Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » O'ZBEKISTON » O‘smir qo‘lidagi besh quti nasha.
O‘smir qo‘lidagi besh quti nasha.

O‘smir qo‘lidagi besh quti nasha.

Oxirgi paytlarda og‘ir jinoyatlarga qo‘rqmasdan qo‘l urayotgan o‘smir-yoshlarning aksariyati bu yo‘lga kirib qolishida, asosan, ota-onasining nazoratisiz qolgani yoki nosog‘lom oilada katta bo‘layotgani, ularning tarbiyasi bilan hech kim shug‘ullanmayotganini aytishadi. Aslida ham shunday.

Jinoyatga qo‘l urganlarning aksariyati parokandalikka yuz tutgan oilalarda ulg‘aymoqda. Afsuski, bunday nosog‘lom oilalarda “tarbiya” topayotgan farzandlar uchun bezorilik, o‘g‘rilik, giyohvandlik kabi jinoyatlar oddiy bir yumushdek bo‘lib qolmoqda.

Og‘ir jinoyatga qo‘l urgan Sohir (ismlari o‘zgartirilgan) ham ana shunday nosog‘lom oilaning farzandi. Gap shundaki, o‘smirning otasi Tursunboy giyohvandlik, aroqxo‘rlikka mukkasidan ketadi. Oqibatda oilada tez-tez janjallar bo‘lib turadi. Erning xurmacha qiliqlari jonidan o‘tgan ayol ikki farzandining tarbiyasini aroqxo‘r, giyohvand otaga “ishonib”, boshi oqqan taraflarga baxtini izlab ketadi. Shu-shu o‘g‘il va qiz noshud ota qaramog‘ida qoladi.

Otasini bunday ahvolda ko‘raverib, Sohirning diydasi qotib voyaga yetdi. Goh aroq, goh “qurug‘i”ning kayfidan yettinchi osmonda uchib yuradigan otaning farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanishi bulutsiz osmondan yomg‘ir kutishdek gap edi. Aksincha, tarbiyaning so‘z emas, balki amaliy usulidan foydalanib, bolalariga xurmacha qiliqlari bilan ibrat ko‘rsatdi. “Tarbiya” esa tez fursatda o‘z “meva”sini berdi. Ota-o‘g‘il inida ko‘rganini qilishdan nariga o‘tmadi.

O‘smir qo‘lidagi besh quti nasha.  

Otasi yashirincha o‘stirayotgan nasha o‘simligi ko‘zga yaqin bo‘lib qolgach, undan mo‘may daromad olishni ko‘zlagan o‘g‘il o‘z maqsadini amalga oshirishga yeng shimardi. Dastlab, atrofidagi o‘ziga o‘xshaganlardan bu og‘uni qora bozorda necha puldan sotish mumkin, xaridorni qayerdan izlash kerakligi kabi ma’lumotlarni so‘rab-surishtirdi. Mo‘may pul ishlab olish ishtiyoqi kuchaya bordi.

“Vaqt ketmasdan tezroq ishonchli xaridor topib qo‘yishim kerak... Otam sezib qolmasa, kifoya. Yo‘q shoshilmayman, barglaridan bilintirmay olib turaman. Xaridorlarimni ko‘paytirib olsam, marra meniki. Keyin o‘zim mustaqil ishlayveraman. Ha, xuddi kinolardagidek “narkobaron” bo‘lib, rosa pul ishlaydigan bo‘lib ketaman...”, degan shirin xayollarga berildi.

Mana shu jirkanch fikrlar Sohirga dadillik bag‘ishladi. Vasvasaga tushgan yigitning ichi qizib, ko‘chaga otildi. Vali ismli tanishini qidirib topdi. Ikki shovvoz oldi-sotdi masalasida osongina kelishib olishdi. Vali og‘uga munosib xaridor izlashni o‘z bo‘yniga oldi. Savdoni hal qilib, tez orada yaxshigina narxga pullashga va’da berdi. “Haftasiga ikkita “operatsiya” qilsam bo‘ldi. Yallo qilib yuraveraman. Davring keldi Vali, davron surib qol...”, degancha darrov boyvachcha bo‘lib oldi xayolan.

Tez orada xaridor ham topila qoldi. Vali oson topilgan xaridorga o‘z jiyani orqali nashani yetkazib berdi. Harqalay, ehtiyot bo‘lgani yaxshi-da. Jiyan tushmagur ham ancha ishning hadisini olgan chiqib qoldi, xaridor uning maqtovidan erib, shunaqa kuchlisiga yana bir quti “zakaz” beribdi.

Uchovlon xaridorga bir quti nashani kelishilgandek uch yuz ming so‘mga pullaydi. Sohir qolgan og‘uni uch dona bo‘sh gugurt qutisiga “qadoqlab” qo‘yadi. Birinchi savdosi xamirdan qil sug‘urganday silliq kechganidan, bu qabihlikdan hech kim xabar topmaganidan terisiga sig‘may yurgan uchovlonning tez orada yana ketmoni “uchib” qoldi. Navbatdagi mijoz ulardan besh quti nasha topib berishni iltimos qildi.

O‘smir qo‘lidagi besh quti nasha.  

Sohir Valiga qo‘ng‘iroq qilib, mahsulotni yangi xaridorga yetkazib berishni tayinlaydi. Tabiiyki, Vali bu ishni yana jiyaniga topshirdi. Bechora jiyan esa besh dona gugurt qutisiga joylangan og‘uni kelishilganidek 1 million 200 ming so‘mga pullayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi.

Ha, buzoqning yugurgani somonxonagacha. Bir nopok oilada tarbiya topayotgan Sohir o‘zining qabih niyatiga xuddi o‘ziga o‘xshagan shaxslarni sherik qildi. Surishtiruv davomida uning ikki sherigi ham nosog‘lom oilada tarbiya topgani ayonlashdi.

Ushbu jinoyat tafsilotlarini o‘qib noshud ota, noqobil farzandga to‘g‘rilik, halollik haqida ma’ruza o‘qishdan hech qanday naf yo‘qligini fahmlab turgandirsiz. Har holda o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas. Lekin ushbu jinoyat daftariga o‘z xulosalarimizni yozib, uni sudga yuborar ekanmiz, ko‘nglimizda “Gumondorlar o‘zlariga berilgan jazodan tegishli xulosa chiqarib olsin-da, ishqilib”, degan bir umid uchqunladi, - deydi Parkent tumani IIB Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Bobur Qurbonov.

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

YANGI YUK MASHINASI

YANGI YUK MASHINASI

MSV avtomobili (g‘ildiraklar formulasi 8 x 8) «Armor xoldings» kompaniyasi mutaxassislari tomonidan «Umumqo‘shin yuk avtomobillari» …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *