Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » SUD - HUQUQ » Odillik tantanasi

Odillik tantanasi

Chetdan qarab, kimnidir ayblash oson. Lekin sud-huquq tizimida fuqaroni ayblash jiddiy masala. Buni mazkur sohaning ichida yurgan odam yaxshi tushunadi. Ayblanayotgan shaxsning xatti-harakatlarida jinoyat tarkibi bor yoki yo'qligini sinchiklab tekshirmasdan yuzaki taxminlarga tayanib, uni jinoiy javobgarlikka tortishdan yomoni yo'q.

Agar shunday adolatsizlik tadbirkorga nisbatan amalga oshirilgan bo'lsa-chi? Bu holat bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, himoyalash yo'lida amalga oshirilayotgan ishlar, ko'rilayotgan choralarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik tug'dirmaydimi?

Odillik tantanasi

Yaqinda jinoyat ishlari bo'yicha Parkent tumani sudida navbatdagi oqlov hukmi chiqarildi. Ma'lum bo'lishicha, sudlanuvchi Hasan Mahkamov Bekobod shahrida qonuniy ro'yxatdan o'tib, yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug'ullangan.

Uning do'konida 2016 yil 8 iyun kuni Bekobod shahar Davlat soliq inspektsiyasi tomonidan tekshiruv o'tkaziladi. Tekshirish jarayonida do'konda iste'molchilarning hayoti yoki sog'lig'i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlar, aniqrog'i besh turdagi salqin ichimliklar borligi aniqlanadi.

Tekshiruvchilar mahsulotlarni olib ketishayotganida tadbirkorga tuzilgan dalolatnomaga imzo qo'yib berishini talab qilishadi. U esa tekshirish avvalida "nazorat xaridi" amalga oshirilmagani va hech kimga mahsulot sotmagani to'g'risida dalolatnomaga yozib qo'yadi.

Tekshiruvchilar negadir tadbirkorga faqatgina DSB xodimi S. Sh. dan tashqari boshqa hech kimning imzosi yo'q bo'lgan dalolatnomani berishadi. Bekobod shahar DSENM 2016 yil 20 iyun kuni Hasan Mahkamovdan ashyoviy dalil sifatida olingan yaroqlilik muddati o'tgan 5 turdagi yaxna ichimlik "Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to'g'risida"gi qonunning 14-moddasiga asosan iste'molga yaroqsiz hisoblanadi va realizatsiya qilish ta'qiqlanadi", degan xulosa beradi.

Shundan so'ng tadbirkorga nisbatan jinoyat kodeksi 186-moddasi 1-qismiga muvofiq jinoyat ishi qo'zg'atiladi. Jinoyat ishlari bo'yicha Bekobod shahar sudi iste'molchilarning hayoti yoki sog'lig'i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o'tkazish maqsadini ko'zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o'tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko'rsatish jinoyatida ayblab, unga nisbatan olti oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlash to'g'risida hukm chiqaradi.

Bu hukmdan norozi bo'lgan tadbirkor adolat istab, kassatsiya instantsiyasi sudiga shikoyat arizasini yozadi. Mazkur kassatsiya instantsiya sudining 2017 yil 4 iyuldagi ajrimiga ko'ra jinoyat ishlari bo'yicha Parkent tuman sudiga ishni sinchikovlik bilan har tomonlama holisona o'rganib chiqish uchun yuboriladi.

Sud majlislarida sudlanuvchi hamda guvohlarning ko'rsatmalari, jinoyat ishi hujjatlari har tomonlama adolatli va xolis o'rganib chiqildi. Jinoyat ishlari bo'yicha Parkent tumani sudi Hasan Mahkamovni jinoyat sodir etishda aybsiz deb hisoblab, reabilitatsiya qilishni lozim topdi.

Shu o'rinda savol tug'iladi: Xo'sh, tadbirkor nima uchun oqlandi? Sud tadbirkorning ayblilik masalasini muhokama qilib, dastlabki tergov organi tomonidan asossiz ayblanganini aniqladi. Sud tergovi davomida jinoyat ishi xujjatlari sinchkovlik bilan o'rganilganda, Bekobod shahar DSENM tomonidan 2016 yil 20 iyunda tuzilgan va Bekobod shahar DSENM bosh vrachi Sh. Tojiboev tomonidan imzolangan xulosada, 5 turdagi yaxna ichimliklar iste'molga yaroqsiz hisoblanib, realizatsiya qilish ta'qiqlangani ko'rsatilgan bo'lsa-da, ammo ularning haqiqatda iste'molchilarning hayoti yoki sog'lig'i xavfsizligi talablariga javob bermasligi o'z ifodasini topmagan.

Bundan tashqari, "Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to'g'risida"gi qonunning 14-moddasida yaroqlilik muddati o'tgan mahsulotlarni realizatsiya qilishga yo'l qo'ymaslik ko'rsatilgan. Biroq yaroqlilik muddati tugagan mahsulotlarni iste'molchilarning hayoti va sog'lig'i xavfsizligi talablariga javob bermasligi qayd etilmagan.

Ushbu qonunning 2-moddasida "Oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati (foydalanish muddati) - bu muddat davomida oziq-ovqat mahsulotini saqlash, tashish, realizatsiya qilish chog'ida xavfsizlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilgan taqdirda u foydalanishga yaroqli bo'lib turadi, bu muddat tamom bo'lganidan keyin esa mahsulot odamlar hayoti va salomatligi uchun xavfli bo'lib qolishi mumkin" deya belgilangan.

Demak, qonunning mazmuniga ko'ra, oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati o'tishi odamlar hayoti va sog'lig'i uchun haqiqiy xavf tug'dirishini ko'rsatmaydi. Ushbu masalani aniqlash uchun esa sudga oid kimyoviy ekspertiza o'tkazish bilan oydinlik kiritish lozim. Bekobod shahar davlat sanitariya epidimiologiya nazorat markazi laboratoriyasida tahlillarni o'tkazish uchun texnik baza etarli bo'lsa-da, negadir ushbu 5 turdagi yaroqlilik muddati o'tgan yaxna ichimliklar kimyoviy ekspertizadan o'tkazilmagan.

Jinoyat Protsessual Kodeksining 173-moddasi 2-qismida "Ish uchun ahamiyatga molik boshqa holatlarni aniqlashda ham, agar buning uchun maxsus bilimlarni qo'llash zarur bo'lsa va bu holatlar isbotlashning boshqa vositalari bilan puxta aniqlanmagan bo'lsa, ekspertiza o'tkazilishi shart" deb ko'rsatilgan.

Bordiyu, tegishli ekspert xulosasi bilan bunday mahsulot tarkibida odamlar hayoti va salomatligi uchun real xavf tug'diradigan elementlar yoki zaharli moddalar aniqlangan hamda o'zining muayyan xossasi yoki belgisiga ko'ra inson hayoti yoki sog'lig'i uchun real xavf tug'dirishiga oydinlik kiritilganida, Hasan Mahkamovni ayblash asosli bo'lar edi.

Bundan tashqari, Jinoyat Protsessual Kodeksining 463-moddasida "Ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo'lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi.

Ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo'yicha barcha mumkin bo'lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma'lum bo'lib qolgan barcha kam-ko'stni to'ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig'ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim" ligi ko'rsatilgan.

Afsuski, dastlabki tergov organi tomonidan bunday harakatlar amalga oshirilmagan. Bundan tashqari, ish bo'yicha daliliy ashyo deb e'tirof etilgan hamda "Bekobodgo'shtsutsavdo" MChJ omborxonasiga vaqtinchalik saqlash uchun topshirilgan 12 042 500 so'mlik 5 turdagi yaroqlilik muddati o'tgan salqin ichimliklar Bekobod shahar sud ijrochilari bo'limi tomonidan 2017 yil 15 martda yo'q qilib yuborilgan va hozirgi kunda ushbu harakatlarni amalga oshirishning imkoni yo'q.

Jinoyat Protsessual Kodeksining 23-moddasida "Aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo'lsa, sud ishi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim.

Qonun qo'llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak" ekanligi haqida tushuntirish berilgan. Sud, mazkur qonun talablari hamda ish holatlaridan kelib chiqib, jinoyat ishi materiallarida mavjud bo'lgan dalillar bilan sudlanuvchi Hasan Mahkamovning aybi o'z tasdig'ini topmagan deb hisobladi.

Sudlanuvchi Hasan Mahkamovni jinoyat sodir etganlikda aybsiz deb topib, uning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli Jinoyat Protsessual Kodeksining 83-moddasi 2-qismiga asosan uni reabilitatsiya qilishni lozim topdi.

Prezidentimizning tadbirkorlik faoliyatiga katta e'tibor qaratayotgani bejiz emas. Buning zamirida iqtisodiy o'sish, pirovardida xalqimiz daromadini oshirishdek ezgu maqsadlar mujassam. Shunday ekan, tadbirkorga nisbatan asossiz jinoiy ish ochib, sarson qilishda nafaqat bir shaxs, balki u ish bilan ta'minlagan fuqarolarga ham bir qancha muammolar tug'ilishini hech qachon unutmaslik kerak.

О программе Қобилжон Атаханов

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *