Последние новости
Домой » YANGILIKLAR » SUD - HUQUQ » Oliy sud raisi chyekka bir tumanda qabul o'tkazdi

Oliy sud raisi chyekka bir tumanda qabul o'tkazdi

 Unda 58 nafar fuqaroning murojaati tinglandi Qo'shrabot tumanida mish-mish tar­qaldi: — Oliy sud raisi tumanimizga kelib, qabul o'tkazarmish, odamlarning dardini eshitarmish... Lekin bu gaplarga birov ishonib, birov ishonmadi.

— Bo'lmagan gap, birorta sudya kelsa kerak-da, endi kimsan Oliy sudning raisi Qo'shrabotdek bir chekka tumanga kelarmidi, deganlar ko'p bo'ldi. Ayrimlar «Shu gapga ishonib bo'ladimi, Oliy sud raisi uzoq bir tumanga kelganini shu choqqacha kim ko'rgan? — dedi.

Oliy sud raisi chyekka bir tumanda qabul o'tkazdi

Aslida esa bu xabar mish-mish emas, haqiqat edi. Hozir Oliy sud rahbariyati respublikamizning chekka-chekka tumanlarida bo'lib, ko'chma qabullar o'tkazishni yo'lga qo'ymoqda. Ammo odamlarning ishonmasligiga ham asos bor.

Birinchidan, ular shu paytgacha bunaqa qabulni ko'rishmagan. Ikkinchidan, Oliy sud rahbariyatining ko'chma qabul o'tkazishi dunyo tajribasida ham yo'q. O'zbekiston Oliy sudi raisining shaxsan o'zi eng uzoq tumanlarda bo'lib, odamlarni qabul qilishi mamlakatimiz aholisi uchun ham yangilik.

Samarqandning eng uzoq tumani, hududi dashtu dalalardan iborat, qishloqlari bir-biridan ancha olisda joylashgan Qo'shrabotda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov tuman aholisi uchun sayyor qabul o'tkazdi.

Qabul tuman markazining so'lim maskanlaridan biri, ajoyib bog'da tashkil etildiki, u erda Oliy sud raisiga murojaat qiluvchilarning erkin kirib-chiqishlari, tadbir qatnashchilarining Oliy sud raisi fikrlarini tinglashlari uchun qulay imkoniyat yaratilgan edi.

Tadbir avvalida rais yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada qabul qilinayotgan farmon va qarorlarning mazmun-mohiyati xususida batafsil to'xtaldi. 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish bo'yicha belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish maqsadida qilinayotgan ishlar to'g'risida ma'lumot berdi.

Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 21 oktyabrdagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Farmoni ahamiyati haqida gapirib berdi. Ushbu Farmon sud hokimiyatining mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta'minlash, shuningdek, odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud-huquq tizimini isloh qilishda davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlarini belgilab berganligini aytdi.

— Sudda kimdir yutadi, kimdir yutqazadi, — dedi K. Komilov. — Albatta, yutgan odam sudning adolatli bo'lganini gapirsa, yutqazgan buning aksini aytadi. Shu bois lozim darajada sud jarayonlarining shaffofligini ta'minlash maqsadida videokonferentsiya, audioyozuv va onlayn usullaridan foydalanishga harakat qilinmoqda.

Ushbu qabulda biz — jur­nalist­lar ham ishtirok etdik. Ochig'i, qabulga kelganlar ko'p edi. Ular orasida bosh­qa tumanlardan kelganlar, hatto, qo'shni Navoiy viloyati vakillari ham bor edi. Qabulga bir otaxon kirdi. Yuz-ko'zidan asabiylashayotgani, nimadandir qattiq noroziligi ko'rinib turardi. Masala oilaviy mojaro bo'lgani sababli otaxon kimligini yozishni lozim topmadik.

Rais uning gapini diqqat bilan tingladi. So'ngra, huquqiy maslahatlar berdi. Masalaning hal etish tartibini tushuntirdi. Otaxonning yuzlari yorishdi. Qabuldan mamnun bo'lib chiqayotgan 50 yoshlar atrofidagi fuqaroni savolga tutamiz:

— Qanday masala bo'yicha murojaat qildingiz va javob sizni qoniqtirdimi? — Men Abdumannon Ernazarovman. Qo'shrabot tumanining Qo'shtam­g'ali mahallasida yashayman, deya o'zini tanishtirdi u. – Akam Ochil Ernazarov 40 yildan buyon Urgut tumanidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanar edi. Yaqinda u kishini uyga butunlay qaytarishdi. Hozir yoshi 60 dan oshgan. Ammo birorta hujjati yo'q. Unga tug'ilganlik to'g'risida guvohnoma olish uchun idorama-idora, arxivma-arxiv yurib, charchadim. Qabulda bu muammo bo'yicha ma'muriy sudga murojaat qilishim kerakligi tushuntirildi va ishim hal bo'lishini aytdi. Juda xursand bo'ldim.

— Fuqarolik ishlari bo'yicha Tayloq tumanlararo sudi va viloyat sudining qaroriga nisbatan nazorat tartibida shikoyat arizasi bilan murojaat qildim, — deydi fuqaro Renata Galieva. – Mutaxassislar menga hujjatlarni ilovalari bilan to'liq topshirish haqida tushuncha berishdi. Albatta diqqat bilan ko'rib chiqamiz, deyishdi.

Yana bir fuqaro Feruza Nazar­qulova o'ziga berilgan huquqiy maslahatdan qoniqish hosil qilganini aytdi. Uni anchadan buyon hovli-joy masalasi qiynab kelgan. Oliy sud raisi masala tez kunda qonun doirasida ko'rib chiqilishini bildirdi. Qabulda Oliy sud raisi va sudya­lar tomonidan aholining 58 murojaati eshitilib, 21 murojaat bo'yicha huquqiy maslahat hamda tushuncha berildi. O'rganish talab etiladigan 37 murojaatning ko'rib chiqish muddati belgilandi.

Endi o'ylab ko'raylik, qabulda bo'lgan shuncha odam Oliy sud raisiga dardini aytish uchun necha yuz kilometr yo'l bosib, respublika poytaxti – Toshkent shahriga borib kelishi, qabuliga yozilib, bir necha kun navbat kutishi kerak edi. Vaqt, xarajatdan tashqari asabbuzarlikni aytmaysizmi?

Oliy sud tomonidan yo'lga qo'yilgan bunday qabullar odamlarni ortiqcha tashvishdan, ortiqcha xarajatdan qut­qazayapti. Eng muhimi, odamlarning sud tizimiga bo'lgan ishonchini, hurmatini oshirayapti. Sud raisi ham fuqarolar dardini sudyalardan emas, balki ularning o'zidan eshitmoqda.

Bunday qabullar o'z navbatida raisga sud-huquq ­islohotlari joylarda qanday amalga oshayotgani, odamlar huquqlari qanday himoya qilinayotgani to'g'risida aniq ma'lumot beradi.

О программе Қобилжон Атаханов

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *