Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » MADANIYAT » MA'NAVIYAT » Serial boshlandi uning tarbiyaga ta’siri

Serial boshlandi uning tarbiyaga ta’siri

SERIAL BOSHLANDI. TARBIYAVIY SOATGA VAQT YO‘Q...

(So‘ngaklarni Nihon o‘rtar...)

Kech soat sakkiz bo‘lishiga qaramay ko‘cha yuzidagi eski, alimsoqdan qolgan bekatni 4-5 yigit “qo‘riqlab” o‘tiribmiz.

Oradan jimlikni Sobir buzdi. Nima emish, serial ko‘rarmish. Nomiyam allambalo: “Malikam, endi qara”...

Serial bahonasida biz ham “oshiyon”imizni tashlab, uyga yo‘l oldik. Soat millari kechki to‘qqizga yaqinlashar ekan, Sobirning odimlari ham tezlashdi. Darvoza oldida xayrlashdik.

Uyga kirsam, deyarli hammani, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga “mute’” qilgan “Sevgi iztirobi” serialini berilib tomosha qilishmoqda. Na chora, biz ham eng ommalashga serialni ko‘rishga majburmiz.

Ammo, ovoza qiladigan hech nimasi yo‘q serialda. Yo‘g‘e, bor ekan. Axir, hech kim Kamol va Amirdek uzundun-uzoq “jang” olib borolmaydi. Nihonning irodasi va toqati uchun unga haykal qo‘yish kerak!..

Lekin, bir o‘ylab ko‘ring. Bu ikki oshiq kim yoki nima uchun kurashmoqda? Menimcha, o‘zlari ham bilishmasa kerak. Kamol Nihonni sevadi. Amir ham Nihonni sevadi. Kamolni Asu yaxshi ko‘radi. Asuni To‘fon yoqtiradi. Darvoqe, Amir uchun Kamolning singlisi Zaynab butun borlig‘ini berishga tayyor. Tasodif ham evi bilan-da. Ikki dunyoda ham bunday bo‘lishiga, shaxsan men, ishonmayman.

Serialdagi O‘zan singari lapashang obrazlar xarakteri bilan yigitlarni qayday tarbiyalash mumkin?! Alpomish, Kuntug‘mishdek mard va jasur, shijoatli o‘g‘lonlar yurtining farzandlariga nimagi ko‘rsatishayapti? Mard yigitlarning yurti, xalqi uchun qon to‘kkan qutlug‘ zaminda bunday yigitlarni uchratish, amri mahol.

“Sevgi iztirobi” seri ali mualliflari, barchamizga yaxshi ma’lum, musulmon davlati kino ijodkorlari. E’tiqodimizda, Sharq xalqlarida oilaga bo‘lgan munosabat juda ahamiyatli. Ayniqsa, xalqimizda oila, deb atalmish muqaddas dargoh hamisha tabarruk. An’analarimizga ko‘ra, to‘yu tomoshasiz, to‘rtta odam ishtirokisiz turmush qurish keskin qoralanadi. O‘zan va Zaynabning qurgan oilasi ham, mayli, o‘z yo‘liga. Biroq, qaynona va kelin munosabatlari...

O‘g‘il xotini uchun onasidan kechirim so‘raydi. Tag‘in uni onasidan, o‘zini dunyoga keltirgan volidasidan himoya qilganiga nima deysiz? Yuz qismdan ham oshib ketgan serialda biron marta kelinning o‘z vazifalarini ado etganini ko‘rmadik. Aqalli, choy ham damlamaydi. Vaholanki, kelinning – yangi tushgan kelinning o‘z farzlari bor. Darvoqe, ular sport bilan mashg‘ul. Qaynona boshliq o‘g‘il va kelin...

Bularning Nihondan boshqa dardi yo‘q. Ishga ham borishmaydi, onda-sonda xorijiy hamkorlar bilan uchrashishadi, shuning o‘zi yetarli. Shirkat ishlari o‘zidan-o‘zi bo‘laveradi...

Hammasidan ham o‘tib tushgani, kelin o‘z pochchasi – qayni opasining jufti haloli bilan don olishib yurgani. Bu hech qaysi qadriyat, hech bir an’anaga muvofiq emas. Odamlarga “Zo’r TV” telekanali ijodkorlari nimani ravo ko‘rishayapti?!

Barchasiga ko‘z yumish mumkin, biroq opa-uka Nihon bilan O‘zanning o‘z joniga qasd qilishini aslo hazm qilib bo‘lmaydi. Buni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, o‘z joniga qasd qilish holatlarini bartaraf etish uchun muallimlar, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uzzu-kun uchrashuvlaru davra suhbatlarni o‘tkazishadiyu, lekin kechga yaqin bunaqangi seriallarni ko‘rib, barcha sa’y-harakatlar havoga uchadi.

Nihon bilan Kamol bir-birini jonidan ham ortiq ko‘rishar ekanu Nihon ukasi O‘zanning bilib-bilmay (hech zamonda odam o‘z qo‘li bilan nimani ushlaganini bilmasligi mumkinmi?!) qilgan qilmishi uchun Amir bilan majburan kun o‘tkazayotgan emish. Qani, O‘zanning yigitlik g‘ururi? Oshni pishirgandan keyin achchiqmi, chuchukmi o‘zi yeyishi kerakmi, axir?!

Gapirsa, gap ko‘p. Hali bu yoqda er, aniqrog‘i chol talashib yurgan ikki opa-singil (Laylo va Vildan xonimlar) moxarolari, ikkita qo‘chqordek o‘g‘ilni dunyoga keltirib, hech kelinga yolchimayotgan Fehima xonim iztirobi, G‘olib Ko‘zju o‘g‘lining nikohsiz farzandi, eh-he... Agar, bu mavzuda bafurja gaplashish kerak bo‘lsa, serialdan ham ko‘p vaqtni oladi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, kinofilmni chet ellik qardoshlarimiz yaratgan, lekin, uni tarjima qilib, butun xalqqa namoyish qilayotgan, qahramonlarni ulug‘layotgan ham, o‘zimiz!..

Nihoyat, Sobir intiqib kutadigan “Malikam, endi qara” seriali boshlandi! Serialni, xoh ishoning, xoh ishonmang o‘n daqiqadan ortiq ko‘ra olmadim. Sababini so‘z bilan ta’riflay olmayman: Voqealar rivoji xuddi ertakka o‘xshaydi (ertakda ham bunday bo‘lmaydi, aslida). Serial haqida tayinli va yagona ayta oladigan fikrim – “ommaviy madaniyat” targ‘ibotchisi. Boshqa gap-so‘zga o‘rin yo‘q! “Mening yurtim” telekanali bu haqda chuqur yuritsa, saviyasi baland, ibrat olsa bo‘ladigan seriallarni efirga uzatsa, ayni muddao bo‘lardi.

Darvoqe, mazkur seriallar yolg‘iz emas, aksariyat hollarda oila bilan jamul-jam bo‘lib tomosha qilinmoqda. Hay, baraka topgur, undan ko‘ra, kitob olib berib, o‘qit, tarbiyasi bilan shug‘ullan, ibrat bo‘l, deydigan odamning o‘zi yo‘q bu ota-onalarga. Serialni yoppasiga tomosha qilayotgan ota-onalar ertaga xuddi serial qahramonlaridek kuyib qolmasligiga kim kafolat beradi?!

O‘zimizning ham “Yulduzli tunlar”, “Tutash taqdirlar”, “Opa-singillar” singari binoyiday, tarbiyaviy ahamiyatga muhim, saviyasi baland, yuksak badiiy mahorat bilan yaratilgan seriallarimiz bor-ku. Nega shunday seriallar efirga uzatilmaydi. Takror va takror tomosha qilinsa ham, tomoshabin bu seriallardan o‘zi uchun qandaydir ma’naviy ozuqa, tarbiya oladi.

Agarda milliy telekanallarimizni turkcha seriallar egallab olganini inobatga olsak, endigina hindcha seriallardan qutulib, “ozodlik”ka chiqqan edik. Tomoshabin serial ko‘rib, madaniy dam olishi, hordiq chiqarishi, o‘zi uchun ibrat olishi kerak. Ammo, bugun efirga uzatilayotgan bu kabi seriallar faqatgina tomoshabinning qimmatli vaqtini o‘g‘irlab, ular, ta’bir joiz bo‘lsa, tarbiyasini buzishga xizmat qilmoqda.

Ishoshasizmi, Telegram’dan farzandlarini majburlab ajrata olmagan ota-onalar uchun bu seriallar ayni muddao bo‘ldi. Nega desangiz, keski soat sakkizdan to to‘qqizgacha, ayrimlar 22:00 gacha ijtimoiy tarmoq bilan aloqani to‘xtatadilar, aynan mana shu seriallar karomati bilan...

Taniqli so‘z ustasi Avaz Oxun ham 2017 yilgi konsert dasturida “Yoshlarimizning serial ko‘rib, beti qotib ketayapti...” degan edi. Bu gapda ham jon bor...

Shunaqangi seriallar o‘rniga, “O‘tkan kunlar”, “Semurg‘”, “Kecha va kunduz”, “Oy borib, omon qayt”, “Mehrobdan chayon”, “Navoiy”, “Tohir va Zuhra”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni” singari milliy filmlarini ko‘proq efirga uzatsak, xalqimizning ma’naviyatini yanada yuksaltirgan, ma’rifat ulashgan bo‘lamiz. Kerak bo‘lsa, bu filmlarni, spektakllarni har hafta tomoshabinlar hukmiga havola qilish kerak. Zero, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tarbiyasiga Nihonu Hayotlardan ko‘ra, Kumushu Zuhro, Zubaydalar ko‘proq ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kezi kelganda, Anvar va Ra’noning muhabbat uchun amalga oshirgan ishlarini yodga olishni o‘rinli, deb bildim. Mana haqiqiy sevgi, mana haqiqiy ishq, mana muhabbat uchun kurash! Kinoijodkorlarimiz ham ssenariy izlamasdan, ana shunday qadrdon asarlarimizga murojaat etib, ajabtovur filmlar, seriallar yaratishsa, mana bu madaniyat yo‘lidagi jonbozlik bo‘ladi, qayerdagi serialni tardima qilmasdan...

“Xazon sipohig‘a bog‘bon emas mone’”, deganlaridek, fikrimiz kimlargadir ta’sir qilar, kimlargadir...

Biz bu seriallarni taqiqlash niyatidan yiroqmiz. Ammo, Mahatma Gandi aytganidek, derazani ochib, toza havo olaman, deb, bo‘ronga uchrab qolmaylik...

Otabek ISROILOV

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

SINOVLARGA SABR QIL

SINOVLARGA SABR QIL

Ey mening o‘g‘lim, namozni mukammal ado etsang, to so‘nggi nafasinggacha kamol topgaysan. O‘zing amal qilgan holatda boshqalarni …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *