Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » JAMIYAT » Er-Xotinning “Ajralish kuyi” hangomasi!

Er-Xotinning “Ajralish kuyi” hangomasi!

Ajrashmoqchi. Tammom vassalom!..

 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi. Kattaqo‘rg‘onlik U. Sanayevning navbatdagi da’vo arizasi ko‘rib chiqilmoqda. Ariza mohiyatan oldingilarining o‘zi — er-xotinning o‘rtasidan “ola mushuk” o‘tgan. Sudya Bayramali Norov yana da’voni rad etdi…

“Ajralish kuyi”ni chalmoqqa kirishganlar — o‘ttiz  yillik oilaning egalari,  bir etak o‘g‘il-qiz, nevaraning otasi-yu bobosi, onasi-yu momosi.

Er — tim qora sochlari hafsala bilan ortiga taralgan, bashang odam. Atrofiga asabiy boqadi. Xotin, aksincha, kamko‘rimgina, nochorgina. Javdiragan ko‘zlari sarosimada. Yuzlariga ajin tushib, sochiga allaqachon oq oralagan.

Shu yoshida sud zalida o‘tirganidan azob chekayotgani ko‘rinib turibdi. Sudning rad javobini eshitib, ayolning yuzi yorishganday bo‘ldi. Er janjal ko‘tardi.

Sudya  bu kabi ishlarni ko‘raverib, “ko‘zi pishib” ketgan emasmi,  U.Sanayev nima sababdan ajrashmoqchi ekanini sezib turardi. Asl vajini arizada ko‘rsata olmasligini ham. Qo‘li pul ko‘rib, sal shoshib qolgan tadbirkorning ko‘ngli “yoshrog‘iga” sust ketgan!

Sudya qo‘lini ko‘tarib, fuqaroga o‘zingizni bosing ishorasini qildi va sekin nasihat yo‘liga o‘tdi. Nima qilsin, kasbi shunaqa. Qisqa, lo‘nda, ammo kesib gapirdi.

— Ajratib yuborishim mumkin, — dedi u o‘ta bosiqlik bilan. — Lekin Siz jahl otingizdan birrov tushib, aql yo‘lini tuting. O‘ylab ko‘ring, tasavvur qiling: - ajrimdan so‘ng boshingiz g‘urbatdan chiqmaydi. Yuragingizni changallab o‘tib ketasiz. Farzandlaringiz, nevaralaringiz yuz yil qirpichoq bo‘lishadi…

— Nega?!

— Nega bo‘lardi. Ajrimdan so‘ng, o‘g‘il-qizlaringiz, kelinlaringiz, kuyovlaringiz o‘rtasida mulkni, merosni bo‘lish degan gaplar ko‘tariladi.

Sud mol-mulkingizni teng ikkiga bo‘lib berishi kerak. Hovli-joy, mashina-yu taqinchoqdan mebelgacha... Farzandlaringiz bunga qanday qararkin? Ularga Siz ota-ona, bobo-buvi sifatida sudlashishni o‘rgatayapsizlar. Meni aytdi dersiz, ular ham erta indin bu yerga kelishadi: - “Dadamga tegishli mulk — meniki, oyimga tegishlisi — uniki” deb...

Burganing tepkisi

Sud ishi tugagach, sudya, fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari Bayramali Norov bilan suhbatlashdik.

— Ilgari bitta oila buzilsa, butun mahalla, jamoatchilik o‘rtasida katta gap-so‘z bo‘lardi. Bir umr ta’nadan boshi chiqmasdi: - “Bolalarning uvoliga qolmay, o‘l, bu kuningdan!”. Farovonlik oshgani sayin ajralishlar ko‘payib boryapti. 2018 yilning birinchi yarmida viloyat bo‘yicha 3 019 oila shu maqsadda ariza bergan. Juda achinarli. Bor-e, bilganingni qil, deb juftlarni ajratib yuborsangiz, gunohga botasiz. Bu minglab bola — yetim, ayol — yesir, erkak  so‘qqabosh bo‘lib, kecha apoq-chapoq yurgan quda-andalar yuz ko‘rishmas g‘animga aylanadi, degani. Shuncha odamning ro‘zg‘ori, kasb-kori, ilmu amalidan baraka ko‘tariladi, degani.

Yana bir raqam: - ariza berganlarning qariyb olti yuzining kirar aqli kirib, chiqadigani allaqachon chiqib bo‘lgan: - 35 yoshdan oshgan. Meni inson sifatida, avvalo, ana shu muammo juda tashvishga soladi. Keltirilgan raqamlarni endi butun respublikamiz miqyosiga ko‘paytiring. Dahshatga tushasiz!

Ko‘paytirib ko‘rib, sudya aytganidek, ko‘zlarimga ishonmay qoldim. “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining ma’lumotlariga qaraganda, 2012-2016 yillarda ajralishlar soni 56 foiz ko‘paygan. Sirdaryo viloyatida esa bu raqam 83 foizni tashkil etgan.

Mo‘min-musulmon, oilani muqaddas bilguvchi, bag‘rikeng odamlarimizga nima bo‘ldi, o‘zi? Qanday burga tepdi?

Qaydasan, doka ro‘mol?

— Ba’zan olti oylik muddat berilishi ham masalani ijobiy tomonga o‘zgartirib yuboradi, — deydi B. Norov. — Dastlab, biz, sudyalardan har ikki tomon ham norozi bo‘lsa-da, muayyan vaqt o‘tgach, junbushga kelib turgan jahllaridan tushib, yarashib ketishadi.

Xullas, o‘tgan olti oyda tushgan arizalardan 1593 donasi qanoatlantirildi. Bu ham aslida juda katta raqam. Arizalarni o‘qisangiz, ularning teng yarmida oilaviy kelishmovchiliklar vaj qilib ko‘rsatilganidan hayratga tushasiz. Er-xotin — jufti halol — bir-biriga yon bosishdan, murosai madoraga borishdan ko‘ra, sudga qarab chopishni afzal ko‘radi.

Aslida, qaysi oilada muammo yo‘q? Erkakmi, ayolmi, qaysi odam farishta?  Er-xotinning urishi — doka ro‘molning qurishi, degan gaplar qayda qoldi? Hammamiz Xudoning ojiz bandalarimiz.

O‘zimizga yarasha qusurimiz bor. Beayb — Parvardigor.

Sudyaning aytishicha, ilgari ajralishga asosan farzandsizlik, betoblik kabi tuzatish mushkul muammolar vaj bo‘lgan esa, endi tirnoqqa zorlar 10 foizdan oshmaydi. Demak, gap boshqa yoqda.

Mullaning oldiga shoshilmang

Sudyaning fikricha, ajralishga sabab bo‘ladigan har qanday oilaviy nizo tarbiyaga borib taqaladi. Gap faqat kelinning kattalarni “etarlicha” hurmat qilmasligida emas. Qaynonaning kelinga zulmi, kuyovning oila mas’uliyatini his qilmasligi — barcha-barchasi tarbiya bilan bog‘liq.

O‘z navbatida, ba’zan yoshlar turmushning achchiq-chuchuk muammolariga tayyorlanmasdan mullaning oldiga chopgani qiziq: - “Bizni nikohlab qo‘ying!”.

Ajralishga ahd qilgan oilalarning yetmish bittasida spirtli ichimliklar iste’moli va giyohvandlik sabab sifatida keltirilgan. Aslida, bu ham tarbiyaga bog‘liq. Ammo juftlik oila qurishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tadi-ku. O‘sha bangilik ko‘rikdan o‘tayotganida aniqlanmagani achinarli.

Nihoyat, oilaviy kelishmovchiliklarning katta qismi zamonaviy axborot texnologiyalari — telefonlar, ijtimoiy tarmoqlarga borib taqalmoqda. Er tasodifan xotinining suratini ijtimoiy tarmoqda ko‘rib qolib, rashk o‘tida yonadi va ajrashish uchun sudga ariza ko‘tarib keladi. Internet, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishning me’yori, etikasi dolzarblashmoqda.

Sen meni yomon deding

Xo‘p, oilani yarashtirishning iloji bo‘lmadi ham deylik. Endi ularning taqdiri qanday kechadi? Ayniqsa, yolg‘iz ayol  jamiyatga moslasha oladimi?

Tuzukroq ma’lumoti, kasb-hunari bo‘lsa-ku, bir kunini ko‘rib ketar. Aksincha bo‘lsa-chi? Ajralib, kelinlik uyidan haydalgan, “qiz bola — birovning  xasmi” deb na durustroq o‘qitgan, na kasb-hunar o‘rgatgan ota-onasining uyiga sig‘adimi?

Ota-onasi o‘tib ketgan bo‘lsa-chi? Ajrashgan ayol farzandlari bilan qayoqqa boradi? Qanday kun ko‘radi? Sobiq erining faqat rasmiy daromadidan umid qiladigani — ikki-uch so‘m aliment bilan to‘kis yashash mumkinmi? Mardikorlikka chiqadimi? Fahsh yo‘liga kiradimi?

Qarangki, ajrashish uchun ariza berganlarning 1164 nafari ayollar bo‘lsa, 1865 da’vogar — erkaklar. Ko‘z ochib ko‘rganidan ayrilgan “yaxshi”sini topa oladimi? Umuman, farzandini tirik yetimlikka giriftor qilgan ota-ona tinch-xotirjam, huzur-xalovatda yashay oladimi?

Balo-qazo

Ko‘pchilik oilalardagi ajrashishlarni moddiy qiyinchilikka taqashni hush ko‘radi. Ammo statistika buni rad etadi. Ajralishga ahd qilgan oilaning faqat 5 foizdan ziyodrog‘i ana shu muammoni asos qilib ko‘rsatgan. Asosiy ajrimlar, to‘qchilik, xiyonat, kamsitish, sudya aytganidek, tarbiyasizlikka borib taqaladi.

Keling, xulosa chiqarishga shoshilmaylik-da, yana bir raqamga e’tibor beraylik. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga qaraganda, 2016 yili oilaviy ajralishga  96,7 foiz kishi o‘zining salbiy munosabatini bildirgan bo‘lsa, 2018 yili bu raqam 70 foizgacha pasaygan.

Boshqacha qilib aytganda, ikki yil ichida qariyb 30 foiz fuqaro o‘z juftidan ajralishni odatiy hol deb tushunish darajasigacha “etgan”! “O‘sish” shu holda davom etsa, yana ikki yildan keyin oilalarimizning ahvoli ne kechadi? O‘n, yigirma yildan keyin-chi? Oilaviy ajralishlar 85-90 foizga yetgan g‘arb davlatlaridan ham o‘tib ketmaymizmi?

Darvoqe, masalaning asl sababi ham  shunda — g‘arbga ko‘r-ko‘rona taqlidda. Biz sevib tomosha qilishga mahkum etilgan g‘arbona seriallarda. O‘z nomi bilan ataydigan bo‘lsak, “Umumiy madaniyat” deb atalmish balo-qazoda!..

Suyak suradi

Sudga qaytaylik. Sudyaning pandu nasihatini eshitib, U.Sanayevning shashti pasaydi. Manglayini siladi.

  1. Norov gapini davom ettirdi: — Siz bugun arzimagan gap-so‘z, kelishmovchilik dastidan ajralishni da’vo qilyapsiz. Uch-to‘rt kun o‘tgach, kuyovingiz qizingiz bilan ajralishni istaydi. O‘g‘illaringiz kelinlaringiz bilan... Yomon odat suyak suradi... Fuqaro o‘rnidan qo‘zg‘aldi: - “Tur, xotin, uyga ketdik!..”

Zalda yengil kulgu ko‘tarildi.

Sudya yengil tin oldi.

Yana bir oila saqlab qolindi.

О программе Қобилжон Атаханов

Смотрите также

Sudyalar-korpusini-ochiq-va-shaffoflikda-shakllantirish-1

Sudyalar korpusini ochiq va shaffoflikda shakllantirish

Asosiy vazifamiz – ochiq va shaffof tanlov asosida sudyalar korpusini eng malakali va mas’uliyatli sudyalardan …

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *