Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » FAN - TA'LIM » Qonunga itoat qachon hayotiy ehtiyojga aylanadi?
Qonunga itoat qachon hayotiy ehtiyojga aylanadi?

Qonunga itoat qachon hayotiy ehtiyojga aylanadi?

Biz jamiyatimizda shunday huquqiy madaniyatni shakllantirishimiz kerakki, unga muvofiq Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, boshqalarning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish majburiyat emas, balki kundalik qoida va odatga aylanishi shart.

Shavkat Mirziyoev

(Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasidan)

Qonunga itoat qachon hayotiy ehtiyojga aylanadi?  

Huquqiy madaniyat jamiyatdagi juda ko‘p masalalarda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugun hayotimizda qanday muammolarga duch kelayotgan bo‘lsak, shubhasiz, bu huquqiy madaniyatning pastligi, qonunlarning insonlar uchun ishlamasligi, qonunni hurmat qilmaydigan, unga bo‘ysunmaydigan avlodning yetishib chiqishi bilan bog‘liq.

Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida bu haqda atroflicha to‘xtalar ekan, jazodan qo‘rqib qonunga itoat etish emas, har bir inson bolalikda olgan tarbiyasiga ko‘ra qonunni hurmat qilishi zarurligini ta’kidladi.

“Farzandlarimizga bolalik paytidan “yaxshi” va “yomon”, “mumkin” va “mumkin emas” degan tushunchalar o‘rtasidagi farqni o‘rgatishimiz, o‘zimiz esa ularga doim shaxsiy namuna bo‘lishimiz kerak”, dedi.

Darhaqiqat, bugun farzandlarimizga huquq va Konstitutsiya saboqlarini shunchaki fan sifatida o‘tamiz. Uning predmeti, talablari, “ob’ektiv”, “sub’ektiv” degan tushunchalar mohiyatini qayta-qayta tushuntiraveramiz.

Holbuki, bola achchiq yoki shirin taomni o‘zining tabiiy refleksi orqali tanlab olgani kabi, qonunga rioya etish farzandlarimiz uchun tabiiy ehtiyojga aylanmayapti. Birgina ta’lim tizimining o‘zida yoshlar ta’lim-tarbiyasi borasida ko‘zga ko‘ringan va ko‘rinmagan nuqsonlar, muammolar va kamchiliklar juda ko‘p.

Bularni hal etishga kirishilyapti. Biroq buning uchun ham sog‘lom fikrlaydigan o‘qituvchilar, chin ma’noda jon kuydiradigan fidoyi insonlar kerak. Qolaversa, huquqiy madaniyatda ortda qolishimiz bugun boshqa ko‘plab sohalarda ham yetarlicha muammolarni keltirib chiqaryapti. Eng og‘ir illatlardan biri bo‘lgan korrupsiya, byurokratiya, soliq, bojxona hamda bank tizimidagi mavjud muammolar, “xufiyona” iqtisodiyot — bularning hammasi o‘z huquqini bilmaslik va qonunlarning ishlamasligi tufayli emasmi?!

Ayniqsa, oxirgi vaqtlarda yoshlar o‘rtasida sodir bo‘layotgan jinoyatchilik va og‘ir huquqbuzarliklar yoshlarimizda huquqiy madaniyatning yo‘qligidan darak beradi. Bu, avvalo, o‘quvchilarda huquqiy bilim yetishmasligi va “qonun so‘zi” maktablarga to‘laqonli yetib bormayotgani tufayli deyish mumkin.

Barchamizga ma’lumki, 8-sinfdan boshlab huquq fani darslari berila boshlaydi. Lekin bola o‘z huquq va erkinliklarini anglashni, mustaqil fikrlashni 4-sinfdan yuqori sinfga chiqqanida adaptatsiya davridan boshlaydi. Turli tushunmovchiliklar, sinfdoshlari bilan yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘zaro kelishmovchiliklarga uchraydi. Ayrim vaziyatlarda mayda huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etiladi. Voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida qasddan odam o‘ldirish va tan jarohati yetkazish kabi holatlarga ham ana shunday o‘tish davri zamin bo‘ladi. Bu jamiyatimiz uchun, shubhasiz, katta fojia.

So‘nggi vaqtlarda ichki ishlar xodimlari bilan faqatgina o‘quvchi jinoyat sodir etgandan keyingina yoki profilaktika kuni munosabati bilangina maktabda uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Lekin aynan yoshlar o‘rtasidagi sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan joylarda o‘quvchilar ko‘z o‘ngida ochiq sud jarayonlari olib borilmayapti. Bunday ochiq sud jarayonlarida o‘quvchilar ishtiroki ularning adolat va qonun ustuvorligini his qilishlariga zamin yaratadi.

Yoshlarimiz o‘z burch va majburiyatlarini chuqurroq anglab yetadi. Har qanday muammoning ildizi, avvalo, oilaga borib taqaladi. Zero, maktabda huquqni fan sifatida bilsa, oq-qorani, yaxshi bilan yomonni, qonun bilan jazo muqarrarligini oila davrasida anglaydi. Demak, qonunlarga bo‘ysunish va huquqiy madaniyatni oiladan boshlab, keyin uni maktabda mustahkamlasak, bunga fan sifatida emas, hayotimizning ajralmas bir bo‘lagi sifatida qarashni shakllantira olsak, nimadir natijaga erishishimiz mumkin.

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

YANGI YUK MASHINASI

YANGI YUK MASHINASI

MSV avtomobili (g‘ildiraklar formulasi 8 x 8) «Armor xoldings» kompaniyasi mutaxassislari tomonidan «Umumqo‘shin yuk avtomobillari» …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *