo‘yicha davlat siyosatiga zid ish emasmi? O‘sha kontent provayderlar va aloqa operator kompaniyalari, boringki, jarayonni jim kuzatib turgan vazirlik bunday xatti-harakatlarni tadbirkorlik faoliyati sifatida talqin qilsa, masalaning mafkuraviy tomonini kim o‘ylaydi?

— O‘n uch yashar qizimning qo‘l telefoniga yigitlar bilan tanishish va o‘ziga munosibini tanlash qabilida kelgan xabarni ko‘rib, fig‘onim falakka chiqdi, — deydi poytaxtlik Marhabo Rizayeva. — Kompaniyadagilar bunday xabarlarni duch kelgan raqamga jo‘nataverishi bedodlik emasmi? Kompaniyalarning odamni yengil-elpi hayotga targ‘ib qiladigan xabarlarni tinimsiz yuborishi ona sifatida meni qattiq xavotirga soladi. Bunday bedodlik va ma’naviyatsizlikka chek qo‘yish kerak axir! Biz ma’naviyatsizlikni madaniyat deb biladigan G‘arbda emas, O‘zbekistonda yashaymiz!

Ha, o‘smir farzandi bunday SMS-xabarlarni istab-istamay o‘qiyotgani onani xavotirga solayotganining sababi bor, albatta. Ayol aytganidek, mobil aloqa kompaniyalari bu kabi SMS-xabarlarni yoshu qariga birdek jo‘nataveradi. Endigina o‘n ikki yoki o‘n uch yoshga qadam qo‘ygan yigit-qizning qo‘l telefoniga bu kabi ma’lumotni jo‘natish to‘g‘rimikan? Bundan kimga foyda, kimga zarar?

Mamlakatimizda milliy ma’naviyatimizni himoya qiladigan, biz fikr yuritayotgan masala yuzasidan nazorat o‘rnatadigan tegishli mutasaddi tashkilotlar ham bor-ku! Ular qayerga qarayapti? Bu borada ularning fikri qanday?

Gullola ISOQOVA,

Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi bo‘lim boshlig‘i:

— Aloqa kompaniyalari abonentlarga: «555»ga qo‘ng‘iroq qiling va 1 chi 3 kun BYePUL suhbatlashing», «Yigitlarga sevgi izhori yuboring», «Bir-biringizga qanchalik mossiz, «SYeV» so‘zini yuboring», «Ovozli chatlar va baxtli tanishuvlar xizmati» kabi SMS-xabarlarni betinim yuborib turishi yoshlarimiz tarbiyasi bilan qiziquvchi har qanday kishini xavotirga soladi. Mamlakatimizda faoliyat yurituvchi uyali aloqa kompaniyasining maxsus eksperti bilan suhbatda ma’lum bo‘ldiki, ushbu “SMS-reklama”lar alohida kompaniyalar bilan (“Smart Mobile Group”, “Kron mobile”) shartnoma asosida ishlab chiqilib, yo‘lga qo‘yilgan ekan. Aynan shu SMSlarni o‘chirib qo‘yish mumkin emas. Turli SMS-xabarlar va umuman tashqi kuchlarning ta’sir darajasi, albatta, bu birinchi navbatda insonning tarbiyasi, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Ko‘ngilochar “SMS e’lon”lar yoshlarni o‘qish, bilim olishdan chalg‘itish bilan bir qatorda, real hayotdan uzoqlashtirib, ma’naviyatimizga aks ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini inkor etib bo‘lmaydi. Chunki o‘smirlik payti hissiyotlarga berilgan, qiziqishlari qaynayotgan davr hisoblanadi. Bu borada mafkuraviy, ma’naviy immunitetni shakllantirish, oilada, ta’lim muassasalarida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish muhim vazifalardan biridir.

Bunday SMS-xabarlarning salbiy oqibatlari yuzasidan markazimiz tomonidan OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda muntazam chiqishlar qilib turiladi. Lekin bu kam. Kompaniyalarga bunday SMS-xabarlardan qanchalik moddiy foyda keladi — bu yog‘i bizga qorong‘u, lekin ularning farzandlarimizning odob-axloqiga, tarbiyasiga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmasligini bilamiz. Kompaniya tomonidan raqamlar faqatgina pasport orqali sotilishini inobatga olsak, uyali operator kompaniyalari uchun barcha mijozlar voyaga yetgan hisoblanadi. Biroq bugun mobil telefonlarini o‘quvchilar ham tutishini hisobga olmoq kerak. Shu ma’noda, kelgusida ko‘ngilochar portallar xizmati ko‘rsatilmaydigan paketlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi hamda uyali kompaniyalar tomonidan abonentlarga keladigan SMS-xabarlarning ma’naviy sifati va mazmunini Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazining maxsus ekspert komissiyasi nazoratidan o‘tkazilishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz.

Nurullo ABDULLAYEV,

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Axborot xizmati rahbari:

— Siz nazarda tutgan SMS-xabarlarning abonentlarga yuborilishi va qabul qilinishida to‘siq yo‘qmi? Bor. E’tibor bergan bo‘lsangiz, aksariyat xabarlarda shu yo‘nalishdagi xabarlarni o‘qish uchun qaysidir raqamga SMS yuborishingiz so‘raladi. Sizga bu kabi xabarlar yoqmaydimi, demak, qayta so‘rov yubormang, tamom-vassalom.

Ayni paytda to‘siqlarning yo‘qligiga yana bir sabab bu kabi SMS-xabarlar aloqa kompaniyalari tomonidan tayyorlanmaydi. Ya’ni, shu mazmundagi materiallarni tayyorlovchi va kompaniyaga yuborish uchun taklif qiluvchi xususiy tashkilotlar mavjud. Albatta, tekinga emas. Buning orqasidan mo‘maygina daromad topish mumkin. Aloqa kompaniyasi bu jarayonda nima qilyapti? Xabarni oladiyu ko‘r-ko‘rona abonentga yuboradi va undan har bir SMS uchun muayyan miqdorda pul yechadi. Bu summaning bir qismi uyali aloqa kompaniyasiga qolsa, qolgani materialni tayyorlovchi kompaniyaga o‘tkazib beriladi. Demak, har ikki tashkilot ham faqat daromadni ko‘zlaydi, maqsadi tijorat bo‘lgani bois, ko‘p hollarda xabarlar mazmun-mohiyati, ular keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlar qiziqtirmaydi. “Tadbirkorlik bu” deydi, xolos.

Bizningcha, bu kabi holatlarning oldini olish uchun uyali aloqa kompaniyalari qoshida tegishli tashkilotlarning (Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqalar) tajribali vakillaridan iborat kengash yoki ishchi guruh faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerak. Informatsion xarakterga ega bo‘lmagan xabarlarni ular ko‘rigidan o‘tkazish hamda abonentlarga yuborish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bundan tashqari, yuboriladigan xabarlarni tarqatish yosh kategoriyasini ham ishlab chiqish zarur. Birinchi navbatda, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan mobil aloqa kompaniyalariga beriladigan litsenziya shartnomasiga maxsus band kiritish va doimiy ravishda monitoring olib borish maqsadga muvofiq. Shundagina aniq bir natijaga erishish mumkin.

Pul sayraganda, haqiqat tilini tishlaydi, degan gap bor. Pul uchun o‘zini sotib yuboradiganlar ham ko‘p. Abonentlarga kelayotgan ko‘ngilochar mazmundagi SMS-xabarlar haqida o‘ylaganda, shunday fikr keladi: mobil aloqa kompaniyalari daromad topish uchun tadbirkorlik niqobi ostida “virtual qo‘shmachilik” bilan shug‘ullanmayaptimikan?! Mazkur masala yechimi borasida mutasaddi vazirlik va idoralar muammoni o‘zidan soqit qilmasdan, xalqimiz ma’naviyati, mafkuramiz sog‘lomligi, eng muhimi, yoshlarimiz tarbiyasi haqida o‘ylab, qayg‘ursa, ma’naviyatimizni ko‘z o‘ngimizda poymol etilishiga xizmat qilayotgan bunday nojoiz ishlarga chek qo‘yilgan bo‘lardi.

G‘ulomjon AHMAD

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

FISHING firibgarlar qarmog‘iga tushmaslik yo‘llari-miniatyura

FISHING: firibgarlar qarmog‘iga tushmaslik yo‘llari

Korxonalarning ko‘pchiligi axborot xavfsizligi siyosatiga yetarli darajada e’tibor qaratayotgan bo‘lsada, xodimlarning aksariyati hanuzgacha xavfni qanday …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *