Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » MADANIYAT » MA'NAVIYAT » To‘ylar haqida o‘ylar

To‘ylar haqida o‘ylar

TO‘YLAR HAQIDA O‘YLAR

To‘ylarmiz haqida yozilgan maqolalar to‘ylarimizdan ham ko‘p bo‘lsa kerak. Chunki o‘zbekning birinchi tilagi: “To‘ylarga yetkazsin!» degan kalom bo‘ladi. To‘ylardagi isrofgarchiliklar, «Mendan sen kammi?» deya musobaqalarni chetga surib, biz bugun bitta narsa – to‘ylarda ayrim sana’tkorlarning yuzsizligiga diqqatingizni qaratmoqchimiz. To‘yxonada bo‘layotgan voqealarni kuzatsangiz, ajib bir hangomalarga guvoh bo‘lasiz.

Hozirgi to‘ylarimizda “o‘rtakash”, degan alohida “kasb” paydo bo‘lgan. Bir zamonlar ularni “to‘yning raisi”, deb atardik. Rais kechani ochib bergach,   to‘yning tartibli o‘tishini nazorat qilib, bir chetda o‘tirardi. Kechaning oxirida yana so‘z olib, to‘yni yakunlardi. Hozirgi o‘rtakashlar-chi?

To‘y egalariga so‘z berish, ularning tilaklarini eshitish lozimdir – faqat to‘yning yakunida, kelgan-ketganlarga rahmat aytib, «Xush ko‘rdik, poyqadamlaringga rozi bo‘lasizlar!» deb turishlari uchun.

– Mezbonlarga oxirida navbat bersa bo‘lmaydimi? – desam, o‘rtakash yigit pinak buzmay:

– To‘yning oxirida “qistiradigan” odam qolmaydi-yu, bundan bizga nima foyda!? – dedi va mikrofonga qarab chopdi.

– Endi, – deya hovliqqancha gapini davom ettirdi,– quda buva, quda xola,   so‘zlaringning isboti sifatida bir o‘ynab berasizlar! Qani, davra sizlarga muntazir!

To‘yboshilar 60-70 yoshlarga kirgan bo‘lsa, mayli, bir amallab o‘ynab berar. 80-90 yoshni qarshilagan otaxon yoki onaxon bo‘lsa-chi? O‘rtakash o‘yin tushishga onaxonning sog‘ligi ko‘tarmasa, yaramasa ham o‘ynatadi-da! Shunga moslab qo‘shiqlarni ham yozib olishgan: “Davralarda o‘ynasin onam...”

– Qo‘lingizni shunday osmonga qaratsangiz  bo‘ldi! – o‘rtakash kerak bo‘lsa baletmeysterlik qilib onaxonning qo‘lidan ko‘tarib ham turadi. Ana shu qo‘lda gap ko‘p: ko‘tarilsa – xofizga pul keladi. To‘yxona qiy-chuvga to‘ladi: ikkita to‘yboshi o‘ynaganday bo‘lib qo‘l ko‘taradi, yig‘ilganlarning kamida yarmi biri-birini turtib, surib pul qistirishi shart!

Yana to‘ylarda o‘rtakashdan tashqari pul yig‘uvchi degan alohida «shtat»lar paydo bo‘lgan: Ularni andak kinoya bilan “pilisos” yoki “supurgi” ham deyisharkan... Birorta og‘ayningiz biror ming so‘m uzatib qolsa, cho‘ntagingizga solvormang, deb  ko‘zlari olma terib, xo‘mrayib qarab turishadi. Chakkangizga pul qistirilishi bilan yig‘uvchi pulni do‘ppingiz bilan qo‘shib olib ketib qolsa – xafa bo‘lmang...

Davrada o‘ynayotgan otaxon yoki onaxon muborak yoshda bo‘lsalar, o‘rtakashga xudo beradi:

– Onaxonimiz tabarruk yoshda ekanlar, yaqinda sakson sakkiz  yoshlarini nishonlabdilar. Duolarini olaylik, mehrlariga qonaylik,  shunday yoshlarga kirib yuraylik… Birni bersangiz, ming bo‘lib qaytadi! Qani, ha! – deya tantana qatnashchilarini pul qistirishga undaydi. 

Bu ayrim joylarda  «operatsiya – 01» deb atalarkan.

Shu bilan to‘palon tugadi, desangiz, adashasiz. Ana undan keyin o‘rtakash to‘ylarda atay olib yuradigan daftarini varaqlab, kelin yo kuyovning amma-xolalari, tog‘alariyu pochchalari, amakilari-yu bojalariga erinmasdan bir-bir navbat berib chiqadi.

Bular – «operatsiya – 02, 03, 04…» deb atalib, sekin davom ettirilaveradi.

To‘yda xorijdan kelgan mehmon qatnashayotgan bo‘lsa, bunday «operatsiya»larni ko‘rib, garang bo‘lib qolishi, shubhasiz.

Dam o‘tmay atrofga alanglab «birrovchi» lar birin-ketin kirib kela boshlaydi. Ular navbat bilan boshlovchini sekin chetga imlab, «suhbat»ni boshlashadi:

– Kuyovning ota-onasi o‘ynadimi?

– O‘ynadi.

– Amma, xolasi-chi?

– Ularniyam o‘ynatdik.

– Akalari, bojalari-chi?

– Ular hozir o‘yinni tugatishdi.

– Iye! Biz kech qolibmiz-da, hamma «operatsiya»larni o‘tkazib bo‘libsizlar-da!

Kelin-kuyov bir yoqda qolib ketaveradi. O‘rtakash rahbarligidagi «san’atkor»lar kimo‘zarga pul yig‘ish «operatsiya»larini davom ettirishadi.  Kuyovning sinfdoshlari, armiyada xizmat qilgan jo‘ralari, birga ishlayotgan o‘rtoqlari, choyxonada «gap» yeydigan ulfatlari... Hamma, hammalari erinmasdan, navbat bilan davraga chorlanadi. Davraga chiqavermasa, qo‘shiqni, aniqrog‘i, to‘yni to‘xatib bo‘lsa-da, «aziz» mehmonni raqsga tushishga majbur qilishadi.

Kuyov tomondagilar o‘ynab-charchaganlaridan keyin, aniqrog‘i, cho‘ntaklari yengillab qolgach, kelinning urug‘-aymog‘lari birin-ketin davraga chaqiriladi. Shundayam to‘yishmaydi-da, bu «operatsiya»chilar!

– Vaqt allamahal bo‘ldi, to‘yni shu joyda yakunlaylik endi, – mahalla oqsoqoli o‘rtaga chiqadi.

– Shoshmay turasiz, oqsoqol, kelinning katta xolasiga navbat bermabmiz! – o‘rtakash og‘zidagi nonini oldirib qo‘yadiganlardan emas, darhol oqsoqolning so‘zini bo‘ladi.

Katta xola-yu, kichkina xola-yu, amma-buvilargacha o‘ynaydi, ammo «raqs»larning oxiri ko‘rinmaydi.

– Vaqt yarim kechadan oshib ketdi, mehmonlarning yarmi o‘tirgan o‘rnida uxlayapti, tugatinglar! – oqsoqol achchiqlangan bo‘ladi.

– Iye, qiziq ekansiz-ku! – o‘rtakash ham «yuzta»ni urib kuchayib olgan – hofizga qarab gapini davom ettiradi: – To‘yni tugatarmishmiz! Hali kelin-kuyovni o‘ynatmadigu! Eng katta «operatsiya» oldinda-ku!

Hay, kelin-kuyov ham o‘ynaydi, to‘y yakunlanadi.

Ular rozi bo‘lishi kerakmi yoki to‘yboshi?

Endi do‘ppini boshdan olib, achchiqqina choydan xo‘plab, o‘tgan to‘ylardan birortasini ko‘z oldimizdan o‘tkazib, fikr yuritib ko‘raylik: Bu – tilaklar va raqslar kechasimi? Unda aytilgan qo‘shiqlardan birortasini eslay olasizmi? Ovora bo‘lmang, eslay olmaysiz! Chunki shovqin-suronda qanaqa qo‘shiq aytilganini qo‘yib turing, qanaqa tilak aytilganini ham eshitganingiz yo‘q! Unda kamida uch yuz-to‘rt yuz kishi ishtirokida o‘tgan bu «tantana»ni nima deb atamoq kerak? Ikki yoshning baxt va visol kechasimi yoki sana’korlarning pul yig‘ish marosimimi? 

Said ANVAR

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

SINOVLARGA SABR QIL

SINOVLARGA SABR QIL

Ey mening o‘g‘lim, namozni mukammal ado etsang, to so‘nggi nafasinggacha kamol topgaysan. O‘zing amal qilgan holatda boshqalarni …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *