Последние новости
“Adolat arboblari” turkumidan – Tursunxon Xudoyberganov…
Домой » YANGILIKLAR » O'ZBEKISTON » “Adolat arboblari” turkumidan – Tursunxon Xudoyberganov…

“Adolat arboblari” turkumidan – Tursunxon Xudoyberganov…

zbekiston adolat arboblari haqida soʻz borganda, yana bir ulugʻ inson, qozoq farzandi, butun ongli hayotini militsiya ishiga bagʻishlagan Tursunxon Xudoyberganovni chetlab oʻtish mumkin emas.

“Adolat arboblari” turkumidan – Tursunxon Xudoyberganov…  

U militsiyaning eng ogʻir uchastkasi – jinoiy qidiruv boʻlimlariga, avval Toshkent shahriga, keyin respublikaga, eng ogʻir yillarda bosh izquvar boʻldi.

Maʻlumki, sovet tuzumining parchalanish arafasida mamlakatni uyushgan jinoyatchilik lashkarlari egalladi. Bu ofat nisbatan tinch boʻlgan Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi. Oʻzbekistonda ham uyushgan jinoyatchilik – qotillik, banditizm, oʻgʻirlik, kontrabandaga qarshi kurash tajribasi – mustaqillikning dastlabki yillaridayoq sobiq ittifoqda koʻpchilikning havasini keltirgani sir emas.

Hatto Rossiyaning Duma majlisida Vladimir Jirinovskiy janoblari:

“Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni Karimovdan oʻrganish kerak. Oʻzbekistonda avtomobilni olib qochganga oʻn yil qamoq jazosi belgilandi va avtomobil oʻgʻirligi barham topdi…” degan edi.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda Oʻzbekiston rahbarining xizmati

Toʻgʻri, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda Oʻzbekiston rahbarining xizmati beqiyos. U turli xil “Lashkarboshilarga” shafqat qilib oʻtirmadi. Uning bevosita tashabbusi bilan Oʻzbekistonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi oʻt ochildi deyish mumkin. Lekin bunda faqat qonunlargina ish berdi desak, adolatdan boʻlmas.

Chunki, maʻlumotlarga qaraganda Oʻzbekiston qonunchilik palatasi mustaqillik yillarida ikki mingdan ortiq qonun va qonun darajasidagi oliy farmonlarni taxlab tashladi.

Oʻzbekistonda odam savdosiga qarshi kurash

Lekin koʻpgina ashaddiy qonunbuzarliklar, jumladan, korruptsiya avj olgandan avj oldi. Va hatto soʻnggi yillarda “Odam savdosi” degan aql bovar qilmaydigan, taʻbir joyiz boʻlsa, quldorlik jamiyatini eslatadigan jinoiy ofat keng quloch yoydi.

Ammo biz tilga olgan qonunlar nafaqat uning oldini olish, balki unga qarshi kurashishda ham asqotmayapti. Toʻqsoninchi yillar boshida Oʻzbekistonda odam savdosi degan iboraning oʻzi yoʻq edi. Aksincha, Oʻzbekistonga atrofdan – boshqa respublikalardan odam oqib kelish muammosi xavf solardi.

Oʻzbekistonda jinoiy qidiruv sohasi yuksak darajaga koʻtarilgan davr bevosita Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi Jinoiy qidiruv Bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Tursunxon Xudoyberganov nomi bilan chambarchas bogʻliq ekanini uning hamkasblari yuksak qadrlaydilar.

Xorazmda “tartib oʻrnatish” chorasi

Keyinchalik Tursunxon aka Xorazmda Ichki ishlar boshqarmasi Boshligʻi boʻldi. Uni bu diyorga “tartib oʻrnatish” uchun yuborishgan edi. U kishi Xorazmdan juda katta obroʻ eʻtibor bilan qaytdi.

Oʻzbekistonda demokratik jarayonlarning eng oldingi safiga koʻtarilgan Xorazmda bironta odamning nohaq burnini qonatmadi. Va tez orada buning “mukofotini” ham oldi: - General unvoniga sazovor boʻldi.

“Adolat arboblari” turkumidan – Tursunxon Xudoyberganov…

Oʻzbekiston respublikasi Prezidentining huquqni himoya qilish va maʻmuriy organlarni nazorat qiluvchi Davlat maslahatchisi etib tayinlandi. Endi u Oʻzbekistonning barcha kuch ishlatar tizimlariga bevosita taʻsir oʻtkaza olar edi.

Militsiyadan chiqqan general tabiiyki, kuch ishlatar tizimlarining “Sher va yoʻlbarslari” boʻlgan MXX va prokuraturaga xush kelmasligi tayin edi. Lekin shunga qaramay, bu qirq quloqlik katta qozondan Tursunxon aka qaynab va yanada chiniqib chiqdi.

Prezident devonining kadrlar bilan ishlash boʻyicha Davlat maslahatchisi boʻlgan Temur Alimovning ham haqiqiy afti basharasini ochishda uning xizmatlari beqiyos. Bu mavzuni biz oʻsha davrning tadqiqotchilariga qoldiramiz.

Oʻzbekiston kadrlar qirgʻini sababchisi Alimov oʻn yillik taxtidan qulagach, bu oʻringa haqli ravishda oʻsha paytning eng obroʻli adolat arbobi – Tursunxon Xudoyberganov loyiq topildi.

Tez orada kadrlar bilan ishlash boʻyicha Davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov va qishloq xoʻjaligi boʻyicha Davlat maslahatchisi Ismoil Joʻrabekov Prezidentning eng yaqin maslahatgoʻylariga aylandilar.

“Adolat arboblari” turkumidan – Tursunxon Xudoyberganov…

Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida yoʻl qoʻylgan baʻzi adolatsizliklar tiklanishiga shular bir qadar sababchi boʻlishdi. Biroq, afsuski bu uzoqqa choʻzilmadi. Oʻzbekistonning kuch ishlatar tizimlari “Sherbachchalari va yoʻlbarslari” ularning har ikkalasini ham Prezident qanotidan uzoqlashtirishga muyassar boʻldilar.

Ismoil Joʻrabekov pensiyaga kuzatilgan boʻlsa-da, Tursunxon Xudoyberganovni ular faol hayotdan uzib qoʻyisholmadi. U oʻsha yillarda Oʻsh voqealaridan keyin nisbatan notinchlik regioni sanalgan Fargʻonaga – Ichki Ishlar Boshqarmasi boshligʻi etib yuborildi.

Oʻzbek munosabatlarini normallashtirish boʻyicha “Favqulodda komissar”

Aslida notinch region boʻlib qolgan vodiyni tinchlantirib, Qirgʻiz – Oʻzbek munosabatlarini normallashtirish boʻyicha “Favqulodda komissar” etib joʻnatildi. Tursunxon akaning shogirdi boʻlgan Ahmadjon Usmonov esa, Xudoyberganov tavsiyasi bilan Namangan militsiyasi boshliqligidan – Andijon hokimi etib tayinlandi.

Xullas, “Favqulodda komissar”ning Fargʻona surguni koʻpga choʻzilmadi. Yana bir ogʻir sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan militsiya generali mana qariyb oʻn yildirki, Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ishlab keldi.

Favqulodda Vaziyatlar vazirligi faoliyatidagi tutgan oʻrni

Adolat bilan aytganda Tursunxon akaga qadar Oʻzbekistonda Favqulodda Vaziyatlar vazirligi borligini koʻpgina hushyor kishilar ham payqamasdi, bilmasdi. Sobiq rahbar Bahodir Qosimovning Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil qilishdagi rolini inkor etolmaymiz, albatta.

Lekin bu vazirlikning borligini biz asosan oʻsha paytlarda MChS matbuot xizmatini boshqargan jasoratli yigit, otashqalb jurnalist Azamat Suyunov maqolalari orqali bilardik, xolos.

Tursunxon Aydarovich rahbar boʻlib kelganidan keyin Vazirlik bugungi kunda Oʻzbekistondagi xavfli vaziyatlar bilan kurashishdan koʻra koʻproq uning oldini olish bilan shugʻullandi va bunga erishdi deb dadil aytish mumkin.

Ot izni toy bosar…

Tursunxon akaning Oʻzbekistonning ijtimoiy siyosiy hayotidagi faol xizmati bilan bir qatorda uning yana bir buyuk namuna maktabi bor. Bu uning mehnatkash va oqil farzandlaridir. Uning uch oʻgʻli bor: - Aslbek, Ortiqjon va Alisher. Ularning hammasi oliy maʻlumotli.

Ulardan bitta Ortiqjon otaning kasbida – Toshkent shahar jinoiy qidiruv boʻlimida faoliyat koʻrsatayotganiga ham yigirma yildan oshib qoldi. Bu orada ota general boʻldi, ikki bor Davlat maslahatchisi boʻldi, Militsiya Bosh Boshqarmalarini boshqardi.

Biroq Ortiqjonning pogonida va amalida biror bir ortiqcha sakrash va koʻtarilish yuz bermadi. U hamon Toshkent shahrining eʻtirof etilgan eng yaxshi izquvarlaridan biri edi va shundayligicha turibdi.

Qolgan ikki oʻgʻil – Asilbek va Alisherbek mana necha yillarki, Chinoz tumaniga qarashli Eshonobod guzarida xoʻjalik rahbari Kenboy ogʻaga qanot boʻlib, Eshonobodning yanada obod boʻlishiga katta hissa qoʻshmoqdalar.

Ayni paytda chorvachilik bilan shugʻullanib, elning maʻmurchiligini taʻminlashda ham jonbozlik koʻrsatishmoqda. Xullas ular bobolarining udumini davom ettirishyapti. Ularning samarali mehnati tufayli bugungi Eshonobod – obod guzarga aylandi.

Farzandlariga baliq eyishni emas, balki baliq tutishni oʻrgatgan Tursunxon aka mening nazarimda ularning baxtli kelajagi poydevorini allaqachon yaratib qoʻygan. Eng muhimi ularni baxt – mehnatning mevasi ekanligiga ishontira bilgan.

Shunday ajoyib farzandlar etishtira olgan, oʻz kichik vatani – qishlogʻi uchun koʻpriklar va maschitlar solgan odamning nomi hech qachon oʻchmasa kerak. Qolaversa u kishining Oʻzbekiston adolat arboblari safidan allaqachon joy olib ulgurganini hisobga olsak, Oʻzbekistonda tugʻilib oʻsgan va oʻzini Oʻzbekiston farzandi deb bilgan qozoq farzandi Tursunxon Xudoyberganov oʻzbek qozoq doʻstligini mustahkamlashdagi xizmatlariga biz hali alohida qaytish niyatidamiz.

Bu buyuk xizmatni u tugʻilganidan buyon – mana etmish yildirki, fidoyilik bilan bajarib kelyapti…

Muallif: Ismat Xushev, “Dunyo oʻzbeklari”

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

Paqildoq - taqiqlangan, ammo istalgancha bor

Paqildoq - taqiqlangan, ammo istalgancha bor

Salom, aziz do’stlar hamda muhlislar! Sizlar bilan LiveJournal.Uz nomli men uchun ardoqli bo’lgan shaxsiy web-saytim sahifalarida nashr …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *